OAK raddiyasiga javob. Navbatdagi takliflar va bahsga yakun
O‘zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasining ularning faoliyati haqidagi tanqidiy fikrlarimga raddiya tarzida maqola tayyorlaganlarining o‘zi men uchun ahamiyatli. Maqolalarda bildirgan har bir fikrimga imkon qadar batafsil to‘xtalganlarini qadrlayman. Shu bilan birga o‘quvchilarda to‘liqroq tasavvur hosil bo‘lishi uchun ba'zi fikrlarimga izoh berib ketishni ham lozim topdim.
1) Mening ikki tabaqali ilmiy daraja berishning kamchiliklari borasidagi, xususan, ilmiy kengashlar, ekspertlar kengashi a'zoligiga tasdiqlanishida fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganlarga ma'lum imtiyozlar borligi haqidagi fikrimga «olimlarni ilmiy kengashlar va ekspert kengashlariga kiritish borasida hech qanday imtiyozlar mavjud emas, aksincha, ularning mas'uliyati keskin oshiriladi» deb javob berib turib, davomida aynan mening ustoz va hamkasblarim a'zo bo‘lgan ilmiy kengash va ekspertlar kengashi misol tarzida keltiriladi. Bu bilan OAK «sening hamkasblaring ham imtiyozlar orqali a'zo bo‘lgan demoqchimisan?» degan fikrni urg‘ulamoqchi bo‘ldimi, bilmadim. Vaholanki, men umumiy tendensiya haqida yozganman. Men imtiyoz deb nazarda tutganimda O‘zR VM huzuridagi OAK Rayosatining 2017 yil 31 maydagi 239/3- son qarori bilan tasdiqlangan «Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risida nizom»ni asos qilib olgandim. Bu nizomning 2-bob 6-bandida shunday deyilgan: «Fan doktori (DSc) ilmiy darajasni beruvchi ilmiy kengash har bir ixtisosligining tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha kamida 5 nafar fan doktori kiritiladi. Istisno tariqasida, Ilmiy kengash ilmiy kotibi sifatida faol ilmiy faoliyat borayotgan va katta ilmiy-amaliy tajribaga ega bo‘lgan fan nomzodi yoxud falsafa doktori (PhD) yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassis kiritilishi mumkin. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash tarkibiga Ilmiy kengash har bir ixtisosligining tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha kamida 5 nafar ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassis kiritiladi. Bunda fan doktorlari soni Ilmiy kengash a'zolarining yarmidan kam bo‘lmasligi lozim». Menimcha, bu talablarni bemalol fan doktorlari uchun imtiyoz sifatida talqin qilsa bo‘ladi.
2) Dissertatsiya mavzulariga qo‘yilgan cheklovlar haqida yozgan e'tirozlarimga qarshi o‘laroq, OAK tomonidan hech qanday texnik cheklovlar o‘rnatilmagani, mavzu o‘zgartirish jarayoni texnik jarayoni soddalashtirilgani, yakuniy mavzu tadqiqot boshidayoq OAK bazasiga kiritilmasa, takroriy va parallel mavzular paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi tushuntirishlar (asoslashlar) berilgan. Men mana shu qismda aniq dalillar keltira olmasligim sababidan (aynan shunday muammoga duch kelganlar rasmiy ko‘rsatma berishdan bosh tortadi) bu cheklovlar OAK tomonidan qo‘yilgan demoqchi bo‘lganim uchun uzr so‘rashim mumkin. «Dardimizni aytibsiz» deganlardan ham o‘z vaqtida uzr so‘rab qo‘yishimga to‘g‘ri keladi. Lekin real vaziyat bu bilan o‘zgarib qolmaydi (balki bundan keyin o‘zgarar). Endi amaldagi jarayon OAK ko‘zda tutgan maqsadga javob beradimi, degan savolga javob izlasak. OAK veb-saytida ro‘yxatga olingan mavzular bazasini topmaysiz. Ularning bir qismi OAK Byulletenining pdf-fayllari ko‘rinishida bor, xolos. OAK ta'kidlagan takroriy va parallel mavzular bo‘lmasligi uchun endi talabgorlar byulletenning barcha sonlarini tekshirib chiqishi kerak bo‘ladi. Men esa taklifimda OAKda shunday mavzular bazasi bo‘lsin, talabgorlar kalit so‘zlar bilan ro‘yxatdan o‘tgan mavzularni topishi oson bo‘lishini nazarda tutgandim. Umuman, mavzuga texnik cheklov qo‘yiilmasa, ularning ustma-ust tushib qolishi amrimahol. Buning uchun yaxshilab harakat qilish kerak bo‘ladi. Darvoqe, talabgorlar dissertatsiya mavzulari OAK ro‘yxatida bo‘lmasa malakaviy imtihonlarni yaqingacha ham topshira olmasdi. Javobda «to‘rtinchidan» degan punktda shunga urg‘u berilgan. Endi mavzu OTM yoki ITI ilmiy kengashida tasdiqlangan bo‘lsa bo‘ldi ekan. E'tirof etaman, katta yengillik.
