O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi 1 avgustdan e'tiboran yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilar har ikki yilda «Avtotest Report» MChJda malaka oshirishlari kerakligi to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha tushuntirish berdi.
Tushuntirishda fuqarolar yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar faqatgina «Avtotest Report» MChJda malaka oshirishdan norozi ekani qayd etilgan. Bundan tashqari, malaka oshirish talabini barcha yuridik shaxslarga emas, balki yuk va yo‘lovchilarni tashish faoliyatini olib boruvchi yuridik shaxslarga tatbiq etish lozimligi ilgari surilmoqda.
Mazkur xabarlar yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi quyidagilarni bildirdi.
«Avtotransport vositalaridan foydalanish jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash, haydovchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya etish bo‘yicha javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevralida «Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 139-son qarori qabul qilingan. Mazkur qarorning:
- 1-bandiga ko‘ra, 2018 yil 1 avgustdan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasi oshirish faoliyati davlat ta'lim muassasalari, shuningdek, nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi;
- 3-bandiga ko‘ra, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar, avtotransport vositalarini qisqa muddatli ijara (prokat) va lizing asosida boshqarayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va boshqa jismoniy shaxslardan tashqari — ikki yilda bir marta malaka oshirishdan o‘tishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Mazkur qarorning 2-ilovasi bilan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimida ta'lim jarayonini takomillashtirish va o‘qitishning zamonaviy usullarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2015 yil 30 apreldagi 106-son qarori 2-bandning ikkinchi xatboshi chiqarib tashlangan.
Ya'ni, «Avtotest Report» MChJ va unga tegishli bo‘lgan tashkilotlarning yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqaradigan shaxslar (haydovchilar) malakasini oshirish faoliyatini yuritish bo‘yicha alohida huquqi bekor qilingan.















