Hozirgi kunda Özbekistonning eng kuçli 20 nafar şaxmatçisidan olti nafari yoşlar terma jamoasi a'zolaridir.
Ular özbek şaxmatining umidi, porloq kelajagi, ta'bir joiz bölsa, oltin avlodi vakillaridir: Temur Qöyboqarov (2468 reyting bali bilan 7-örinda, 2000 yili tuğilgan), Nodirbek Abdusattorov (2467, 8-, 2004), Nodirbek Yoqubboyev (2433, 10-, 2002), Javohir Sindorov (2383, 17-, 2005), Şamsiddin Vohidov (2383, 17-, 2002) va Saidakbar Saidaliyev (2373, 20-, 2001). Ular orasida eng yoşi Javohir Sindorov şu yil dekabr oyida 12 yoşni töldiradi.
Ötgan oyda poytaxtimiz mezbonlik qilgan FIDEning 3.4-zonasi — Markaziy Osiyo çempionatida 9 imkoniyatdan 6 oçko jamğarib, 4-örinni egallagan iste'dodli yoş şaxmatçimiz xalqaro toifadagi sport ustasi normasini uçinçi marotaba bajardi.
Ta'kidlaş joizki, bu mamlakatimiz miqyosida rekord natija hisoblanadi. Taqqoslaş uçun, özbekistonlik xalqaro grossmeysterlardan Tohir Vohidov 30 (1993 yili), Mixail Saltayev 28 (1990), Saidali Yöldoşev 27 (1995), Aleksey Barsov 26 (1992), Sergey Zagrebelnyy 25 (1990), Marat Jumayev 22 (1998) yoşida xalqaro master (IM) unvoniga sazovor bölgan. Nafaqat Özbekiston, balki butun Markaziy Osiyo şaxmatçilari orasida birinçi bölib xalqaro grossmeyster darajasiga erişgan Georgiy A'zamov ham sobiq ittifoq davrida, ya'ni, 1982 yili uşbu unvonga sazovor bölganida 28 yoşda edi.
Yoş şaxmatçilarimiz dunyoning istalgan burçagida taşkil etilayotgan nufuzli turnirlarda, qit'a va jahon çempionatlarida körsatayotgan natijalar yildan-yilga yaxşilanib bormoqda. 2012 yili Nodirbek Abdusattorov, 2015 yili Şamsiddin Vohidov tengqurlari örtasida jahon çempioni böldi. Iste'dodli yoşlarimizdan Temur Qöyboqarov 16, Şamsiddin Vohidov 14, Nodirbek Abdusattorov 12 yoşida xalqaro toifadagi sport ustasi unvoniga sazovor böldi. Endi ular safiga 11 yoşli Javohir Sindorov ham qöşildi.
Aka-uka Javohir, Islombek va Humoyun Sindorovlar şaxmatda erişayotgan natijalar bugun barçamizni quvontirmoqda. Javohir va Islombek maktab öquvçilari örtasidagi jahon çempionatining bir neça karra ğoliblaridir. Endi 8 yoşni töldirgan Humoyun ham akalari izidan ğayrat bilan bormoqda.
Javohir 2005 yil 8 dekabrda Toşkent şahrida tuğilgan. Hozir Sergeli tumanidagi 300-IDUM öquvçisi.
Javohir ayni damda (1 iyul holatida) jahonning 12, 13 va 14 yoşli eng kuçli şaxmatçilari reytingining kuçli önligidan joy olib turibdi. Ya'ni, 14 yoşlilar reytingida 9-, 13 yoşlilar örtasida 7-örinni band etgan, 12 yoşlilar orasida esa jahonning 2-raqamli şaxmatçisi hisoblanadi. U yaqin kelajakda yanada baland marralarni zabt etib, özbek şaxmatining haqiqiy javohiriga aylanişiga işonamiz.
Husan Nişonov












