Bolalar va OITS: Virus tasodiflarni yaxshi ko‘radi
OIVni qon orqali yuqtirish holatlari hatto bolalarda ham uchraydi. Bunda ayniqsa ota-onalardan jiddiy hushyorlik talab etiladi.

Odam immun tizimi tanqisligi sindromini «ko‘rinmas qotil» deb ham atashadi. Jins, irq, millat tanlamaydigan bu og‘ir sindrom ilk bor 1981 yili aniqlangan edi. 2019 yilning oxiriga kelib, butun dunyo bo‘ylab ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 75,7 millionga yetdi, ulardan 32,7 mln nafari OITS bilan bog‘liq xastaliklar tufayli vafot etgan.
Kuniga taxminan 4,7 ming kishi kasallik virusini yuqtirib olmoqda. U turli yoshdagilar, ayniqsa, 15 dan 49 yoshgacha bo‘lgan kishilar orasida ko‘p qayd etilyapti (62%).
Shuningdek, virus yuqishi natijasida OITSga chalinish holatlari bolalar orasida ham uchraydi.
OITS – odamning immun tizimini OIV (immunitet tanqisligi virusi) shikastlashi natijasida kelib chiqadigan xastalikdir. Virus qonga tushgach, dastlabki davrda kishi sog‘lig‘ida hech qanday o‘zgarish sezmaydi. Bu holat hatto 8-10 va undan ham ko‘p yillargacha davom etishi mumkin. Keyin esa klinik belgilar uzoq davom etuvchi sababsiz yo‘tal, qisqa vaqtda keskin ozish, tana harorati uzoq vaqt mobaynida sababsiz ko‘tarilishi, diareya, og‘iz bo‘shlig‘i hamda turli a'zolarning yallig‘lanishi, xavfli o‘smalar rivojlanishi bilan yuzaga chiqa boshlaydi.
Bugungi kunga qadar OIV yuqtirgan bemorni virusdan butunlay xalos qiluvchi dori topilganicha yo‘q. Jahonning ko‘plab mamlakatlarida ushbu infeksiyaga qarshi vaksina va davolovchi preparatlar yaratish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Hozircha esa faqat OIV infeksiyasini yuqtirgan bemorning umrini imkon qadar uzaytirish choralarini ko‘rish mumkin, xolos.
Buning uchun retrovirusga qarshi terapiya mavjud. Ushbu muolaja virusni to‘liq yo‘q qilolmasa-da, uning bemor organizmida ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shu o‘rinda kasallik infeksiyasi qanday yuqishi haqida ham qisqacha aytib o‘tish joiz. Virus parenteral yo‘l bilan, ya'ni qon orqali, shuningdek, jinsiy aloqa, kasallik yuqtirgan onadan vertikal yo‘l bilan homiladorlik davri (jarohatlangan yo‘ldosh orqali)da homilaga, tug‘uruq jarayoni (tug‘uruq yo‘lida ona qoni orqali)da va ona suti orqali chaqaloqqa yuqishi mumkin.
Quyida OIVni parenteral yo‘l bilan, ya'ni qon orqali yuqtirib olgan ikki yigitning hikoyasini keltirmoqchimiz.
Zero, qahramonlarimizning har bir so‘zi har bir kishini hushyorlikka chorlaydi, salomatlikni o‘z vaqtida, kech bo‘lmasidan qadrlashga va hayotni sevishga undaydi.
«7 yoshimda OIV yuqtirib olganman»
— Ha, xuddi shunday bo‘lgan. Yaratgan egam menga, hali gunoh qilib ulgurmagan go‘dakka shunday sinov yubordi. Aslida, bu qanchalar og‘ir dardligini, kelajakda hayotimga qanday ta'sir etishini u paytlar bilmaganman, tushunmaganman. Yaqinda 16 yoshga to‘laman. Ikki yil oldin hammasini anglab yetdim, nima bo‘lgandi, o‘zi, 7 yosh bola infeksiyani qayerdan yuqtirib olgandi, bu kasallikning azoblari, og‘riqlari qanday, hamma-hammasiga endi aqlim yetadi. Ming afsuski, hayotda shunaqasi ham bo‘lar ekan...
Oyimning aytishicha, 6 yoshgacha nimjon, juda ko‘p kasallanadigan bola bo‘lgan ekanman. Ota-onam 5 yasharligimdayoq ajrashib ketishgan. Onam meni yolg‘iz katta qildi, har qanday qiyinchilikka men uchun chidadi. Eslashimcha, shahardagi bolalar shifoxonalarining deyarli hammasida yotib chiqqanmiz. Meni juda ko‘p davolashgan, lekin tuzalmasdim, erta kunda kasalxonaga tushaverardik. Ilojsiz qolgan onam tabiblardan najot kutgan, «o‘lim to‘shagida yotgan bemorni ham oyoqqa turg‘azvoraman» deydigan firibgarlarga ko‘p duch kelgan.
