Қўшимча функционаллар
-
Тунги кўриниш
O‘zbekiston fuqarolari uchun BAAga kirish qoidalari
O‘zbekiston fuqarolari BAAda 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin. Pasportga muhr aeroportning o‘zida, mamlakatga kirishda qo‘yiladi va buning uchun hech qanday turistik to’lov olinmaydi. Biroq vizasiz rejim avtomatik ravishda mamlakatga kiritilishni kafolatlamaydi chunki yakuniy qarorni chegara nazorati xizmati qabul qiladi. Ushbu qo‘llanmada safardan oldin tayyorlab qo‘yish kerak bo‘lgan barcha muhim ma’lumotlar jamlangan: hujjatlar va bank kartalaridan tortib, avtomobil ijarasi hamda chegaradan muammosiz o‘tish bo‘yicha tavsiyalargacha.
BAA uchun viza kerakmi
O‘zbekiston fuqarolariga BAAga turistik yoki tranzit safar qilish uchun xorijga chiqish pasportining o‘zi yetarli va viza talab qilinmaydi. BAA aeroportlarining o’zida pasportga 30 kunlik kirish muhri hech qanday to’lovlarsiz qo’yib beriladi.
Agar safar 30 kundan uzoq davom etsa, yoki ish, o‘qish yoxud biznes bilan bog‘liq bo‘lsa, vizani oldindan rasmiylashtirish kerak bo‘ladi. Buni aviakompaniya, turagentlik yoki ish beruvchi orqali amalga oshirish mumkin.
Mavjud vizalar:
● 30 yoki 60 kunlik turistik viza,
● ishchi viza,
● talaba vizasi,
● oilaviy viza.
Uzoq muddat yashashni rejalashtirganlar uchun Green Visa (frilans ishlovchilar va malakali mutaxassislar uchun) hamda investorlar, tadbirkorlar va noyob kasbiy ko‘nikmaga ega mutaxassislar uchun mo‘ljallangan 10 yillik Golden Visa mavjud. Har bir viza turi bo‘yicha talab va shartlar u.ae portalida e’lon qilinadi.
BAAdagi barcha uzoq muddatli rezidentlik maqomlari oxir-oqibat Emirates ID olishni taqozo qiladi. Bu BAA rezidentining asosiy hujjati hisoblanadi.
Chegara nazorati tizimida nimalar o‘zgargan?
O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim saqlanib qolgan va turistlarning aksariyati BAAga muammosiz kiradi. Ammo so‘nggi yillarda chegara nazorati sezilarli darajada kuchaygan.
Quyidagi holatlarda pasport nazoratida qo‘shimcha savollar berilishi mumkin:
● BAAga ilk bor uchayotgan bo‘lsangiz,
● oldingi xorij safarlari tarixi bo‘lmasa,
● yolg‘iz sayohat qilayotgan bo‘lsangiz,
● mehmonxona broningiz yoki aniq safar rejangiz bo‘lmasa.
Chegaradan muammosiz o‘tish uchun mehmonxona bronini, qaytish aviachiptasini oldindan tayyorlab qo‘yish va safar maqsadini qisqacha tushuntirishga tayyor bo‘lish tavsiya etiladi. Odatda savollar standart bo‘ladi, shuning uchun xotirjam va aniq javob berishning o’zi kifoya.
Agar kirishga rad javobi berilsa, BAAning boshqa aeroporti orqali qayta kirishga urinish yordam bermaydi, negaki mamlakatda yagona ma’lumotlar bazasi ishlaydi.
BAAga kirishda qanday hujjatlar kerak
Chegara nazoratida nafaqat safar maqsadi, balki kerakli hujjatlar ham tekshiriladi. Quyidagilarni oldindan tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi:
● Xorijga chiqish pasporti. Kirish sanasidan boshlab kamida 6 oy amal qilishi kerak.
● Tibbiy sug‘urta. Abu-Dabi va Sharjaning rasmiy turizm portallarida barcha turistlar tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lishi shartligi ko‘rsatilgan. Uni safardan oldin rasmiylashtirish tavsiya etiladi. Narx esa safar muddati va sug‘urta qamroviga bog‘liq.
● Haydovchilik guvohnomasi. Agar avtomobil ijaraga olmoqchi bo‘lsangiz kerak bo‘ladi. O‘zbekiston milliy haydovchilik guvohnomasi mos keladi.
