Nomiga ijro qilinayotgan farmon: Sudyalar reytingi chala bo‘lishidan kim manfaatdor?
Sudyalar oliy kengashi faqat eng yaxshi sudyalarning reytingini e'lon qilmoqchi. Natijasi past sudyalarni bu reytingda ko‘rmaysiz, ular o‘z bilganlaricha ishlashda davom etadi. Vaholanki, prezident farmonida boshqa narsa nazarda tutilgan.
2020 yil 7 dekabrdagi PF-6127-sonli farmonning 2-bandida sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni ta'minlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish belgilandi.
Shuningdek, reytingni shakllantirishda, ya'ni sudyalarga baho berishda alohida mezonlar bo‘lishi ham nazarda tutilgan.
Sudyalar qaysi mezonlarga ko‘ra baholanadi?
Sudyalar oliy kengashining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, sudyalar faoliyati quyidagi 8ta mezon asosida 100 ballik tizimda baholanadi:
- professionalizm;
- malaka;
- intizom;
- samaradorlik;
- odob-axloq;
- mas'uliyat;
- savodxonlik;
- axborot texnologiyalarini qo‘llay olish.
Yuqoridagi har bir mezon bo‘yicha sudya reytingiga ijobiy va salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi omillar ham aniq belgilab qo‘yilgan.
Kengash matbuot kotibi Tursunali Akbarov sudyalar reytingi shu yilning oxirlarida to‘liq ishga tushishini ma'lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, avval aytilganidek, faqat eng yaxshi sudyalar reytingi e'lon qilib boriladi. Ya'ni har bir yo‘nalishda (fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma'muriy) quyi sudlardan Oliy sud sudyalarigacha 10 nafardan jami 40 nafar eng yaxshi sudyalar aniqlab olinadi. Harbiy sudlarning sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar reytingiga kiritiladi.
Sud tizimida sudyalar faoliyatini baholash amaliyotining joriy etilayotgani yaxshi yangilik, albatta. Biroq, prezident farmonining 2-bandiga yaxshilab e'tibor berilsa, uning ijrosi qoniqarli ko‘rinishda amalga oshirilmayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Farmonda “sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholash” haqida gap ketadi.
Bu jumladan reyting orqali har bir sudyaning ish faoliyatiga ochiq va shaffof baho berish imkonini beruvchi tizim joriy etiladi, degan xulosaga kelish mumkin. Masalan, respublikadagi OTMlar reytingi deganda, barcha OTMlarning o‘rni va nufuzini ko‘rsatib beruvchi reyting tushuniladi. Yoki hokimlar reytingi joriy etilganida, reytingda respublikadagi barcha tuman (shahar) hokimlarining reytingi aks ettirildi.
OTMlar yoki hokimlar reytingi joriy etilganida faqat eng yaxshilarini e'lon qilish ko‘zda tutilmadi. Chunki reyting – bu tizimdagi barchaning o‘rnini ochiq-oydin aks ettiradigan vosita.
Reyting jamoatchilikka haqiqiy ahvol qandayligini ko‘rsatib beradi. Faqat eng yaxshilarning reytingi e'lon qilinishi – bu reytingning mohiyatini yo‘qotadi va ommaga “hammasi zo‘r” degan yolg‘on fikr berishdan boshqa narsani anglatmaydi.
Sudyalar oliy kengashi kotibi Xurshid Sodiqov hamma sudyaning reytingi e'lon qilinmasligiga sabab sifatida reytingi past bo‘lib qolgan sudyaga u ko‘rayotgan ishlarda taraflar bosim qilmasligi, sudyaga ishonchsizlik kelib chiqishining oldini olishni keltirgandi. Ammo bu vaj qanchalik asosli?
Faqat eng yaxshi sudyalarni ko‘rsatish farmon mohiyatiga ham zid. Chunki farmonning nomidayoq “sud tizimida korrupsiyaning oldini olish” jumlasi tilga olinadi. Demak, reyting sud tizimining shaffofligini oshirish va tizimda korrupsiyaning oldini olish maqsadida ishlab chiqilishi kerak. Yarim-yorti reytingni e'lon qilish ushbu maqsadlarning hech biriga erishishga xizmat qilmaydi.
