KUN.UZ saytida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi dehqon bozori mojarosi haqida bir emas, ikki bor maqola e'lon qilindi. “Bozordagi do‘konlar tunda buzib tashlandi. Oltiariqliklar haqiqat izlaydi” hamda “O‘raga nima tushdiki, Oltiariq bozori muammosi “guldur-gup” bo‘ldi?...” sarlavhasi ostida berilgan maqolalarda dehqon bozorining buzilishi va bu jarayonda tadbirkorlarning huquqari oyoqosti bo‘lgani bayon etilgan edi.
Kuni kecha saytimizga Oltiariq tumanidan yana bir shikoyat kelib tushdi. Bu tumandagi markaziy futbol maydonining buzilishi haqida. Biz bejiz so‘zimizni Oltiariq dehqon bozori haqida boshlamadik. Boisi futbol maydoni bilan bog‘liq murojaat aynan bozor mojarosi bilan uzviy bog‘liq. Ijodiy guruhimiz tumanga yo‘l oldi va murojaatni atroflicha o‘rganib chiqdi. Dastlab bizni tuman Bolalar sport majmuasi murabbiyi Xayrullo Mirzajonov qarshi oldi.
Youtube'da ko‘rish
Mover'da ko‘rish (tas-ix)
Dastavval buzilish hududiga tushgan otalar choyxonasini ko‘zdan kechirdik. 100 yillik chinorlar, oltiariqlik yoshu keksalarning qadrdon maskani ayni buzilishga tushgan hududda joylashgan. Shundan so‘ng, murabbiy bizni futbol maydoniga boshladi.

- Ushbu o‘yingoh 1966 yilda xalq tomonidan hashar yo‘li bilan qurilgan. 2013 yilda bolalar sporti jamg‘armasi tomonidan mablag‘ ajratilib, qayta ta'mirlangan. Hozir stadionimizda barcha sharoitlar bor, u FIFA, Olimpiya standartlariga to‘liq javob beradi. Maydonning buzilishini bozor buzilishidan deb bilaman. Chunki stadionning tribunalari buzilib, ularning o‘rniga do‘kon quriladi degan gap-so‘zlar chiqyapti. Ammo bundan xalq butunlay norozi. Milliy merosimiz bo‘lgan chinorlar, otalar choyxonasi, stadion – to‘rtta do‘konni deb bizdan mana shu qadriyatlarimizni tortib olishmoqchi. Byudjyetlarida mablag‘ bo‘lsa, bozorni qurib bitkazishmaydimi, chala buzilib, vayron holda yotibdi.













