O‘zbekiston | 16:42 / 30.11.2019
60350
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshkent-Samarqand» yo‘nalishidagi pulli yo‘l qurilishi nega cho‘zilib ketganiga izoh berildi

Elyor G‘aniyev / Foto: KUN.UZ

Senator Sharifjon Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Elyor G‘aniyevdan xorijlik hamkorlar bilan birga amalga oshirilishi aytilgan “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishidagi pulli yo‘l qurilishi qaysi bosqichda ekani, nega ushbu loyihani amalga oshirish cho‘zilib ketgani haqida so‘radi.

“Toshkent – Samarqand” yo‘lini qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Bu yo‘l pulli bo‘lishi kerak. Ammo quruvchilar foydalanuvchilardan undiriladigan haqni juda katta belgilashyapti. Bu bizga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ayni paytda bu borada o‘nga yaqin loyihalarni o‘rganib chiqyapmiz”, deya Elyor G‘aniyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, dastavval “Toshkent — Samarqand” pullik yo‘li qurilishi Turkiyaning “Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.S”, “KaneH” va “Komm” kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi, loyiha 2019 yilning IV choragida boshlanishi va 2021 yil yakunida foydalanishga topshirilishi ma'lum qilingandi.

Keyinchalik ushbu loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilayotgani, bu loyiha ham 2019 yil oxirigacha taqdim etilishi, pulli yo‘llar qurilgan taqdirda ham bepul yo‘llar qolishi xabar qilindi.

Transport vazirligining yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Qoraboyev “Toshkent-Samarqand” yo‘li YeTTB tenderi ko‘magida amalga oshirilayotgani, bu tizim O‘zbekiston uchun yangilik bo‘lgani sababli sinchiklab o‘rganilib, loyiha hujjatlari ishlab chiqilayotganini aytgan edi.

Mavzuga oid