Jahon | 14:53 / 03.10.2021
63610
10 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston: toliblar ozod qilib yuborgan sobiq mahbuslar ayol hakamlar uchun «ov boshladi»

«Tolibon» boshqaruvida ayol bo‘lish huquqsizlikni anglatadi

Ayol sudyalar Afg‘onistondagi ayollar huquqlarini himoya qilishda birinchilardan bo‘lishgan. Ular qonunlarga amal qilinishini ta'minlash uchun mamlakatdagi eng ojiz qatlamlar uchun adolat tiklanishiga intilishgan. «Tolibon» boshqaruvga qaytgach ular - 220 nafardan ortiq afg‘on ayol sudyalari o‘zlari qamatganlarning qasosidan qo‘rqib yashirinishga majbur bo‘lishmoqda. Shunday ayollarning olti nafari BBC’ga o‘z tarixini aytib berdi. Ularning barchasining shaxsi xavfsizlikni ta'minlash maqsadida sir tutiladi.

Sudya Ma'suma o‘z faoliyati mobaynida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha yuzlab erkaklarga hukm chiqargan.

Ammo toliblar u yashaydigan shaharni egallagach, minglab jinoyatchilar qamoqxonalardan chiqarib yuborildi. Unga tahdidlar kela boshladi.

Uning telefon raqamiga kuniga o‘nlab notanish raqamlardan matnli va ovozli xabarlar keladi.

«Biz toliblar qamoqxonalardagi barcha mahbuslarni qo‘yib yuborgani haqida eshitganimizda yarim tun edi. Biz zudlik bilan qochishga tushdik, uyimizni va butun o‘tmish hayotimizni ortda qoldirdik», deydi Ma'suma.

Toliblar hokimiyatga kelishgach, Afg‘onistonda faqat erkaklardan iborat yangi hukumat shakllantirildi

So‘nggi 20 yil mobaynida Afg‘onistonda 270 nafar ayol sudyalik lavozimlarida ishlagan. Ularning barchasini yuzidan tanishadi.

«Shahardan chiqib olishda men paranji kiydim, meni hech kim tanib qolmasin deb. Baxtimga biz «Tolibon»ning barcha nazorat-o‘tkazuv punktlaridan muammosiz o‘tib oldik», deya hikoya qiladi u.

Ular ketishidan ko‘p vaqt o‘tmay qo‘shnilari ularning uyiga «Tolibon»ning bir necha a'zosi kelib ketgani haqida yozishgan.

Ma'sumaning aytishicha, qo‘shnilar kelganlarning tashqi qiyofasini tasvirlab berganidan keyin uni kim izlayotganini tushungan.

Toliblar ayollarga qanday imkoniyatlar taqdim etilishi borasida bir qarorga kelinmaganini aytishmoqda

Toliblar hokimiyatni egallashidan bir necha oy muqaddam Ma'suma «Tolibon» a'zolaridan biri rafiqasini o‘ldirgani bo‘yicha ishni olib borgandi.

Ma'suma uni qotillikda aybdor  deb topib, 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan.

«Hukm e'lon qilingach, qotil menga qarata shunday dedi: «Men qamoqdan chiqqanimda, sen bilan ham xotinimga qilgan  ishimni takrorlayman», deya hikoya qiladi Ma'suma.

U o‘sha vaqtda bu tahdidni jiddiy qabul qilmagan. Ammo «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelgach, ular qamoqxonalardan chiqarib yuborgan mahbuslar unga ko‘p marta qo‘ng‘iroq qilishgan.

«U meni topishini va qasd olishini aytdi», deydi Ma'suma.

BBC o‘tkazgan tekshiruvga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda kamida 220 nafar sobiq ayol sudyalar ta'qibchilardan yashirinishga majbur bo‘lmoqda.

Agentlik korrespondenti turli viloyatlardan bo‘lgan olti nafar sobiq sudya bilan gaplashgan va ularning barchasi deyarli bir xil tarixni gapirgan.

Ularning barchasi avval o‘zlari qamoqxonalarga jo‘natgan «Tolibon» a'zolaridan o‘lim tahdidlarini olishgan. To‘rt nafari aniq nomlarni tilga olgan - ular o‘z rafiqasini o‘ldirgani uchun qamalgan shaxslardir.

Barcha ayol sudyalar so‘nggi oyda kamida bir martadan o‘z telefon raqamini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Ular tom ma'noda yerto‘lalarda yashashadi va har bir necha kunda bir manzildan boshqasiga ko‘chib o‘tadi.

Ularning barchasi avval yashagan uylariga ular ketganidan keyin toliblar kelib tintuv o‘tkazgani haqida aytishgan. Ularning qo‘shnilari va yaqinlarini ularning qayerdaligi bo‘yicha so‘roq qilishgan.

Bunday ayblovlarga javoban toliblarning vakili Bilol Karimiy BBC bilan suhbatda shunday deydi: «Ayol sudyalar boshqa har qanday odam singari qo‘rquvsiz yashashi kerak. Hech kim ularga tahdid qilmasligi kerak. Bizning maxsus harbiy bo‘linmalarimiz bunday shikoyatlarni tekshirishi hamda qoidabuzarlik holatlari aniqlanganda chora ko‘rishi lozim».

U shuningdek, toliblarning Afg‘oniston bo‘ylab barcha sobiq davlat xizmatchilari uchun «umummilliy afv» e'lon qilingani haqida eslatgan. Amnistiyaga ko‘ra, agar ular ketishni istasa bunga to‘sqinlik qilinmasligi, agar qolishni istashsa, ta'qib qilinmasliklari nazarda tutilgan.