3) Javobda avtoreferat va dissertatsiyaga qo‘yilgan cheklovlar borasidagi fikrlarim ham to‘liq inkor qilingan, mavjud talablar asosligini isbotlashga harakat qilingan. To‘rtta punktdan iborat asoslarda bu cheklovlar dissertantlarga hech qanday cheklovlar keltirib chiqarmasligi, ularda direktiv hujjatlarning keltirilishi esa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni hal etish yuzasidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar mavjudligini ko‘rsatarkan. Shu joyida endi tasavvur qiling (aslida shunga o‘xshash holat reallikda yuz berdi ham) matematika bo‘yicha dissertatsiyada «Prezidentning falon farmoni, Vazirlar Mahkamasining piston qarorida ko‘rsatib o‘tilgan vazifalarni hal etish yuzasidan yuqori tartibli differensial tenglamalar uchun chegaraviy masalalarning bir qiymatli yechilish bo‘yicha falon-falon natijalar olindi» degan gapni o‘qigan chet ellik hamkasb qay ahvolga tushadi? Ishonmaganlar bunday talab oqibatlari qanday bo‘lganini yaqin yillarda himoya qilganlarning avtoreferatlarini olib o‘qib ko‘rib bilib olasizlar.
Avtoreferatning birinchi qismidagi ma'lumot dissertatsiyaning kirish qismida aynan takrorlanishi dissertantlarga hech qanday cheklov olib kelmaydi, degan ta'kid ham aksariyat hollarda asosli emas. Avtoreferat hajmiga qat'iy cheklov bo‘lgani bois, kirish qismida ma'lumot qisqaroq beriladi, lekin dissertatsiyaning kirish qismida bunday ma'lumotlar batafsilroq berilishiga cheklov bo‘lishi maqsadga muvofiq emas.
4) OAK tomonidan tasdiqlangan ilmiy jurnallar ro‘yxati bo‘yicha raddiyada «Ro‘yxat OTM, ITM va boshqa tashkilotlar tavsiyasi asosida shakllantiriladi», deb yozilgan va bu ro‘yxat muntazam ravishda yangilanib borilishi ta'kidlangan. Shu o‘rinda, yangilanish chastotasi mazkur yildan boshlab o‘zgarishni boshladi, ungacha yilda bir marotaba yangilanardi. Ro‘yxatda raddiyada ta'kidlanganidek, 43ta ilmiy bazaga kirgan jurnallardan tashqaridagi jurnallar kiritilishi maqsadga muvofiqligini aytgandim, hozirgi ro‘yxatda bu bazalarga kirgan jurnallar yana alohida kiritilgan. Bunday keraksiz takrorlarni OAK berilgan tavsiyalarni yuqoridagi bazalar asosida tekshirib keyin yakuniy ro‘yxatni tasdiqlashini nazarda tutgandim. Amaldagi ro‘yxatdan shunday takrorlarning bir nechtasini topish mumkin. Misol uchun, «Ukrainskiy fizicheskiy jurnal» SCIMAGO bazasida bo‘lgani holda 51-raqam bilan ro‘yxatga kiritilgan va bunday misollar ko‘p. Mas'uliyatni boshqalarga o‘tkazishdan ko‘ra, kamchilikni tan olib qo‘ygan yaxshiroq, asosiysi, foydaliroq bo‘ladi.
