Jahon | 18:56 / 02.04.2025
2125
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha yangi xizmat tashkil etildi

Putinning matbuot kotibiga ko‘ra, yangi xizmatning asosiy vazifasi - migratsiya jarayonlarini tartibga solishdan iborat.

Foto: NEWS.ru / Global Look Press

Rossiyada Fuqarolik va chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha xizmat tashkil etildi. RF prezidenti Vladimir Putin bu boradagi tegishli farmonni imzoladi.

Xizmat IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarma bazasida tashkil etilmoqda, unga ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari maqomida Andrey Kikot — Novgorod oblasti sobiq prokurori, bosh prokuror Igor Krasnovning o‘rinbosari rahbarlik qiladi.

Prezident farmonida yangi tuzilmani yaratish bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlar uchun uch oy muddat ajratish belgilangan. Shuningdek, mazkur muddat ichida hukumat Fuqarolik va chet el fuqarolarini ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha xizmatni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishni ta’minlashi kerak.

RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, yangi xizmatning asosiy vazifasi — «migratsiya jarayonlarini tartibga solish va migrantlarning Rossiya qonunlariga rioya qilishini ta’minlash, shuningdek, noqonuniy faoliyatni kamaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat».

Yangi xizmat tashkil etilgan IIV Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarma 2016 yilda qisqartirilgan Federal migratsiya xizmatining funksiya va vakolatlarini olgandi. O‘z navbatida ushbu xizmat 2012 yilga qadar IIV tarkibida bo‘lgan, keyin esa bir necha yil mustaqil tuzilma sifatida faoliyat yuritgan.

2024 yil mart oyida «Krokus Siti Xoll»da yuz bergan teraktdan keyin Rossiyada migrantlarning huquqlarini cheklash kuchaydi. Xususan, Rossiyada migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishga oid yangi maxsus rejim qabul qilindi, 2025 yil 1 apreldan boshlab esa Rossiya maktablariga rus tilini bilmaydigan chet elliklarning farzandlarini qabul qilish to‘xtatildi.

Mavzuga oid