O‘zbekiston | 16:10 / 23.07.2021
38769
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidentligi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish tartibi bo‘yicha ma'lumot berildi

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning ma'lum qilishicha, prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatilishi saylovga 65 kun qolganda boshlanadi va 45 kun qolganda tugaydi. Saylov kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlar siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan ko‘rsatiladi.

«Prezidentlikka nomzodlar qachon ko‘rsatilishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, qonunda belgilangan muddatlarga ko‘ra, [saylov o‘tkaziladigan kunga] 65 kun qolgandan boshlab to 45 kun qolgunga qadar nomzodlar ko‘rsatilishi kerak va saylov kuniga 35 kun qolgungacha nomzodlarni [Markaziy saylov komissiya tomonidan] ro‘yxatdan o‘tkazish kerak.

Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan alohida saylovni o‘tkazish bo‘yicha taqvim-rejani ham tasdiqlab oldik. To‘g‘ri, Saylov kodeksida moddama-modda yozilganda barcha jarayonlarning muddatlari belgilangan. Lekin u qanday belgilangan? Ya'ni saylovga 70 kun qolganda, 60 kun qolganda deb ko‘rsatib ketilgan.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari
B​​​​ahrom Qo‘chqorov

Endi biz saylov kunini 24 oktabr deb belgilaydigan bo‘lsak, demak, shunga asosan saylov tadbirlari taqvimdagi qaysi oy, qaysi kunga to‘g‘ri kelishini aniq ko‘rsatib berishimiz kerak. Qolaversa, taqvim-reja nafaqat Markaziy saylov komissiyasi, balki okrug va uchastka saylov komissiyalari hamda boshqa davlat tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan bajariladigan tadbirlarni o‘zida qamrab olgan. Ushbu taqvim-reja jamoatchilik uchun e'lon qilinadi va u tanishish uchun hammaga ochiq bo‘ladi», deya Bahrom Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

MSK a'zosining ta'kidlashicha, 23 iyuldan boshlab siyosiy partiyalar o‘zlarining vakolatli vakillari uchun nomzodlarni va ular to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishlari shart. Qonunchilikka binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha siyosiy partiya o‘zining vakolatli vakili ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini olgandan keyingina saylovchilarning imzosini to‘plashga haqli. Bu sanaga qadar to‘plangan imzolar hisobga olinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bugun, 23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovga rasman start berildi. Navbatdagi prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga 300 milliard so‘m ajratilgan

Mavzuga oid