Umurtqa pog‘onasi disk churrasi (gryja) – bu hozirgi zamonaviy hayot tarzini kechirayotgan insonlarda juda ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri hisoblanadi. Og‘ir yuklarni ko‘tarish, kam harakat qilish va o‘tirib ishlash tarzi ko‘p hollarda disk churrasi paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi va bemorlar nevropatologlarga murojaat qiladi.
Ko‘p holatlarda konservativ davolash uslublari yaxshi samara beradi, bemorlar beldagi va oyoqlardagi og‘riqdan xalos bo‘ladi. Bemorlarda dori darmonlar, fiziomuolajalar va manual terapiya kabi davolash uslublari yetarli samara bermasa, bunday holatlarda jarrohlik uslublariga murojaat qilinadi. Jarrohlik amaliyotlari ham bemorga jarohat yetkazish darajasiga qarab bir necha xil uslublarga bo‘linadi. Bular asosan an'anaviy va bemorga kam jarohat yetkazib bajariladigan jarrohlik uslublaridir.
Albatta hozirgi kunda yuqori texnologik, bemorga kam jarohat yetkazib o‘tkaziluvchi jarrohlik uslublari butun dunyo tibbiyotida ommalashib bormoqda. Buning asosiy sababi, bemorni tezroq mehnat faoliyatiga hech qanday og‘riqlarsiz qaytarish. Ushbu maqolada sizga O‘zbekiston amaliyotida mavjud bo‘lgan zamonaviy jarrohlik uslublarining ba'zilari xaqida qisqacha ma'lumot berilgan va ularning afzalliklari sanab o‘tilgan.
1. Sovuq plazmali nukleoplastika (Xolodnoplazmennaya nukleoplastika)
Bu uslub umurtqa pog‘onasida joylashgan disk churralarini kam jarohat yetkazgan holda, xavfsiz va samarali davolashning muvaffaqiyatli uslubi ekanligini namoyon qildi. Ushbu innovatsion uslubda bemorda qon yo‘qotish, kasalxonaga yotqizish zarurati bo‘lmaydi va uzoq muddatli reablitatsiya talab etilmaydi. Uslubning mohiyati shundan iboratki, ingichka uzun igna bilan umurtqalararo joylashgan disk churrasiga yetib boriladi, igna orqali maxsus elektrod kiritiladi, elektrod uchida hosil bo‘lgan sovuq plazma yordamida diskning ichki bosimi kamaytiriladi. Bu o‘z navbatida tashqariga chiqib ketgan disk churrasini ortga qaytib, nerv to‘qimasini bosishiga barham beradi.
2. Nukleotomiya va annuloplastika
Bu uslub nisbatan kattaroq disk churralarida o‘tkaziladigan uslub bo‘lib, nukleoplastika va endoskopik jarrohlik uslublari o‘rtasidagi oraliq jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Bu uslubda nukleoplastikadan farqli ravishda kichik qisqichlar (3 mm) yordamida disk churrasi joylashgan umurtqa pog‘onasi qismidan ko‘proq qismi olishga harakat qilinadi. Maqsad disk ichki bosimini yanada ko‘proq kamaytirish va tashqariga chiqib ketgan diskni ortga qaytarishiga ko‘proq imkon yaratish.















