Yangi pasport, propiska va fuqarolik olishdagi hujjatbozliklar – mutasaddilar bilan suhbat
So‘nggi yillarda Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish organlari faoliyatida qator o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Bu o‘zgarishlarni migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida elektron navbat tizimi joriy etilgani, fuqarolar uchun chet elga chiqish pasportlari berish tizimi osonlashgani, chet elga chiqishda so‘raladigan ortiqcha hujjatbozliklarning kamayganida ham ko‘rish mumkin.
Kun.uz tizimdagi o‘zgarishlar, propiska masalasi va boshqa savollarga javob olish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhamedov bilan suhbat tashkil qildi.
«Farrux Dadaxo‘jayevning tanqidlari o‘tmish uchun to‘g‘ri edi»

Suhbat avvalida Doniyor Toshxo‘jayevdan bir muddat avval Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayevning «pasport stol»larning kriminallashib ketgani va fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati qoniqarli emasligi borasidagi bayonoti bo‘yicha fikrlarini so‘radik.
— Farrux Saidahmedovichning tizim haqidagi fikrlari bilan tanishib chiqdim. «Pasport stol»lardagi pulga xizmat ko‘rsatishlar, navbatlar va boshqa noroziliklar bo‘yicha aytgan gaplari barchasi to‘g‘ri. Faqat bu u kishining o‘zi aytganiday «pasport stol»lar, ya'ni, o‘tmish uchun to‘g‘ri edi.
Hozir Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi va uning bo‘limlarida katta o‘zgarishlar qilingan.
To‘g‘ri, men korrupsiya umuman yo‘qoldi, biz yaxshi ishlayapmiz, deb aytolmayman. Korrupsiyaning qandaydir elementlari hamon tizimda saqlanib qolmoqda, lekin ko‘plab yangiliklar qilinmoqda.
Masalan, prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning fevral oyida ichki ishlar idoralarida yig‘ilib qolgan muammolar va ularning yechimlariga qaratilgan videoselektor o‘tkazdi. Unda prezident sohadagi muammolar bilan birga yana bir fikrni aytdi: «Men tizimdagi barcha sohada sizlarga sharoit qilib beraman va keyin ishni talab qilaman». Haqiqatdan ham, shundan keyin tizimga juda katta e'tibor qaratilmoqda.
Hozirgi vaqtda Tergov departamentining o‘z depozit hisob raqami va unda o‘z pulimiz bor. Shu orqali boshqalardan pul so‘rab yurmayapmiz.
2018 yilda vazirimiz Po‘lat Bobojonovning prezident adminstratsiyasiga kiritgan taklifi bo‘yicha, ichki ishlar organidagi vazir o‘rinbosarlari va joylardagi boshqarma boshliqlarining o‘rinbosarlari tizimdagi turli yo‘nalishlarga (kurator) rahbar qilib belgilandi. Ular endilikda o‘sha yo‘nalish nazoratini ham olib borishmoqda.
O‘sha taklifda migratsiya xizmatini Tergov boshqarmasi rahbariga topshirish hamda buni birinchi bo‘lib Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazib ko‘rish aytilgandi. Bunda Tergov boshqarmasiga migratsiya tizimdagi muammolarni o‘rganish, ularga yechim topish, umuman olganda fuqarolarni rozi qilish vazifasi qo‘yildi.
Men sizga o‘rganishlar davomida aniqlangan bir nechta muammolarni aytaman.
Birinchi muammo – tumandagi rahbarlarning o‘zida. Bunda har qanday masala bilan kelgan fuqaro albatta rahbardan imzo qo‘ydirishi kerak bo‘lgan. U propiska bo‘ladimi, viza, biometrik pasport, umuman, barcha masalada. Bu rahbarlar doim o‘z xonasida o‘tirgan va istasa fuqarolarni ishini hal qilgan, istasa yo‘q. Istagan fuqaro bilan xonasida istaganicha o‘tirgan. Bittagina imzo bilan ishi bitadigan fuqarolar esa soatlab navbat kutgan, rahbarning esa bu bilan ishi bo‘lmagan.
Biz shuning uchun Toshkent shahridagi barcha migratsiya rahbarlarini o‘z xonasidan tashqariga, xollarga chiqardik. Ular endilikda o‘z faoliyatini ma'lumotlar burchagi, barcha fuqarolarga ko‘rinib turadigan joyda olib boradi. Fuqaroning masalasi eshikdan kirishi bilan rahbar yoki uning o‘rinbosari orqali hal qilinmoqda.
Ikkinchi muammo – 2011 yilda tizimda amalga kiritilgan ko‘rsatma. Bu ko‘rsatma xalq tilida «18-35» nomini olgan. Bu ko‘rsatmaga ko‘ra, 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayol viza rasmiylashtirishga kelganda albatta tumandagi tezkor xodimga (oper) uchrashib, ruxsat olishi kerak bo‘lgan.
Bu ruxsat olish ham ko‘plab ovoragarchilik va hujjatbozliklarni talab qilgan. Masalan, o‘rganishda shu narsa aniq bo‘ldiki, bu tezkor xodimlar aholini haftada ikki kun, seshanba va payshanba kunlari, soat 16:00dan 18:00gacha qabul qilgan. Tezkor vakilni o‘sha kunlari va o‘sha vaqtda topish ham katta muammo bo‘lgan.
Tezkor xodim murojaatchiga kamida o‘nta hujjat to‘ldirib kelishni topshirgan. Buning ichida tibbiy tekshiruv, turmush o‘rtog‘idan rozilik va boshqa kerak, kerak emas hujjatlar talab qilingan.
Bu hujjatbozliklardan maqsad ayollarni chetga fohishabozlikka chiqib ketishi va odam savdosining oldini olish bo‘lgan. Ammo tizimning ikki yillik faoliyati o‘rganilganda, xotin-qizlarning birorta ham fohishalikka ketayotgani yoki odam savdosi qurboniga aylanishi mumkin bo‘lgan holat aniqlanganini ko‘rmadik.
Biometrik pasport olmaganlar jami fuqarolarning 0,1 foiziga ham yetmaydi

