18 iyundan 19 iyunga ötar keçasi Xorazm viloyati markazi Urganç şahridagi «Urganç markaziy dehqon bozori»ning 2-blok yopiq binosida yonğin çiqdi.

Natijada, yuzlab kv.m hududda joylaşgan önlab dökonlar yonğindan zarar kördi, 50dan ortiq tadbirkorlarning mol-mulki, mahsulotlari kuyib ketdi. Yetkazilgan zarar miqdori endi aniqlanadi, dastlabki tahlillarga köra uning miqdori 2 milliard sömdan oşgan. Yonğinda jismonan jabrlanganlar yöq.

Yonğin tungi soat 2-00larda boşlangan va tongga yaqin öçirilgan. Tadbirkorlar ertalab bino içiga kiritila boşlagan. Ayni paytda ular dökonlarini, savdo rastalarini tozalab, öz mollari va jihozlarini olib çiqib ketişmoqda.

Yonğinning kelib çiqiş sababi IIB tomonidan örganilmoqda. Tadbirkorlarga yetkazilgan zararni aniqlaş maqsadida ulardan arizalar olinmoqda. 

Hodisa elektr simlarining qisqa tutaşuvi natijasida kelib çiqqani taxmin qilinmoqda. Bu haqda bir neça tadbirkorlar biz bilan bölgan suhbatda gapirib berişdi.

Ismi sir tutilişini iltimos qilgan tadbirkor ayolning aytişiça, bozor ma'muriyati tomonidan yonğin xavfsizligi qoidalari qöpol ravişda buzib kelingan. Xususan, yoz paytida noqonuniy savdo faoliyati bilan şuğullanib kelayotgan odamlarning muzlatgiçlari elektr tarmoqlariga noqonuniy ulab berilgan.

«Mening özimga bozor elektriklari bir neça marta iltimos qilişdi. «Bir odam sizning elektr hisoblagiçingizga ulanib olsin, pulini şerikçilikda tölaysizlar», dedi. Men sim erib ketadi deb rozi bölmadim, şunda, tunda kelib, dökonimga tuşgan simga ulab berişibdi», - deydi u.

Şu binoda savdo qiluvçi boşqa bir dökon egasining sözlariga köra, faqat baxtli tasodif tufayli yonğinda heç kim jismonan jabrlanmadi.

«Yonğin tunda sodir bölgan, şu tufayli heç kim jismonan jabrlanmadi. Agar kunduz kuni bölganida ahvol qanday bölişini heç kim bilmasdi. Bu bino içida noqonuniy savdo qilayotgan va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganlarning köpligi tufayli, oyoq bosgani joy qolmagandi. Hamma joy muzlatgiç va sovutgiçlar bilan tölib ketgan edi. Axir elektr simlari yoz paytidagi bunday yuklamani kötara oladimi?!», - dedi u kuyinib.

Binodagi dökonlarini aylanib körar ekanmiz, yonğin xavfsizligi qoidalariga panja ostidan qaralganini, dökonlardagi simlar oçiq holatda ekani, istalgan joyidan kesib, bir-biriga ulanganini, elektr hisoblagiçlar ustiga esa qumrilar in qurib, bola oçayotganini kördik.

Xavotirli joyi şundaki, bozor hududida xuddi şunday yana bir yopiq bino - 1-blok mavjud. U yerdagi yonğin xavfsizligi bilan boğliq vaziyat kuyib ketgan binonikidan farq qilmaydi. 

Urganç şahri Markaziy dehqon bozoridagi bu yonğin tasodif emas. U yillar davomida yiğilib kelgan muammolarning «mevasi»dir. Elektr tarmoğiga noqonuniy ulanişlar, yonğin xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslikning oqibati juda yomon bölişi mumkin. Yaxşiyamki, bugun biz faqat moddiy zararni hisoblamoqdamiz, agar öz vaqtida bu muammolar bartaraf qilinmasa, bundan ham dahşatli fojia yuz bermasligiga heç kim kafolat berolmaydi.

Nurmuhammad Said