O‘zbekiston | 14:19 / 17.03.2018
50135
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident matbuot kotibi: Samarqanddagi fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda

Komil Allamjon. Foto: Xalqaro Press klub

2018 yil 14 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida magistral yo‘lni tozalash ishlariga jalb etilgan Diana Inikova YTH oqibatida hayotdan ko‘z yumgani xabar berilgandi. 1995 yilda tug‘ilgan Dianani Samarqand-Buxoro yo‘li o‘rtasidagi to‘siqlarni ivitilgan ohak bilan oqlayotgan vaqtda yuk mashinasi urib yuborgan. 

Ushbu xabar ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs-munozaralarni keltirib chiqadi. Xususan, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi foydalanuvchilardan biri ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonovga ham murojaat qilgan.

«Matbuot kotibiga savol: hokimlar prezident kelishidan sal oldin asosan o‘qituvchilarni katta va kichik yo‘l yoqalariga chiqarib, tozalash ishlariga «majburlaydilar». Shu to‘g‘rimi? Yoki bu kichkina masala hisoblanadimi? Bir necha kun oldin Samarqand katta ko‘chasini tozalayotgan vaqtda 23 yoshli o‘qituvchi mashina urib ketishi natijasida vafot etgan. Umuman, shu kabi «hokimlarga xos» an'ana qachon tugatiladi?» - deya murojaat qilgan K.Allamjonovga foydalanuvchi.

Prezident matbuot kotibining bildirishicha, fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda ekan.

«Bo‘lib o‘tgan hodisa albatta juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda. Natijasiga ko‘ra tegishli choralar belgilanadi. O‘z nomimdan marhumaning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etaman», - deya javob qaytargan Komil Allamjonov.

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-o‘rta maktabda boshlang‘ich sinflarga mehnat ta'limidan dars berib kelgan Diananing 1 nafar farzandi bo‘lgan. U 15 mart kuni dafn qilingan. 

Mavzuga oid