O‘zbekiston | 22:48 / 24.05.2021
15690
3 daqiqa o‘qiladi

OTMlarda masofaviy ta'lim shakli paydo bo‘ladi

Shu yildan boshlab, O‘zbekistondagi OTMlarda kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllari bilan birga, masofaviy shaklda ham kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

2021/22 o‘quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich masofaviy ta'lim shaklida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigida ma'lum qilindi.

«Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 137 ta oliy o‘quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir.

Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma'lumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy ta'lim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, so‘nggi 5 yilda bakalavriat bosqichida 134 ta ta'lim yo‘nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi.

Oliy ta'lim muassasalarida 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich masofaviy ta'lim shaklida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi», – deyiladi prezident tabrigida.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili yangi tahrirda qabul qilingan «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunga masofaviy va dual ta'lim shakllari ham kiritilgan edi.

  • Masofaviy ta'lim – ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, masofadan turib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida tahsil olish;
  • Dual ta'lim – ham kasbiy ta'limda o‘qib, ham o‘z yo‘nalishiga mos ishda ishlash (shu yildan boshlab kollej va texnikumlarda joriy etiladi).

Prezident o‘z tabrigida ma'lum qilishicha, maktab bitiruvchilarini oliy ta'limga qamrab olish 2030 yilda 50 foizgacha yetkazilishi reja qilingan.

«Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun bir vaqtning o‘zida 5 tagacha oliy ta'lim muassasasida tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Bitiruvchi yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga yetdi. Mazkur ko‘rsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030 yilda 50 foizga yetkazish – asosiy vazifamizdir.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng ilg‘or oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil etilayotgan Yangi O‘zbekiston universiteti ham siz, aziz yoshlarimizni joriy yildan o‘z bag‘riga chorlaydi», – degan prezident so‘nggi qo‘ng‘iroq munosabati bilan bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigida.

Mavzuga oid