2018 yilda Toshkent shahrida yangi xorij oliygohi – YoDJU texnika instituti ochilgandi. Oradan 4 yil vaqt o‘tdi, ilk qabul qilingan talabalarga diplomlar topshirildi.

2022 yilda institutni jami 721 nafar talaba tamomladi, shularning 68 nafari imtiyozli ravishda. Shuningdek, 8 nafar talaba Turkiyaning Yildiz texnika universitetida grant asosida o‘qib qaytdi.

Diplom topshirish marosimida institut rektori Janpo‘lat Kudaybergenov so‘zga chiqib, mana shu natijalarni faxr bilan qayd etdi va iliq xotiralarni esladi. Uning ta’kidlashicha, 4 yil avval mazkur oliygoh ochilganida ko‘pchilik uning sifatli ta’lim berishiga ishonmagan.

Janpo‘lat Kudaybergenov

YoDJU texnika instituti rektori:

«Bugungi kunga kelib, ortga nazar tashlasak, biz barcha jarayonlardan o‘tdik, ta’lim sifatini ham ko‘rsatdik. Endilikda mana bitiruvchilarimiz katta hayotga qadam qo‘yishmoqda, ularning hammasiga doim birinchi bo‘lib yurishlarini, kelgusi ishlarida omad tilab qolaman. Yaxshi kunlarda uchrashgaymiz», – dedi rektor.

Institut tashkil qilinganidan so‘ng, uning oldiga zamonaviy kasbiy bilim, kompetensiya va amaliy ko‘nikmalarga ega, yuqori malakali kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash asosiy vazifa sifatida qo‘yilgan. Bu ish qoyilmaqom tarzda bajarildi, deyish mumkin. Boisi, bitiruvchilarning aksariyati ish bilan ta’minlangan, ular kelgusida nima bilan band bo‘lishini bilishadi.

Qudratillo Solijonov

YoDJU texnika instituti bitiruvchisi:

«Boshida talaba bo‘ldik, hozirga kelib Discover Invest kompaniyasida qurilish bo‘limida ishlayman. So‘nggi yillardagi qurilish jarayonida Tashkent city, prezident maktablari qurilishida, bosh vazir qabulxonasi rekonstruksiyalarida ishtirok etdim. Mana shu amaliyotimiz davomida ancha tajribaga ega bo‘ldik. Kelgusida olgan bilimlarimizni ishimizda qo‘llashga harakat qilamiz».

Farzandlari bu kabi yuqori natijalarga erishgan ota-onalar ham xursand.