«Avtotest Report» MChJ yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to‘xtatmoqda. «Avtotest» jamoasi Kun.uz’ga O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan murojaatni taqdim etdi.
«Avtotest» yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to‘xtatadi.
Biz jamoamiz bilan shu qarorga keldik. Bizning bosh maqsadimiz pul ishlash emasligini, bizda qadriyatlar boshqa ekanligini shu bilan namoyon etmoqchimiz. Biz odamlardan qing‘ir yo‘l bilan pul ishlashdan yiroqmiz.
Boshqa avtomaktablardan farqli o‘laroq «Avtotest» kompaniyasi paydo bo‘lganidan beri hali biror marta daromad olgani yo‘q. Hamma topilgan daromad faqat va faqat rivojlanishga, yangi zamonaviy maktablar barpo etish, dasturlar, yangi texnologiyalar yaratishga yo‘naltirildi. Bor kuch va mehnat asosiy bosh g‘oya — odamlar o‘limini kamaytirish, yo‘llarda tartib bo‘lishini ta'minlash va ushbu sohaning rivojlanishi uchun sarf etildi.
«Avtotest» bizning farzandimiz. Biz unga bor yuragimiz va mehrimizni berdik.
O‘tgan davr mobaynida bizni har ko‘yga solishdi. Yo‘llarda mashinalarimizni to‘sib kulgi qilishdi. Endi bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang.
Tan olish kerak, bugun ko‘chada ahvol juda yomon. Internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda minglab odamlar yo‘l-transport hodisalari oqibatida vafot etgani haqida ma'lumotlar chiqadi. Lekin biror odam bunga qayg‘urganini, xuddi «Avtotest»ni muhokama qilganidek muhokama qilganini ko‘rmadik.
Bizda qadriyatlar boshqa. Bizda tahsil olganlarning birontasi ta'lim sifatiga, metodiga, yaratilgan sharoitga e'tiroz bildira olmadi, hech bir o‘quvchi shikoyat qilmadi, qilolmaydi ham. Chunki biz xalq xizmati uchun jonimizni berib harakat qildik. Shu orqali biror bir inson hayotini saqlashga hissa qo‘shgan bo‘lsak, yo‘llarda bizning bitiruvchilarimiz ozgina bo‘lsa-da tartibli harakatlanayotgan bo‘lsa, shuning o‘zi bizga katta baxt. Bizning yutug‘imiz mana shu.
Hurmatli yurtdoshlar! Biz, «Avtotest» jamoasi barchangizga minnatdorchilik bildirgan holda, shuni ma'lum qilmoqchimiz: «Avtotest» kompaniyasi yuridik shaxslar haydovchilarini o‘qitish faoliyatini to‘xtatadi. Ro‘yxatga olish jarayoni va barcha mavjud shartnomaviy majburiyatlarni amalga oshirish uchun bir oz vaqt kerak bo‘ladi. Biz tahqirlardan charchadik.
Biz endilikda faqat haydovchilarni tayyorlash, metodika va qo‘llanmalar yaratish bilan shug‘ullanamiz. Iltimos, «Avtotest» nomini yomonotliq qilishni bas qiling. U bizning farzandimiz, uni xafa qildirib qo‘ymaymiz. Yo‘llardagi holat, sotib olingan haydovchilik guvohnomalari va bu ishni qilgan, qilayotgan haydovchilar, ma'sul xodimlarga qarshi kurashishga, minglab o‘limlarning oldini olish kurashishga da'vat qilamiz. E'tiboringiz uchun yana bir bor rahmat»















