Majburiy mehnat... Zamonaviy dunyoni qiynab kelayotgan og‘riqli mavzu. Majburiy mehnat zanjirining qullikdan ko‘p ham farqi yo‘q. Kishanlar va qamchilar bilan dahshat soluvchi qullik emas, balki chiroyli ko‘rinishga ega, jilmayib turgan, ikkiyuzlamachilikka asoslangan qullik.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda majburiy mehnatni tugatish borasida shiddatli siyosat olib borildi. Bu borada turli qonun hujjatlari imzolandi. Bu borada amalga oshirilgan eng so‘nggi katta ishlardan biri bu – mamlakat prezidenti joriy yilning 25 iyun kuni «Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunga imzo chekishidir.

Qolaversa, shu yili AQSh Mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar «qora ro‘yxati»dan chiqardi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) 2018 yil O‘zbekistonda talaba, o‘qituvchi, vrach va hamshiralar paxtaga mutlaqo jalb etilmaganini qayd etgan.

Yuqoridagi ma'lumotlar O‘zbekistonda majburiy mehnat batamom tugaganini anglatadimi? Afsuski, ayrim holatlar bu savolning javobini ochiq qoldirmoqda.

Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan navbatdagi murojaat Namangan viloyatidan keldi. Unda aytilishicha, mazkur viloyatning Kosonsoy tumanida joylashgan 54ta maktab o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb etilgan. Ya'ni, joriy yilning 29 iyun kuni o‘qituvchilar mazkur tumandagi Namuna qishlog‘i yaqinidagi anhor bo‘yida beton quyishgan.

«Tuman XTB mudiri va hokimiyat vakillari bizni nazorat qilishdi. Prezidentning majburiy mehnat to‘g‘risidagi farmoni buzilaveradimi? Adolat qani bu yerda? Bilamiz, bu maqola chiqqach XTB mudiri gap eshitadi, chunki u ham hokimiyatning buyrug‘ini bajarmoqda, hammasi tepadan bo‘lyapti», - deyiladi murojaatda.