Qo‘shni mahallada uzoq yillar bolalar shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlagan ayol bor edi. Bir kuni o‘sha ayol menga qon quyish kerakligini aytibdi. Oyim yoshligida gepatitning «V» turi bilan og‘rigani uchun qon donorini qidirgan. Keyin esa dadamni topgan va menga qon berishga uni ko‘ndirgan. Shunday qilib, hamshira xolaning uyida tomirimga dadamning qonini quyishdi. Qon quyilganidan so‘ng men yaxshi bo‘la boshladim. Kasallanmay qo‘ydim. Oradan bir yil o‘tdi. Bir kuni onam otamning giyohvand bo‘lib qolgani, og‘ir kasallikka chalingani haqida eshitib qolibdi. Bu xabar uni sarosimaga soldi, rosa asabiylashtirdi va onam meni yetaklab, shifoxonama-shifoxona yugurdi. Qonimni tekshirishdi. Afsuski, OIV tahlili ijobiy ekan. Onam bu gapga aslo ishongisi kelmasdi, meni shahardagi boshqa OITS markazlariga ham olib bordi. Hammasida bir xil javob.
Onam o‘shanda dadamni tekshiruvlardan o‘tishga majburlagan va dadamda ham natijalar ijobiy chiqqan ekan. Xullas, virus menga dadamning qonidan o‘tgan.
Bularning hammasini 14 yoshga to‘lganimda to‘liq angladim. Ungacha sog‘lig‘im haqida hech nima bilmasdim, shunchaki hammasi tabiiy tuyular, dunyodagi hamma bolalar men ichayotgan dorilarni ichishadi, deb o‘ylardim. Faqat ba'zi-ba'zida xayolimga mana bu savollar kelardi: nega oyim meni ehtiyotlayveradi? Boshqalarning onasi urishadi, hatto uradi, mening onam esa ko‘nglimga qaragani-qaragan. Boshqa bolalardan qanday farqim bor?..
Keyinchalik hammasini tushuntirgan onam mendan yig‘lab kechirim so‘radi: «Bilib-bilmay ish qildim, shifokorga bormay, tekshirtirmay qon quydirganim uchun shunday bo‘ldi, ahmoq onangni kechir, bolam», deb o‘zini aybladi. Keyin kasalligim haqida hech kimga og‘iz ochmasligimni so‘radi.
Aslida, mening tengqurlarimdan hech kam joyim yo‘q. Hamma qatori o‘qiyman, baholarim «5», ingliz tilini yaxshi bilaman. Ikki yildan beri xitoy tilini ham o‘rganyapman. Futbol o‘ynayman, xohlaganimcha yuguraman. Faqat onam ora-sira menga orzu qilishim mumkin bo‘lmagan kasblar haqida eslatib turadi. Mayli, deyman, men ham, professional sportchi bo‘lolmasman, lekin yaxshi iqtisodchi bo‘lishim mumkin-ku!
Agar kelajakda xorijga ketolsam, onamni ham olib ketish niyatim bor. Germaniyada yashab ishlamoqchiman. Keyin oilam, bolalarim bo‘lishini ham orzu qilaman. Bilmadim, bunga haqqim bormikin... Orzu qilishga qilaman-u tasavvurimda baxtim, bolalarim va ularning onasi juda ham xira ko‘rinadi.
Shu kungacha biror qizni sevib qolishni o‘zimga taqiqlab keldim, bu sevgi baxtli yakun topmasligini bilaman. Bila turib, kimnidir baxsiz qilishim to‘g‘ri emas… Baribir sizni quvontirish uchun harakat qilaman, ona! O‘qiyman, zo‘r mutaxassis bo‘laman, bilimim bilan, mehnatim bilan sizga rahmatlar olib beraman! Faqat yig‘lamang, ona...
«Virus tasodiflarni yaxshi ko‘radi...»
— 17 yoshdaman, 9 yasharligimda shifoxonada OIV yuqtirib olganman. Onamning eslashicha, o‘shanda kamqonlikning og‘ir darajasi bilan kasalxonaga tushgan ekanman. Shifokorlar zudlik bilan qon quyish kerakligini aytishgach, ota-onam menga donor qidirishgan. Tez orada shifoxonadagi ishchilardan biri menga qon beradigan bo‘ladi va uning qoni tekshirilib, donorlik qilishiga ruxsat beriladi. Shundan keyin oradan bir yil o‘tib, qayta tekshiruvga bordik. Negadir, onam mendan OITS tekshiruvi uchun ham qon olishlarini so‘radi. Chunki, menga donorlik qilgan kishi ota-onamning ko‘nglida shubha uyg‘otgan ekan. Ular doim «shu ishni bekor qildik, donorlik qilgan odamning yuzida nur yo‘q edi», deyishardi bir-birlariga. Xullas, meni tekshirishdi, natijalar ijobiy chiqdi, ya'ni OIV aniqlandi. Menga qon bergan odam ham tibbiy tahlil topshirdi va unda ham virus aniqlandi.
