Jamiyat | 18:10 / 30.10.2019
4851
3 daqiqa o‘qiladi

«Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Triple degree dasturini joriy qildi

Ma'lumki, 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e'lon qilingan edi. Yil doirasida madaniyat, san'at, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda yuzdan ortiq tadbirlar o‘tkazildi. 2019 yilni O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb e'lon qilinishi ushbu jarayonning mantiqiy davomi bo‘ldi. Bu o‘z navbatida ikki qardosh xalq o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2019 yilning 30 oktabr kuni «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining Rivojlantirish va strategik masalalar bo‘yicha birinchi prorektori A. Akbarov Qozog‘istonning Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanga tashrif buyurdi.

Anjuman doirasida Putra universiteti (Malayziya) bilan hamkorlikda qo‘shma IT fakultet tashkil qilish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Ushbu fakultet turizm sohasida yangi axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashning muhimligi va dolzarbligini anglagan ikki tomon rahbarlarining qarori bilan tashkil qilindi.

Axborot texnologiyalari – milliy ishlab chiqarish raqobatbardoshligini yuksaltirish va yangilash, innovatsion faoliyatni rivojlantirishning eng kuchli tomoni hisoblanadi. Ularning yetakchi davlatlar YaIMga qo‘shgan hissasi tinimsiz o‘smoqda.  

Anjumanning eng ahamiyatli – sensatsion fursati Osiyoning yetakchi OTMi sanalmish Silkway International University (Qozog‘iston), Middle East University (Iordaniya) va University Putra Malaysia (Malayziya) universitetlari bilan hamkorlikdagi TRIPLE DEGREE dasturining imzolanishi bo‘ldi. Bu universitetlarimizning istiqbolli va yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi qadami bo‘ldi.

Ushbu kelishuv universitetimiz talabalariga to‘rt yil ichida birato‘la uchta bakalavr diplomi va ma'lum mutaxassislik bo‘yicha professional sertifikat olish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar yetishtirish masalasining yechimi bo‘la oladi.

Birinchi prorektor A. Akbarov o‘z chiqishlarida ushbu dastur boshlang‘ich loyiha ekanligini nazarda tutib, turizm sohasidagi ta'limning xalqarolashtiruviga zamin yaratadi. Shuningdek, u turizm sohasidagi OTM hamkorligining muhimligini ham ta'kidlab, ushbu kelishuv «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetini dunyoga olib chiqishiga ishonch bildirdi. 

Xulosa qilib aytish mumkinki, «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti vaqtni ilgarilab ketdi. O‘tgan ikki yil mobaynida universitet O‘zbekiston oliy ta'lim sohasida bir qator yangiliklar, innovatsiyalar yaratishga muvaffaq bo‘ldi.  Va O‘zbekistonda birinchi bo‘lib TRIPLE DEGREE dasturini joriy qilishda ham birinchilikni qo‘lga kiritdi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid