O‘zbekiston | 09:54 / 11.07.2020
38024
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 9 iyul kuni tashxis qo‘yilgan bemor olamdan o‘tdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda yana bir bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.
 
«Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi 50 yoshli R.Yu. (ayol) joriy yil 3 iyuldan 9 iyulgacha uy sharoitida davolanib yurgan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygach, 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan.
 
Unga Covid-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, ilk aniqlangan qandli diabet hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan. 

9 iyul kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli sun'iy nafas olish apparatiga ulangan.
 
Bemor bir yildan buyon onkologik kasallik bilan og‘rib kelgan.Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.
 
Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi 
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Shu tariqa O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 55taga yetdi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 31, Buxoro, Surxondaryo va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi. 

Mavzuga oid