O‘zbekiston | 12:40 / 08.06.2022
46816
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham hibsga olindi

Andijon viloyati XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Andijon shahri hokimining qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgan jinoiy ish – budjetning 48 mlrd so‘mini talon-toroj qilishda gumondor ko‘rilmoqda. Viloyatning avvalgi prokurori tanqidlar bilan ishdan olinib, yangi prokuror tayinlanishi ortidan, fevral oyida Andijon shahar XTBning sobiq va amaldagi rahbarlari ham qamoqqa olingan, 40ga yaqin shaxs tergovga tortilgan jinoyatda 57 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aytilgandi.

Azizbek Mirkomilov / Foto: Andijon viloyati XTB matbuot xizmati

Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov 7 iyun kuni 48 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-taroj qilinishi holati bo‘yicha gumondorlardan biri sifatida qo‘lga olindi.

XTB axborot xizmati bu xabarni Kun.uz'ga tasdiqlab, tergov ketayotganini ma’lum qildi.

Mirkomilov hozirgi lavozimida 2020 yil fevralidan buyon ishlab kelmoqda.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 6 iyunda Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov ham qo‘lga olingan edi. Hokim eski lavozimida (viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i) ishlagan vaqtda sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda gumonlanyapti.

May oyi holatiga, Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan; yetkazilgan zararning 23 foizi qoplangan. Tergovni Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dekabr oyida Andijon viloyati prokurori G‘ayrat Fozilov faoliyatidagi xato-kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etilgandi, yanvar oyida bu lavozimga Sirojiddin Eshquvvatov tayinlangan edi.

Fevral oyida esa Andijon shahar XTB rahbarlari 57 mlrd budjet pullarini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz o‘z manbalariga tayanib bo‘limning sobiq va amaldagi mudirlari Sunbula Eraliyeva va Nuriddin Nazarov qamoqqa olingani, tergovga tortilayotgan shaxslar soni 40 nafarga yaqinligi haqida xabar bergandi. O‘sha paytda Bosh prokuratura bu jinoyat tafsilotlarini keyinroq ochiqlashga va’da bergandi.

May oyi oxirida Andijon viloyati korrupsion jinoyatlar va korrupsiyaga oid shikoyatlar soni bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni egallab turgani ma’lum qilindi.

Mavzuga oid