Toliblar qamoqxonalardan minglab mahbuslarni chiqarib yuborishgan va endi ular sudyalarga tahdid solmoqda

Ayol sudyalar avvalgi zamonda o‘z oilalarining asosiy boquvchisi bo‘lishgan. Ammo endilikda ularga maosh to‘lash to‘xtatilgan, bank hisoblari muzlatilgan va ularning barchasi o‘z qarindoshlari hisobiga yashashga majbur bo‘lishmoqda.

O‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida sudyalik qilgan Sana ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqqan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarning aksari bo‘yicha «Tolibon» a'zolari sud qilingan.

Hozirda u kamida 12 kishilik katta oilasi bilan birga yashirinib yashashga majbur bo‘lmoqda.

Uning oilasidagi erkaklardan biri faqat bir marta ularning sobiq oilaviy uyiga borgan. Ammo u narsalarni yig‘ishtirayotganida uyga qurollangan toliblar kirib kelishgan.

«Men eshikni ochdim. Mendan bu sudyaning uyimi deb so‘rashdi. Men uning hozirda qayerdaligini bilmasligimni aytganimda, kaltaklay boshlashdi. Burnim va og‘zim qonga to‘ldi», deya hikoya qiladi Sananing qarindoshi.

Shundan keyin u shifoxonaga tushib qolgan.

Human Righs Watch ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi ayollar va qizlarning 87 foizi o‘z hayoti mobaynida zo‘ravonlikka uchrashi mumkin.

Ammo ayol hakamlar hamjamiyati mamlakatda ayollar huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan qonunlarga rioya etilishi uchun ish olib borishgan, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari muqarrar jazo tayinlanadigan jinoyat sifatida e'tirof etilishiga erishishgan.

BBC’ning har olti nafar suhbatdoshi «Tolibon» mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgunicha ham o‘z faoliyati davomida turli ta'qiblarga duch kelishgani haqida aytishgan.

«Men o‘z mamlakatimga xizmat qilishni istadim, shu sababli sudyalikni tanladim. Oilaviy masalalar bo‘yicha sudda «Tolibon» a'zosi bo‘lgan eri bilan ajrashishni istagan ayollar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rdim», deydi sobiq hakamlardan yana biri Asma.

U o‘z ishi hamisha xavfli bo‘lganini ta'kidlaydi: «Bir marta toliblar sud zaliga granata uloqtirishgandi».

Uning hamkasblaridan biri ishdan uyga qaytishda yo‘qolib qolgan. Uning jasadi topilganida hech kimga qotillik bo‘yicha ayblov e'lon qilinmagan. Toliblar bu ishga aloqadorlikni rad etishgan.

Toliblar o‘quvchi qizlar maktablarga qaytishiga ruxsat bermadi

Afg‘onistonning yangi hukumati ayollar huquqi masalasida qanchalik qattiqqo‘llik ko‘rsatishi haqida aytishga hali erta. Ammo hozircha istiqbollar umidbaxsh ko‘rinmayapti.

Yangi hukumat tarkibida birorta ayol kishiga o‘rin berilmadi. Maktablarda faqat erkak o‘qituvchilar faoliyatiga ruxsat berilgan, ayollarga - yo‘q.

«Ayollarning ishlashiga ruxsat berish shartlari hali ham muhokama jarayonida», degan «Tolibon» vakili BBC’ga bergan izohida.

Barcha olti sudya mamlakatdan ketishga harakat qilgani, ammo buning uchun pullari bo‘lmaganini aytib o‘tgan. Shuningdek, ularning oila a'zolarining ayrimlarida pasport ham yo‘q.

Muqaddam Afg‘onistonda sudya bo‘lib ishlagan, hozirda Buyuk Britaniyada yashayotgan Marziya Babakarxayl barcha sobiq ayol sudyalar zudlik bilan evakuatsiya qilinishi kerakligini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda poytaxt Kobuldan uzoqda, Afg‘onistonning chekka viloyatlaridagi qishloqlarda yashovchilar haqida qayg‘urish kerak.

«Qishloqda yashovchi sudyalardan biri menga qo‘ng‘iroq qilganida yuragim larzaga keldi. «Marziya, biz nima qilamiz? Qayerga boramiz? Ular bizni o‘ldirishadi», dedi u», deya hamkasblaridan biri bilan bo‘lgan suhbatni eslaydi u.

«Kobulda, hech bo‘lmaganda ommaviy axborot vositalari va internet bilan bog‘lana olishadi. Sudyalarning hamon ovozi bor, ammo qishloq hududlarida hech narsa yo‘q», deydi Marziya Babakarxayl.

Sobiq ayol sudyalar ularni shunchaki o‘ldirib yuborishlaridan qo‘rqishmoqda

Bir necha mamlakatlar, jumladan Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma'lum qilgan. Ammo bu yordam qachon bo‘lishi va qancha sudya olib ketilishi mumkinligi noma'lum.

Sudya Ma'suma yordam juda kechikishi mumkinligidan xavotirda: «Men doim o‘zimga savol beraman, bizning aybimiz nima? Ta'lim olganimiz aybimizmi? Ayollarga yordam berib, jinoyatchilarni jazolaganimiz aybmi? Men vatanimni sevaman. Ammo men hozir bu yerda asirlikdaman. Men faqat har kuni yana ozodlikda bo‘lishimizni so‘rab ibodat qilaman».

Mavzuga oid