14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenekeyeva ko‘cha tozalashga majburan olib chiqilganda yuk mashinasi urib ketishi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.
Bu internet-nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusiga aylandi va katta rezonans keltirib chiqardi. Chunki davlatimiz rahbari o‘qituvchilar va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilishni qattiq qoralab, bu holga barham berish lozimligini bir necha karra takrorlagan edi.
Biroq hamon joylardagi hokimliklar Prezident topshirig‘ini nazar-pisand qilmasdan, obodonchilik va qishloq xo‘jaligi ishlarida o‘qituvchilar va shifokorlar mehnatidan foydalanib, ko‘zbo‘yamachilik qilib kelayotgani kishini g‘azablantiradi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida esa ana shunday vaziyatda kutilmagan fojia ro‘y berdi. Fojia ehtiyotsizlik va nohaqlik oqibatida ro‘y berganini barcha tushunib turuvdi. Lekin Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov va Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Q.Saidov imzosi bilan tarqatilgan raddiyada «O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenekeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan», deya mas'uliyatni o‘zlaridan soqit qilishmoqda.
Bu bayonotni o‘qigan fuqarolarimiz yanada junbishga kelishdi va vaziyat to‘laligicha nohaqlikka aylandi.
Shunga o‘xshash voqea 2017 yil 16 sentabr, shanba kuni Jizzax tumanida ham ro‘y bergan va paxtaga olib chiqilgan Gulzoda Tojiboyevani avtobus urib yuborishi natijasida u halok bo‘lgan edi. Maktabda yoshlar ittifoqi yetakchisi bo‘lib ishlagan G.Tojiboyevani O‘zYoI oliy ma'lumotga ega bo‘lmagani sababli ikki hafta burun ishdan bo‘shatilgani haqida raddiya e'lon qilgan edi.
Rasmiylar har ikki vaziyatda ham o‘xshash harakat qilishdi. Ya'ni, o‘qituvchilar mehnatga majburan olib chiqilmaganini, xodim o‘zi chiqqanini da'vo qilishgan.
Yaxshiyamki, samarqandlik rasmiylar Diana Yenekeyeva oliy ma'lumotga ega bo‘lmagani sababli allaqachon ishdan bo‘shatilganini yozishmadi — yo eslariga kelmagan, yo insof qilishgan.









