Bu yilgi parlament saylovlari qariyb o‘tib bo‘ldi. Bir necha kundan so‘ng yana 25ta okrugda saylovlarning ikkinchi turi o‘tkaziladi va yangi parlament shakllantiriladi.

Shaxsan men, o‘zim qatnashgan Samarqand shahrida saylovlar avvalgi yillarga qaraganda birmuncha halol o‘tdi, deb hisoblayman. Bunga sabab — shahardagi ikki okrugda ham g‘olibni aniqlash ikkinchi turga qoldi. Saylov uchastkalaridan birida o‘zim kuzatgan sanoq jarayonida ham nomzodlar qariyb teng ovoz olishganiga guvoh bo‘ldim.

Albatta, bunda shaharga ko‘p sonli xorijiy kuzatuvchilar tashrif buyurgani, saylovlar mahalliy nashrlar va blogerlarning diqqat markazida turgani ham rol o‘ynadi.

Biroq hech kim chekka tumanlarda ham shunday bo‘ldi, deb ayta olmasa kerak. Keling, qishloq tumanlaridagi eng ko‘p e'tirozlar qay jihatga bo‘lganiga e'tibor qarataylik. Saylovlarning eng katta kamchiligi nimada bo‘ldi?

1. Toshkentda tug‘ilib o‘sgan, avvalgi chaqiruvda deputat bo‘lib saylangan ayrim nomzodlar tumanlarda birinchi turdayoq g‘olib bo‘lgani katta e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Chunki, odamlar o‘sha g‘olib nomzodlar tumanga borib aholi bilan biror marta ham uchrashmaganini yozishmoqda.

2. Yoki o‘sha tumanga aloqasi bo‘lmagan nomzodning o‘sha tumandagi 4 nomzoddan yaqqol ustun kelishini ham izohlab bo‘lmaydi. Bunga Chiroqchi, Beshariq, Toyloq yoki Oqdaryoda kuzatilgan holatlarni misol qilish mumkin.

Bu hol — mahalliy hokimliklarning saylovga ma'muriy-buyruqbozlik usuli bilan aralashgani haqidagi gumonlarni dastaklaydi. Eng qizig‘i, hokimlar muayyan partiyaga yon bosishayotgani yo‘q — o‘zlari qo‘llayotgan nomzodning qaysi partiyaga mansubligi ularga muhim emas.

3. Yana bir (eng katta!) muammo uchastka saylov komissiyasida ishlaganlar tomonidan ma'lum qilindi. Ularga bayonnomalarga haqiqiy holatni yozish taqiqlangan. Bayonnomalarni to‘ldirish uchun okrug saylov komissiyasiga taklif etilgani va unda rahbarlar istagan raqamlar yozilgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Bunday holatlar ayrim joylarda o‘z isbotini topdi.

Shuningdek, joylarda kuzatuvchilarga saylov jarayoni va sanoq jarayonini videos'yomka qilishga monelik ko‘rsatish hollari ko‘plab uchragani ham taassufli. Bunday ishlarga faqatgina demokratiyaning dushmani bo‘lgan insonlar qodir bo‘lishadi.

Saylovda eng katta muammo saylovchilarni saylovga jalb qilish ekani namoyon bo‘ldi. Avvalgi saylovlarda 90-95 foizlik davomatlarga guvoh bo‘lardik. Bu safa davomat 71 foiz atrofida (O‘zbekiston ichida) bo‘lgani e'lon qilindi.

Uzoq tumanlardagi ayrim saylov uchastkalarida chindan ham shu raqam qayd etilgandir, lekin 71 foiz ham haqiqatdan yiroq raqam. O‘zim sanog‘ida ishtirok etgan Samarqanddagi 123-saylov uchastkasida davomat 36,6 foiz bo‘lganiga guvoh bo‘ldim.