Ota-onam shifoxonadagilar bilan uzoq tortishishdi, holat bo‘yicha ekspertlar tayinlandi, aybdorlar qidirildi. Ammo bularning hech biri endi meni og‘ir darddan qutqara olmasdi.
Oyim juda ko‘p yig‘ladi. Unga qo‘shilib, tushunib-tushunmay men ham yig‘lardim. O‘shanda nega yig‘laganimni bilmayman, axir, yosh edim, kasallik haqida hech nima bilmasdim, bilsam ham uning nima ekaniga, oqibatlarini tasavvur qilishga aqlim yetmasdi. Hammasi ulg‘ayganimdan keyin boshlandi.
Men hayotni yomon ko‘ra boshladim, kelajagimni yo‘qqa chiqardim, o‘limimni kutib yashashga odatlandim. Nazarimda, hamma mendan o‘zini olib qochayotgandek edi, o‘zimni yolg‘iz his qilardim. Tushkunlik, umidsizlik ba'zan shunchalar qiynardiki, nega aynan men deya bor ovozim bilan baqirgim kelardi, hamma narsani urib-otsam, xumorimdan chiqaman, deb o‘ylardim.
Keyinroq bu to‘g‘ri emasligini tushunib yetdim. Va qaror qildim: kasallikni yolg‘on, o‘zimni soppa-sog‘ hisoblayman! U yo‘q, men sog‘lomman, hamma qatori odamman. Boshqalardan birgina farqim – kuniga ikki mahal dorilarni qoldirmay, kechiktirmay ichish va har uch oyda tibbiy tekshiruvlardan o‘tib turish, xolos.
Maktabda hamma tengdoshlarimdan kuchliman, deb o‘ylayman. Bundan ham kuchliroq bo‘lishga harakat qilaman, hammadan yaxshi o‘qiyman. Har doim boshqalardan kam joyim yo‘qligini, aksincha, ustunligimni isbotlash menga yoqadi. To‘g‘ri, ba'zan imkoniyatlarim cheklangani esimga tushib ketib asabiylashaman. Lekin baribir o‘zimni qo‘lga olishim kerak.
O‘tgan yili bir qizni yoqtirib qoldim, undan... birinchi bo‘sa olish imkoniyatim bor edi. Lekin bunday qilolmadim. Yuqtirib qo‘ysam-chi, deb qo‘rqdim. Tibbiyot buni inkor qiladi, to‘g‘ri, shunday bo‘lsa ham uni o‘zimdan ehtiyotladim. Har ehtimolga qarshi tavakkal qilmagan ma'qul, chunki men yaxshi bilaman, virus tasodiflarni yaxshi ko‘radi.
***
OITS – faqat tibbiyotning muammosi emas, u, eng avvalo, ijtimoiy muammo. Bu dolzarb masalaga yechim topishda jamoatchilik hushyor tortishi, jamiyatning har bir a'zosi o‘z salomatligiga e'tibor bilan qarashi juda muhim.
Har ikki qahramonimizning ham o‘zi haqidagi hikoyalaridan sezilyaptiki, OIV yuqishining oldini olish uchun oilalarda tibbiy madaniyat darajasi yuqori bo‘lishi kerak.
Kimningdir gapiga kirib, shifokor ko‘rsatmasi va nazoratisiz o‘zbilarmonlik bilan turli tibbiy muolajalarni qo‘llash mutlaqo noto‘g‘ri.
Hatto shifoxona yoki poliklinikada biror kasallik sabab davolanayotgan bemor (yoki uning yaqinlari) ham terapevtik jarayonlarga befarq bo‘lmay, o‘z salomatligi uchun o‘zi qayg‘urishi zarur. Zero, kasallikni boshidan o‘tkazgan bemor aytganidek, virus tasodiflarni yaxshi ko‘radi va u istalgan paytda, istalgan kishiga xavf sola biladi.
Shavkat Ikromov
Tavsiya etamiz
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi?
O‘zbekiston | 18:04 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
O‘sishdan to‘xtashi mumkin - mutaxassis bolalarda uyqu yetishmasligi oqibatlaridan ogohlantirdi
Jahon | 13:12 / 25.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiyada SSSRni ma’qullovchilar soni zamonaviy tarixda eng past darajaga tushdi
Jahon | 09:00
-
NATO bosh kotibi Putinga bosqinga qarshi «qaqshatkich javob» va’da qildi
Jahon | 08:50
-
«Osiyoda bo‘lsak, biz ham JChga aniq yo‘llanma olardik» -Qozog‘iston MTJ bosh murabbiyi
Sport | 08:40
-
Sanksiyalar yengillashishi yoki kuchaytirilishi Rossiyaning qadamlariga bog‘liq - AQSh Moliya vazirligi
Jahon | 08:35
Mavzuga oid

17:27 / 02.12.2024
OITVga qarshi yangi dori - deyarli 100 foiz samarali, ammo juda qimmat

23:55 / 26.11.2024
Dunyoda OIVga chalinish va undan o‘lim 12 yil ichida keskin kamaydi - tadqiqot

10:21 / 28.03.2023
Buxoroda erkaklarga OITS yuqtirgan andijonlik 21 yoshli ayol qamoqqa olindi

22:57 / 20.01.2023