5) OAK saytidan ilmiy daraja va unvonlar haqida ma'lumotlarni osonroq topish bo‘yicha bildirilgan fikrga OAK sayti shunday qulayliklarga egaligi, qolaversa, yaqinda sayt yangilanishi va saytga OAK byulletenining barcha sonlari yuklanishi aytib o‘tilgan. Men nazarda tutgan sayt mukammalroq, kamida uchta tildagi versiyaga ega bo‘lishi va ma'lumotlarni pdf-fayllardan emas, balki bevosita bazalardan olish imkoni bo‘lishi haqida edi. Lekin podadan oldin chang chiqarmaylikda, OAK saytining yangi versiyasi shunday imkoniyatlarni o‘z ichiga olishini kutaylik.
6) Maqolamda asosiy deb hisoblaganim ikki tabaqali ilmiy daraja berishdan bir tabaqalikka o‘tish kerak degan fikrimga qarshi raddiyada qiziq fakt keltirilgan. Unda «Misol tariqasida, Angliya ta'lim vaziri Jastina Grinning intervyusini keltirish mumkin. Unga ko‘ra, bugungi kunda Angliyada umumiy o‘rta ta'lim sohasida islohotlar yakuniga yetkazilib, uning natijalariga ijobiy baho berilgan. Endi, jumladan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim ikki pog‘onali tizimini joriy etish yuzasidan fikr bildirilgan», deyiladi. Holbuki, bu ma'lumot yolg‘onligini mana bu havoladan bilib olsangiz bo‘ladi. Oxirgi 2 yilda ilmiy daraja olganlarning sonini keltirish bilan nima demoqchi bo‘linganini tushunish qiyin. Oldingi bir tabaqali tizim ko‘pchilik uchun to‘siq bo‘lgani hech kimga sir emas. Lekin u bir tabaqali tizim dunyoda muqobili yo‘q, o‘zimizga xos gibrid tizim edi. Men bir tabaqali tizimga o‘taylik deganimda dunyoning aksariyat mamlakatlarida amalda bo‘lgan va o‘z samaradorligini ko‘rsatgan tizimni nazarda tutganman. Ikki tabaqali tizimdan qayta bir tabaqalikka o‘tishimiz oson kechmas, lekin bu zaruriy qadam deb hisoblayman. Ikki tabaqali tizim amal qilayotgan mamlakatlar soni va rivojlanganlik darajasiga bir nazar tashlaylikda, keyin o‘zimizga xulosa qilaylik.
7) Raddiyada O‘zA bir nechta yo‘nalish bo‘yicha ilmiy maqolalar nashr qiluvchi ilmiy jurnal sifatida OAK ro‘yxatiga qo‘shilganiga bir necha sabablar keltirilgan. Lekin to‘g‘risi, savollarimga javob sifatida berilgan bu ma'lumotlardan qoniqmadim. O‘zA agentligining «Ilm-fan» bo‘limi tahririyati haqida ma'lumot yo‘q, 8ta tilda hamma ruknlar ham to‘lig‘icha nashr etilmasligi, yetakchi olimlarning taqrizlari qanday olinishi haqida hech gap yo‘q. O‘zA kelgan ilmiy maqolalarni shuncha yo‘nalishda obektiv taqrizdan o‘tkazishga qanchalik imkoniyatli? Yetakchi olim deb fan doktori ilmiy darajasiga ega olimni tushunamizmi, agar shunday bo‘lsa talabgor birorta shunday mutaxassis tavsiyasi bilan kelsa maqola nashr etilaveradimi?
