O‘zbekiston | 19:15 / 23.07.2021
15685
3 daqiqa o‘qiladi

MSK: Saylovchilar tashabbuskor guruhi prezidentlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga ega emas

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ma'lum qilishicha, bu yilgi prezident saylovida faqatgina siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilgan nomzodlar qatnashishi mumkin.

«Ushbu masala YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlar bo‘yicha missiyasi tomonidan chindan ham o‘tgan prezidentlik saylovida ham, undan keyin ham bir necha marta ko‘tarilgan. Shu o‘rinda qayd etib o‘tishimiz kerakki, qonunchiligimizga ko‘ra, faqatgina siyosiy partiyalar saylov davrida O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzodlarni ilgari surish huquqiga ega.

[Kelajakda saylovchilar tashabbuskor guruhi prezidentlikka nomzod ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lishi] rejalashtirilyaptimi yoki yo‘q, bu haqda bir narsa deya olmayman. Chunki Markaziy saylov komissiyasi qonunlarning ijrosi bilangina shug‘ullanadi. Saylov kodeksi ham shu jumladan.

Albatta, kelgusida bu masalani muhokama qilishimiz mumkin. Bu boradagi kelgusi harakatlar nafaqat Markaziy saylov komissiyasiga, balki birinchi navbatda qonun chiqaruvchilarimizga bog‘liqdir», deya Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Saylovchilar tashabbuskor guruhlariga O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqi 2004 yilda berilgan edi. 2007 yilgi prezident saylovida oddiy o‘zbekistonliklar ushbu huquqdan foydalangan holda o‘zlari ishongan nomzodlarni ilgari surish imkoniga ega bo‘lishgandi. Biroq ushbu saylovdan so‘ng 2008 yilda fuqarolar guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi mustaqil nomzod sifatida prezidentlikka da'vogarlik qilish imkoniyati bekor qilindi. YeXHT buni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda boshqa xalqaro me'yorlarga zid deb hisoblaydi.

YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 2016 yilgi O‘zbekiston prezidenti saylovidan keyingi bayonotida O‘zbekistondagi huquq tizimi insonning asosiy erkinliklarini cheklashi ta'kidlangan, shu bilan birga, saylovda kuzatilgan kamchiliklar sanab o‘tilgan edi. Hisobotda saylov jarayonida OAV cheklangani va nazoratga olingani, bundan tashqari, fuqarolar guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi mustaqil nomzod sifatida prezidentlikka da'vogarlik qilish imkoniyati berilmagani kamchilik sifatida qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekistonda prezidentlik saylovlariga rasman start berildi. Saylov joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Saylovchilar prezidentlikka nomzodlar kimligini saylovga qirq besh kun qolguniga qadar bilib olishadi.

Mavzuga oid