Bola bilan kirishda qanday hujjatlar kerak
Standart hujjatlarga qo‘shimcha ravishda yana bir nechta talab mavjud.
Har bir bolaning alohida xorijga chiqish pasporti bo‘lishi kerak. Agar bola ota-onasining pasportiga kiritilgan bo‘lsa-yu, ammo o‘zining alohida pasportiga ega bo‘lmasa, mamlakatga kiritilmasligi mumkin.
Agar bola ota-onasisiz yoki qonuniy vakili bo‘lmagan boshqa katta yoshli shaxs bilan (masalan, buvisi, murabbiy yoki boshqa hamroh bilan) safar qilayotgan bo‘lsa, chet elga chiqish uchun notarial tasdiqlangan ruxsatnoma talab qilinadi.

Agar bola va unga hamrohlik qilayotgan ota-onaning familiyasi turlicha bo‘lsa, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning ingliz tilidagi notarial tasdiqlangan tarjimasini oldindan tayyorlab qo‘yish tavsiya etiladi. Bu chegarada qarindoshlikni tasdiqlash uchun kerak.
BAAda to‘lov qanday amalga oshiriladi
O‘zbekistondagi barcha bank kartalari xorijda ishlamaydi, shu sabab to‘lov masalasini oldindan hal qilib qo‘yish muhim.
● O‘zbekiston banklarining Visa va Mastercard kartalari - Eng qulay va ishonchli variant. Do‘kon, restoran, mehmonxona va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida keng qabul qilinadi. Safardan oldin bankingizdan xalqaro to‘lovlar va limitlar faolligini aniqlashtirib oling.
● UzCard / UnionPay kobeydjing kartalari - Zaxira variant sifatida ishlatish mumkin. UnionPay tarmog‘i keng tarqalgan, ammo Visa va Mastercard darajasida emas. Safardan oldin xalqaro to‘lov funksiyasi yoqilganini tekshirish kerak.
● Naqd dollar - Hamma joyda qabul qilinadi. Dollarni aeroportda yoki shahardagi ayirboshlash shoxobchalarida dirhamga almashtirish mumkin. Shahardagi kurs odatda aeroportdagidan afzalroq bo‘ladi.
Mobil aloqa va internet qanday ishlaydi
BAAda qonunchilikka ko‘ra WhatsApp, Telegram, Viber va FaceTime orqali ovozli hamda videoqo‘ng‘iroqlar bloklangan. Matnli xabarlar esa odatdagidek ishlaydi. Internet orqali qo‘ng‘iroq qilish uchun rasmiy ravishda asosan BOTIM ilovasiga ruxsat berilgan.
Aloqa masalasini hal qilishning bir necha yo‘li mavjud.

Botim ilovasi
Turist SIM-kartasi aeroportda
Eng oddiy variant. Mahalliy operatorlar bo’lgan Etisalat va Du Dubay, Abu-Dabi va Sharja aeroportlarining kelish zonasida turist SIM-kartalarini sotadi. Xarid uchun pasportning o’zi kifoya.

2025-yil boshidagi taxminiy tariflar: 2–4 GB internet va 30 daqiqa mahalliy qo‘ng‘iroqlarni o‘z ichiga olgan 28 kunlik paket taxminan 49 dirham (~13 dollar), 10 GB internet va 60 daqiqali paket esa 99 dirham (~27 dollar) atrofida turadi. Ba’zan pasport nazoratida 1 sutkaga mo‘ljallangan bepul 1 GB internetli SIM ham beriladi.
eSIM
eSIM’ni safardan oldin uyda turib ham ulash mumkin. Masalan, Atto ilovasi orqali BAA uchun tarif tanlanadi, xizmat to‘lanadi va aktivatsiya uchun QR-kod olinadi. Keyin telefon sozlamalarida QR-kodni skanerlab eSIM o‘rnatiladi. Internet BAAga yetib borgach darhol ishlay boshlaydi. eSIM’ni qo‘llab-quvvatlaydigan smartfonlar uchun juda qulay variant. Narx va trafik hajmi tarifga qarab o‘zgaradi, ammo odatda roumingdan arzonroq tushadi.
