02:24 / 26.02.2021
7910

Spiker o‘rinbosari yangi qonun loyihasiga nisbatan xavotirlarga munosabat bildirdi

O‘zbekistonda hokimiyat vakilining talabiga bo‘ysunmaslikka da'vat qilish va yana bir nechta harakatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilanyapti. Bu esa jamoatchilik xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev bu xavotirlar «ko‘rib chiqilishi»ni aytdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev 24 fevral kuni Kun.uz'da e'lon qilingan maqolaga munosabat bildirdi.

Maqolada «Milliy tiklanish» va «Adolat» partiyasi deputatlari taklif qilayotgan yangi qonun loyihasi jurnalist va blogerlarda xavotir uyg‘otayotgani yoritilgan edi.

Spikerning axborot siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Kun.uz muxbiriga taqdim etgan munosabatda aytilishicha, deputatlar shunday qonun qabul qilishga zarurat bor, degan fikrda. Ya'ni qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilinib, loyiha ustidagi muhokamalar endi boshlangan.

«Ma'lumot o‘rnida, mazkur qonun loyihasi taklif va mulohazalar bildirish uchun 19 fevral kuni rasmiy saytimizga yuklangan.

Qonun loyihasida yolg‘onga qarshi kurashish, so‘z erkinligini hurmat qilish, turli sanksiyalanmagan da'vatlarning oldini olish va jamoatchilikka tarqatilayotgan axborotga nisbatan mas'uliyatli bo‘lishga chorlov bor, xolos. Niyat shu ekani ochiq-oydin haqiqatdir.

Jurnalist va blogerlarning qonun loyihasiga, – fikrning mazmuni va xulosalar turfaligidan qat'i nazar, – jo‘shqinlik bilan munosabat bildirgani, muhokamalar bo‘layotgani yaxshi. Qonunchilik palatasi, hususan, qonun tashabbuskorlari bu taklif va mulohazalarni, albatta, atroflicha ko‘rib chiqadi, keyingi o‘qishlarda barcha jihatlar muhokama qilinadi.

Qo‘shimcha qilib aytamanki, yaqin orada parlamentning ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan aloqalarini yanada mustahkamlash masalasida davra suhbati tashkil etamiz», – deydi Odiljon Tojiyev.

Ma'lumot uchun, o‘tgan yili Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil qilingan edi. Unga ko‘ra, Respublika kengashi parlament nazorati ostida bo‘ladi. Senat raisi Kengashga rahbarlik qiladi.

Bu kengashning vazifalaridan biri – normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga ta'siri nuqtayi nazaridan baholab borish.

Taklif qilinayotgan qonun loyihasi mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rniga bevosita ta'sir ko‘rsatishi mumkinligi inobatga olinsa, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi ham loyihaga baho berishi maqsadga muvofiq.

Mavzuga oid
Top