O‘zbekiston | 16:26 / 07.02.2022
8935
5 daqiqa o‘qiladi

IMEI odamlar sezmaydigan darajada qulay tizim bo‘lishi kerak - Davletov

UzIMEI tizimi arzon va fuqarolarga qulay bo‘lishi kerak, deya iste’molchi sifatidagi shaxsiy fikrini bildirdi adliya vaziri Ruslanbek Davletov. U AKT vaziri Sherzod Shermatov bu tizimni yengillashtirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritishiga umid bildirdi.

“Bu sohani boshqaradigan vazirliklar bor. Bu masala bekorga ko‘tarilmaydi, jamoatchilikni ta’siri… hozir men aytsam, hamma [shov-shuv qiladi]. Men bu sohada mutaxassis emasman. O‘zimni fikrimni aytishim mumkin.

Albatta, bu soddalashishi kerak. Biz ratsionalizatormiz, juda ko‘p narsalarga e’tibor qilamiz. Osonlashtirish, oddiy qilish va pulini arzonlashtirish. U qandaydir og‘ir jarayon bo‘lmasligi kerak, odamlar sezmasligi kerak. Chunki ko‘p davlatlarda bor IMEI registratsiyasi, yana ko‘p davlatlar kirityapti. Buni yaxshi tomonlari ham bor, mana rasmiy ravishda kirib kelgan telefonlar soni [avvalgi yillar bilan] farqiga, davlatga tushayotgan bojlarni farqiga qarang. To‘g‘ri narsa bu, faqat bu qulay bo‘lishi kerak, tamom.

Menimcha, hozircha bu bo‘yicha AKT vaziri Sherzod Hotamovich ishlayapti. Aynan yengillashtirish bo‘yicha, sohani takomillashtirish bo‘yicha. U ham hukumat a’zosi. O‘ylaymizki, yaqinda bu boradagi takliflarini beradi”, – dedi Davletov 7 fevral kungi matbuot anjumanida.

Yaqinda Kun.uz bilan suhbatlashgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sherzod Shermatov bir necha yildan buyon e’tirozlarga sabab bo‘layotgan UzIMEI tizimi borasida fikr bildirib, bu tartib joriy qilinishi ortidan O‘zbekistonga bir yilda olib kiriladigan mobil qurilmalar 7–9 mingdan 3 milliontaga oshgani haqida gapirgandi.

Shermatovning fikricha, IMEI'ni ro‘yxatdan o‘tkazish qulay bo‘lishi, shu bilan birga tekin bo‘lmasligi kerak. Vazir bu tizimni yo‘qotish kerak degan fikrlar – mobil qurilmalarning noqonuniy importidan “dolya” olib turganlarning lobbisi deb hisoblashini aytdi. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga uchradi.

Avvalroq Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi, ekspert Vinayak Nagaraj UzIMEI “tushunarsiz byurokratik” tizimligini qayd etib, O‘zbekistonni orqaga tortayotgan siyosatlardan biri ekanli haqida yozib chiqdi. Buning ortidan UzIMEI tizimi bilan bog‘liq masalalar yana kun tartibiga qaytdi.

O‘zbekistonda 2020 yildan mobil qurilmalarni IMEI tizimida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish boshlangan vaqtda ko‘plab tushunmovchilik va noroziliklar paydo bo‘lgandi. Xususan, xorijdan kelgan ko‘plab fuqarolar o‘zlari bilan olib kelgan mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazmoqchi bo‘lganida, ularning nomiga allaqachon boshqa mobil qurilmalar UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgandi.

“Mening fikrim” portaliga huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan IMEI kodlarni ro‘yxatga olishda to‘lov undirishni bekor qilish bo‘yicha kiritilgan jamoaviy murojaat e’lon qilinganidan so‘ng bir yil o‘tib Qonunchilik palatasi tomonidan rad qilingan.

Kun.uz jamiyatni qiynab kelayotgan ushbu tizim borasida ekspertlar va jamoatchilik faollarining fikrlari, taklif va tanqidlarini jamlab, berib kelmoqda.

Tizimdagi kamchiliklar yuzasidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda UzIMEI tizimining monopol operatori – “O‘zbekiston Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUKka 2021 yil noyabr oyida Kun.uz tomonidan yuborilgan jurnalistik so‘rovga esa vazirlik javob ham, izoh ham bermadi.

2021 yil oktabr oyida “O‘zbekiston TTBRM” DUKka borgan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov yaqin kelajakda mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi ishga tushirilishi hamda IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun osonlashtirishi haqida gapirdi, lekin bu hozircha amalga oshgani yo‘q.

Bundan tashqari, o‘tgan yillar mobaynida UzIMEI tizimida noqonuniy mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun minglab fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini o‘g‘irlagan shaxslar ustidan ochilgan jinoiy ishlar yuzasidan ham javob berilmayapti.

Mavzuga oid