Sudya reytingini shakllantirish mezonlarining birinchisi sifatida professionalizm keltirilmoqda. Ushbu mezon sudya qabul qilgan hujjatlarning yuqori instansiyalarda o‘zgarishsiz qolishi, o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi holatlarini baholaydi. Ushbu mezon aslida sudya faoliyatiga tutiladigan eng muhim ko‘zgu hisoblanadi. Chunki tanish-bilishchilik yoki poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yish kabi har xil “o‘yinlar”ga yo‘l qo‘yadigan sudya qarorlarining yuqori sudlarda “sinishi” sudyaning haqiqiy faoliyatini ko‘rsatib beradi.
Reytingda faqat eng yaxshi sudyalarning ko‘rsatilishi esa mana shunday sudyalarning “tegirmoniga suv quyadi”. Ular reytingda past o‘rinda bo‘lishdan qo‘rqmaydi va o‘z ishida davom etaveradi.
Reytingning faqat yuqori natija qayd etganlar kesimida yuritilishi “sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ishlashga va yashashga ko‘nikib qolgan har qanday sudya uchun ayni muddao ekani haqida ham mulohaza yuritib ko‘rilishi lozim.
Afsuski, Kengash prezident farmonini uquvsiz yoki “erkatoy” sudyalar manfaatidan kelib chiqib, ularga zarar yetmaydigan tarzda ijro qilishga urinmoqda. Sudyalarga advokatlik qilishda davom etmoqda.
Ushbu masalada davlat organlarining shaffof va korrupsiyadan xoli bo‘lishiga mas'ul ayrim tashkilotlarning munosabati bilan qiziqdik.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakili holat bo‘yicha munosabat bildirish noto‘g‘ri bo‘lishini ta'kidlab, sudyalarning daxlsizligidan kelib chiqqan holda, barcha ma'lumotni Kengashning o‘zidan olishni tavsiya qildi. Shuningdek, Agentlik mavzu bo‘yicha savollarga javob olish uchun Kengash tomonidan matbuot anjumani tashkil etilishida amaliy yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a'zosi Matluba G‘aniyeva “reyting” deb atalganidan so‘ng, u to‘liq e'lon qilinishi tarafdori ekanini bildirdi.
“Reyting tizimi joriy etilganidan keyin, aslida to‘liq e'lon qilinishi kerak. Reyting degani hamma bilishi mumkin bo‘lgan oshkora narsani anglatadi.
Men ham ular (Kengash – tahr.) bilan bog‘lanib, nega bunday qilinayotganini so‘rab ko‘raman. Bunga qandaydir asoslari bo‘lishi ham mumkin”, – deydi Matluba G‘aniyeva.
Fikrimizcha, ko‘pchilikka kuchli o‘ntalik yoki qirqtalikdagi namunali sudyalardan ko‘ra Navoiydagi gazeta bosh muharririga plagiat maqolani chop etib berishni talab qilib, rad etsa jarima solish bilan tahdid qilgan Xurshid Tursunov yoki bo‘lmasa sariosiyolik Saidmuhiddin Xoliqovni uydirmalar ila vatan xoiniga chiqarib, 8 yilga "kesgan" A'zam Sayfitdinov, yoxud murdadan “ko‘rsatma olganiga” qaramay, viloyat ma'muriy sudi raisligiga ko‘tarilib ketgan Jamila Sultonovalarning reytingi ko‘proq qiziqroq bo‘lsa kerak.
Ayni shu nuqtayi nazardan ham, jamoatchilik shu kabi sudyalarning faoliyatiga berilgan bahodan xabardor bo‘lishga haqli.
Ma'lumot uchun, 30 oktyabr holatiga respublikada jami 1297 nafar sudya faoliyat olib bormoqda, sudlardagi 34ta lavozim vakant bo‘lib turibdi.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
08:15 / 14.12.2024
Toshkent 200-o‘rinda: xorijlik mutaxassislar uchun 2024 yildagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi
17:36 / 10.12.2024
XMT Markaziy Osiyodagi ishsizlik darajasi bo‘yicha ma’lumot berdi
01:51 / 10.12.2024