O‘zbekiston operatorlarining roumingi
Ishlaydi, ammo mahalliy variantlarga qaraganda ancha qimmat. Favqulodda qo‘ng‘iroqlar uchun mos, asosiy internet uchun esa mahalliy SIM yoki eSIM ishlatgan ma’qul. Rouming tariflari operatorga qarab farq qiladi, shuning uchun safardan oldin operatoringiz bilan aniqlashtirib oling.
BAAda ayrim servislar yuklab olish uchun mavjud bo‘lmasligi mumkin.
BAAda amal qiladigan muhim qoidalar
BAAda qonunlar juda qat’iy va ular turistlarga ham mahalliy aholi kabi bir xil tatbiq etiladi.
● Alkogol faqat litsenziyaga ega joylarda — barlar, litsenziyali restoranlar va mehmonxona hududida ruxsat etiladi. Jamoat joylarida ichish yoki mast holda ko‘chaga chiqish qonunga binoan jazolanadi.
● Jamoat joylarida kiyim yelka va tizzani yopib turishi kerak. Bu savdo markazlari, davlat idoralari va ko‘chalarga taalluqli. Plyaj va basseynda bunday cheklov yo‘q.
● Davlat binolari, harbiy obyektlar va politsiya bo‘limlarini suratga olish taqiqlanadi. Odamlarni ruxsatsiz suratga olish ham mumkin emas.
● Erkak va ayol o‘rtasidagi ommaviy yaqinlik namoyishlari cheklangan. Ko‘chada quchoqlashish va o‘pishish qonun buzilishi hisoblanishi mumkin.
● Ijtimoiy tarmoqlarda BAA hukumatini tanqid qiluvchi yoki jamoat tartibiga zid postlar muammoga sabab bo‘lishi mumkin.
Qonun va qoidalar haqida batafsil ma’lumotni BAA hukumatining rasmiy u.ae portalidan olish mumkin.
Avtomobilni qanday ijaraga olish mumkin
BAAda moshinada yurish juda qulay: jamoat transporti hamma hududda yaxshi rivojlanmagan, taksi esa uzoq muddatli dam olishda qimmatga tushadi. Avtomobil ijarasi odatda kuniga $30–40 dan boshlanadi, biroq muhim jihatlar bor.
Kerakli hujjatlar:
● xorijga chiqish pasporti,
● milliy haydovchilik guvohnomasi,
● haydovchi nomidagi Visa yoki Mastercard bank kartasi (depozit uchun).
Bron qilish
Oldindan onlayn bron qilish odatda joyning o‘zida olishdan arzonroq bo‘ladi. Bron qilayotganda depozit miqdori, sug‘urta kiritilgani va kilometr limiti bor-yo‘qligiga e’tibor bering. Odatda oldindan to‘lov umumiy summaning 10–20 foizini tashkil qiladi.

Mashinani olish
Avtomobilni aeroportdan, ijara kompaniyasi ofisidan olish yoki mehmonxonaga yetkazib berish orqali buyurtma qilish mumkin. Shartnomani imzolashdan oldin ayniqsa franchiza (YTH holatida sizning javobgarlik summangiz) va kilometr limiti bo‘limlarini diqqat bilan o‘qing. Mashinani qabul qilishdan oldin barcha chizilgan yoki shikastlangan joylarini suratga olib qo‘yish tavsiya etiladi.
Qaytarish
Bakdagi yoqilg‘i mashina olingandagi darajada bo‘lishi kerak (odatda to‘liq bak). Mashinani kompaniya xodimi tekshiradi. Depozit darhol qaytarilmaydi — odatda 7–30 kun ichida yechib tashlanadi. Yo‘l harakati qoidalari buzilishi yoki pullik yo‘llar uchun jarimalar keyinroq ham hisoblanishi mumkin.
Esda tutish kerak bo‘lgan asosiy jihatlar
● Xorijga chiqish pasporti: amal qilish muddati kamida 6 oy bo‘lishi kerak
● Tibbiy sug‘urta: safardan oldin rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak
● Mehmonxona broni va qaytish chiptasi: chegara nazoratida ko‘rsatish uchun yoningizda bo‘lgani ma’qul
● Visa / Mastercard bank kartasi: xalqaro to‘lov limitlari yoqilgan bo‘lishi kerak
● Aloqa: eSIM yoki kerakli ilovalarni oldindan o‘rnatib qo‘yish tavsiya etiladi
● Avtomobil ijarasi rejalashtirilsa: depozit uchun haydovchi nomidagi karta kerak bo‘ladi