Xullas, yana savollar ko‘p. O‘zAning ilmiy nashr sifatida e'tirof etilishini turli yo‘llar bilan asoslashga harakat qilmaylik, ilmiy maqolalar ixtisoslashgan jurnallarda chop etilgani ma'qul ko‘rinadi. Balki, axborot agentligida ilmiy maqolalar nashr etilishi va bu rasmiy tarzda tan olinishini yo‘lga qo‘ygan jahondagi birinchi davlat bo‘lganimiz bilan faxrlanishimiz kerakdir? Bu ilmni ommalashtirish tomon qo‘yilgan muhim qadam deb hisoblash kerakdir, balki. Mana bu skrinshot bunga yaqqol misol bo‘ladi. Futbol xabariga qiziqqan muxlisning ko‘zi beixtiyor filologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya himoyasiga tushib, bu jarayonda ishtirok etgisi kelib qolar? Buning nimasi yomon?
Dissertatsiya himoyasi haqidagi e'lonni saytlarda nashr etishni balki qisqartirish kerakdir. Dissertantga ortiqcha 80 ming yoki 100 ming so‘m ortiqcha sarflashdan nima ma'no bor? Bu talabni ham OAK olib borayotgan optimallashtirish jarayonida olib tashlash mumkin bo‘lar.
8) Raddiya oxirida yana takliflarim bo‘lsa ilmiy kengashda muhokama qilish imkoniyati taqdim qilingani quvonarli hol, albatta. Ayni paytda Belgiyaning Gent universitetida ilmiy safarda bo‘lganim bois, bu imkoniyatdan foydalana olmayman. Shu o‘rinda, men ham yana bir taklif bilan chiqmoqchiman. Ilm-fan sohasiga mas'ul bo‘lganlardan sohadagi real vaziyatni bilish, kamchiliklarni ochiqlash, soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan sabablarni aniqlash uchun tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda so‘rovnoma tuzilsa va bu so‘rovnoma anonim tarzda o‘tkazilsa, natijalar tahlili uchun turli mutasaddi tashkilotlar (Innovatsiya vazirligi, Fanlar akademiyasi, OAK, oliy ta'lim vazirligi)ning vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Soha odamlari oshkora aytolmayotgan muammolarini shunday so‘rovnomada aks ettirgan bo‘lishardi.
Polemikaga aylanib ketgan bu bahsni shu yerda to‘xtatish niyatidaman. Ilm sohasidagi ustoz, hamkasblardan sohada o‘tkazilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmasliklarini iltimos qilib qolaman. Zero, ertangi faoliyatimiz bugungi islohotlarga bevosita bog‘liqdir.
Erkin Karimov,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matematika instituti katta ilmiy xodimi
Tavsiya etamiz
Osiyo kubogi g‘oliblari tantanali kutib olindi - foto
Sport | 23:22 / 21.04.2025
“Gentra – qorong‘ilik timsoli” – Mirshakar Fayzulloyev
O‘zbekiston | 19:25 / 20.04.2025
AQShda bir oy ichida minglab talabalarning vizalari bekor qilindi
Jahon | 23:47 / 18.04.2025
Toshkent viloyatidagi ba’zi yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 80 km/soatgacha cheklandi
O‘zbekiston | 23:28 / 18.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandga keldi
O‘zbekiston | 23:20 / 22.04.2025
-
Qozog‘istonda ota-onasi qaramog‘isiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat | 23:14 / 22.04.2025
-
NASA zondi noodatiy shaklga ega asteroid suratlarini uzatdi
Jahon | 23:01 / 22.04.2025
-
AQSh London muzokaralarida Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishni taklif qiladi - WP
Jahon | 22:46 / 22.04.2025
Mavzuga oid

18:21 / 21.06.2022
Oliy attestatsiya komissiyasi sayti hakerlar hujumiga uchradi

11:23 / 09.08.2021
«Nashr et yoki yo‘q bo‘l» - O‘zbekistonda sifatsiz «olimlar» ko‘payishi omillari

13:06 / 31.05.2021
Oliy attestatsiya komissiyasi ilmiy tadqiqotchilarni shubhali ilmiy jurnallardan ogohlantirdi

20:14 / 11.04.2021