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining biometrik bo‘lmagan pasportining amal qilish muddati mamlakat hududida 2019 yil 31 dekabrga qadar belgilangan.
Xo‘sh, O‘zbekistonda eski namunadagi (nobiometrik) fuqarolik pasportini yangisi (biometrik)ga almashtirmagan fuqarolar qanchani tashkil qilmoqda va ular qancha miqdorda jarima to‘lashga majbur bo‘lishadi? Savolga Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Muhamedov javob berdi.
— Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 14 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisini biometrik pasport bilan ta'minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjat talablariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolarning nobiometrik shakldagi pasporti amal qilish muddati 2018 yilning 1 iyul kuniga qadar belgilangan edi. Muddat tugashiga oz qolganida pasport olish yoshiga yetgan va O‘zbekiston Respublikasining nobiometrik shakldagi pasportiga ega bo‘lgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan ma'muriy javobgarlikka tortilishi ehtimolini nazarda tutib, aholiga imkoniyat yaratish maqsadida bu muddat 2019 yilning yakuniga qadar uzaytirilgan edi.
Biz bu borada fuqarolar bexabar qolmasligi uchun turli targ‘ibot ishlarini olib bordik. Xususan, metro, avtobuslar, migratsiya xizmatlari va boshqa jamoat joylarida e'lonlar joylashtirdik.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi davlat personallashtirish markazidan olingan ro‘yxatlarimiz bor. Bu ro‘yxatga ko‘ra, hozirda 5 000ga yaqin fuqarolar nobiometrik shakldagi pasportda qolmoqda (suhbat 2019 yil dekabr oyida yozib olingan - tahr.).
Bu holatlar ham tahlil qilib ko‘rilgan va unga ko‘ra, biometrik pasport olmagan fuqarolarning ko‘pchiligi bugungi kunda O‘zbekistonda emas. Bu raqam esa jami fuqarolarning 0,1 foiziga ham to‘g‘ri kelmaydi.
Endilikda eski namunadagi (nobiometrik) fuqarolik pasportini yangisi (biometrik)ga almashtirmagan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 223-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi (111 500 so‘m)dan uch baravari (669 000 so‘m)gacha miqdorida jarima to‘lashga majbur bo‘lishadi.
Shuningdek, biz fuqarolarning nobiometrik va chetga chiqish pasportlari olishini osonlashtirish maqsadida ikki yo‘nalishda ishlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Unga ko‘ra, avvallari fuqarolar chetga chiqish uchun hujjat olishni oylab kutgan bo‘lsa, hozirda bu muddat 10 kunni tashkil qilmoqda.
«2007 yildan 2016 yilga qadar birorta shaxs O‘zbekiston fuqaroligini ololmagan»
So‘nggi yillarda O‘zbekiston fuqaroligini olgan shaxslar soni ortib bormoqda. Bu borada oldindagi rejalar bilan qiziqdik. Doniyor Toshxo‘jayev bu borada quyidagi ma'lumotlarni keltirdi.
– O‘zbekistonda 1992 yildan 2007 yilga qadar fuqarolik olgan shaxslar soni 480 nafarni tashkil qilgan. 2007 yildan 2016 yilgacha esa birorta shaxs O‘zbekiston fuqaroligini ololmagan.
2016 yil sentyabrdan hozirga qadar 10 mingdan ziyod shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Hozirgi vaqtda yana 223 nafar shaxsga O‘zbekiston fuqarolini berish jarayoni ketyapti.
Biz hozir fuqarolik olish bo‘yicha qonunga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan chiqyapmiz. Agar bu taklif deputatlar, senatorlar va prezident tomonidan ma'qullansa, hozirgacha fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 50 foizi qarorni kutmasdan turib O‘zbekiston fuqarosi deb hisoblana boshlaydi. Ularga pasport rasmiylashtiriladi.
«Propiska tizimida katta o‘zgarish kutilmoqda»
«Propiska» deganda o‘zbekistonliklar uchun og‘riqli mavzulardan biri ko‘z oldimizga keladi. O‘zbekiston o‘z fuqarolariga propiska tizimini joriy qilgan va uni buzganlarni jarimaga tortuvchi kamdan-kam davlatlar sirasiga kiradi.
Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘zi sotib olgan uyida vaqtinchalik propiskada turib keladi. Aynan propiska sabab yaqin-yaqingacha ham ko‘plab malakali kadrlar poytaxtda ishlash imkoniyatidan mosuvo bo‘lib kelardi. Biz bu borada ko‘zda tutilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha ikkala mutasaddidan izoh so‘radik.
Doniyor Toshxo‘jayev:
– Biz ham OAVdagi aholi murojaatlari, fikrlarini o‘rganib boramiz. Bu masalani bir kunning o‘zida hal qilishning o‘zi noto‘g‘ri bo‘ladi. Masala uzoq tahlillarni talab qiladi.
Ulug‘bek Muhamedov:
– Bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska masalasi avvalo qonun bilan tartibga solingan. Bu qonunni tartibga solish esa o‘rganishlarga asoslangan. Aytib o‘tganingizdek, bu masalada murojaatlar juda ko‘p.
Nima uchun Toshkent shahriga propiska yopiq? Biroz izoh bermoqchiman. Propiska yopiq, degan ibora sal noo‘rin, deb hisoblayman. Sababi qonun bilan tartibga solingan 12ta modda bor. Unga ko‘ra, kimlar propiskaga o‘tishi belgilab berilgan.
Prezidentning 2018 yil 26 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4079-sonli qarori bilan, 2021 yildan respublika hududida personallashtirilgan ID kartalar joriy qilinadi.
Hozirda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganilmoqda. ID kartalarni kiritish chog‘ida propiska masalasini ham soddalashtirish rejalashtirilmoqda.
Doniyor Toshxo‘jayev:
– Bu masala hozirda tegishli vazirliklar tomonidan o‘rganilmoqda. Masalan, Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta'lim va boshqa vazirliklar. Ular nimani o‘rganmoqda? Deylik, biz propiskani ochib qo‘ydik. Millionlab fuqaro Toshkentga keladi va tabiiyki, davlat o‘sha fuqarolari oldidagi majburiyatlarini bajarishi kerak bo‘ladi. Ya'ni maktab o‘quvchilari maktabga, bog‘cha yoshidagilar bog‘chaga joylashishi, fuqarolar ishga joylashishi, tibbiy va boshqa xizmatlardan foydalanishi kerak. Vazirliklar esa bu borada imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Men bu o‘rganishlarning yakuniy muddatini aniq aytolmayman, lekin eng uzog‘i 2021 yilgacha, ya'ni ID kartalarga o‘tish paytida bu masala hal bo‘lgan bo‘ladi.
Ulug‘bek Muhamedov:
– Aksariyat rivojlangan davlatlarda ID kartalar tizimi amal qiladi. Pasport esa faqat xorijga chiqishda kerak bo‘ladi.
Savolni aniq berdingiz, propiska tizimi qachon bekor qilinadi? Shu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tmoqchiman, bizga propiska tizimini bekor qilish masalasi qo‘yilgan, lekin qayd qilish masalasi bor. Barcha vazirliklar imkoniyati o‘rganib chiqilgach, ID kartalar orqali fuqarolarga yengillik yaratiladi. Bu tizim orqali propiska tizimini to‘la yo‘qotish nazarda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Yozda top-klublar «talashishi» kutilayotgan 11 hujumchi
Sport | 15:30 / 01.04.2025
Konteynerni o‘quv markaziga aylantirgan vodillik talaba hikoyasi
Jamiyat | 09:03 / 01.04.2025
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zKeysServis zamonaviy servis markazlari va raqamlashtirish tizimi: Qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlashda yangi bosqich
O‘zbekiston | 19:00
-
"BMT eskirdi, xalqaro hamjamiyat muammolar oldida ojiz" - Turkiya elchisi
O‘zbekiston | 18:57
-
Rossiyada chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha yangi xizmat tashkil etildi
Jahon | 18:56
-
Van Damm Ruminiyada odam savdosiga oid jinoiy ish figurantiga aylandi
Jahon | 18:55
Mavzuga oid

13:34 / 12.02.2025
Doniyor Toshxo‘jayev 7 yilga qamaldi

12:19 / 12.02.2025
Allamjonovga suiqasdda ayblangan Javlon Yunusov 18 yilga qamaldi

18:07 / 24.11.2024
IIV tuzilmasida Doniyor Toshxo‘jayev va yana ikki mansabdor lavozimidan ozod etildi

16:49 / 29.07.2024