Stenford universitetidagi Anesteziologiya va og‘riq tadqiqotlari instituti inson his qilishi mumkin bo‘lgan eng kuchli og‘riq turlari reytingini tuzishdi. Reytingga ko‘ra, uch shoxli nervning yallig‘lanishi eng kuchli og‘riq berar ekan. Bu og‘riqni his qilganlar uni 10 balli shkaladan 10 ballga baholashgan. Ayollarning aytishicha, bu og‘riq tug‘ruq vaqtidagi og‘riqdan ham kuchliroqdir.
Endilikda bemorlar ushbu kasallikdan «Chinobod Fayz Plyus» klinikasining malakali shifokorlari yordamida davolanishlari mumkin.

«Uch shoxli nerv nevralgiyasi juda kuchli og‘riq bilan kechadigan kasallik bo‘lib, bemorlarda og‘riq bir necha yillar davom etadi. Shu kungacha ushbu kasallikda biz nevrologlar tomonidan konservativ davo muolajalari olib borilar va antikonvulsantlar (karbomazepin, finlepsin) bilan cheklanar edik. Ushbu taklif etilayotgan jarrohlik uslubi farmakorezistent, ya'ni ushbu dorilar bemorga yetarli yordam bermagan holatlarda juda samarali bo‘lib, o‘zining narkozsiz, tig‘siz va tez og‘riqdan xalos etishi bilan ajralib turadi. Asosiysi, uch shoxli nerv nevralgiyasi keksa yosh bemorlarda uchragani bois, bu jarrohlik amaliyotida yoshga xos cheklovlar qo‘yilmaydi», - deya ta'kidlab o‘tdi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nevrologi Majidova Yoqutxon Nabiyevna 2019 yil 6 dekabrda o‘tkazilgan xorijiy olimlar ishtirokidagi nevrologlar respublika anjumanida. Ushbu yangi innovatsion davolash uslubi xaqida anjuman ishtirokchilariga ham batafsil ma'lumotlar berildi.

Uch shoxli nerv nevralgiyasining klinik namoyon bo‘lish belgilari
Ko‘p hollarda uch shoxli nerv nevralgiyasi tish og‘rig‘i singari namoyon bo‘ladi. Dastavval bemor tish og‘ridan shikoyat qilib stomatologlarga murojaat qiladi, vrach og‘iz bo‘shlig‘ini tekshiruvdan o‘tkazadi, lekin og‘riq davom etadi. Ayrim hollarda bemorning qistovi bilan sog‘lom tishlar ham olib tashlanadi.
Shunga qaramay og‘riq boshqa tishlarda paydo bo‘ladi. Og‘riq chidab bo‘lmas darajaga yetadi, bu xuddi bemorning yuz qismiga elektr toki urgandek namoyon bo‘ladi. Tishlarni tozalash, ovqatlanish, sovuq havo va hatto gaplashish ham og‘riqni qo‘zg‘atib yuboradi.
Bemor og‘riqlardan qo‘rqib qoladi, og‘rig‘im boshlanib qoladimi deb doim qo‘rqib turadi. Og‘riq qattiq bo‘lgan vaqtlarda bemor yuzining og‘riq bo‘layotgan qismini qattiq bosishga, og‘riqni pasaytirishga harakat qiladi.














