Vazirlar, hokimlar va boshqa amaldorlar yana Senatda (fotoreportaj)
Oliy Majlis Senatining bugun, 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 24-yalpi majlisi yakunlandi. 19 ta masala muhokama qilingan yig‘ilish Senatning veb sayti, YouTube va Facebook`dagi kanallarida onlayn rejimida translatsiya qilib borildi.
Yalpi majlis Senat raisi Tanzila Norboyevaning kirish so‘zi bilan boshlandi. Senat raisi rahbarlarning xalq uchun ochiqligi, jamiyatning barcha sohalarida ochiqlik – bugungi kun talabi ekanini aytib, bundan boshqa yo‘l yo‘qligi, shu sababli bunga ko‘nikib, ishni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta'kidladi.
Tanzila Norboyeva, shuningdek, rahbarlarning avvalgi yopiqligi, odamlar bilan, ayniqsa, OAV vakillari bilan muloqotga chiqmasligini qoraladi. Uning aytishicha, rahbarlar xalqimiz bilan, jurnalistlarimiz bilan muloqot qilishni odat qilishi, muomala madaniyatiga, etika qoidalariga qat'iy amal qilishi zarur.
Shundan so‘ng “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu borada Hukumat a'zolarining ma'ruzalari tinglandi, senatorlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Jumladan, Senat raisi Bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga murojaat qilib, davlat dasturlari uchun mahalliy budjet mablag‘i yetish-yetmasligini so‘radi.
Majlisda, O‘zbekistonning asosiy tashqi qarzi OTB, Jahon banki, Xitoy va Yaponiya hissasiga to‘g‘ri kelishi, kelgusi yildan maktablar va bog‘chalarda ish haqi respublika budjetidan moliyalashtirilishi, 2020 yildan boshlab mobil aloqa uchun aksiz solig‘i miqdori aholi sonidan kelib chiqib qayta taqsimlanishi ma'lum qilindi. Muhokamalardan so‘ng Senat 2020 yil uchun davlat budjetini ma'qulladi.
Shu kuni senatorlar 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yilning III choragi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini tinglashdi.
Yig‘ilishda senatorlar iste'mol savatchasi va yashash darajasinining minumumini belgilash borasidagi ishlar yuzasidan ma'lumot berilishini so‘rashdi. Iqtisodiyot va sanoat vaziri iste'mol savatchasi hajmini aniqlash va uning asosida yashash darajasining minimumini belgilash yuzasidan tegishli metodologiya ishlab chiqilgan. Hozir ushbu metodologiya test rejimida bir qator viloyatlarda, xususan, Farg‘ona, Toshkentda test rejimida amalga oshirilayotgani, iste'mol savatchasiga taxminan 50ta oziq-ovqat mahsuloti kiritilishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala Samarqand viloyatining Samarqand shahri va Samarqand tumani, Surxondaryo viloyati tarkibida Bandixon tumanining tashkil etilishi munosabati bilan Qiziriq, Boysun va Qumqo‘rg‘on tumanlari chegaralariga o‘zgartirish kiritilishiga bag‘ishlandi. Mazkur masalaga bag‘ishlangan qonunlar senatorlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.
Senatning 24-yalpi majlisida Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Shuhrat Abbosov va Rahmatilla Orziqulov senatorlar o‘rtasidagi ovoz berish jarayonida Oliy sud sudyasi lavozimiga saylangan. Oliy sudning ikki nafar sudyasi boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimidan ozod qilindi.
Senatorlar arzon uy-joylar qurish, aholini elektr va tabiiy gaz bilan ta'minlash jarayonidagi muammolar, davlat bojxona xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va Toshkent viloyati chegara postlari faoliyatini o‘rganish natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborishga qaror qilishdi.
Yalpi majlisda “Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi, “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibining takomillashtirilgani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Bankrotlik to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Tadbirkorlik sub'yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetining 2019 yil xarajatlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilindi.
Kun.uz fotomuxbiri Muhammadjon G‘aniyev O‘zbekiston parlament yuqori palatasi 24-yalpi majlisidan fotolavhalarni taqdim etadi.
Mavzuga oid
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024