Çexiya poytaxti Pragada Yevropaning 44 davlati davlat va hukumat rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga qarşi qurolli tajovuzini muhokama qiliş uçun yiğildi. Yangi Yevropa siyosiy hamjamiyatining maqsadi - barqarorlik, xavfsizlik va tinçlikni mustahkamlaşdan iborat, dedi 5 oktyabr, payşanba kuni YeI kengaşi raisi Şarl Mişel. Yangi muzokaralar formati taşabbuskori Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pragadagi sammit Rossiya prezidenti Vladimir Putin uçun Yevropaning «birligi belgisi» bölişiga umid bildirdi.
Forum taşkilotçisi - Çexiya boş vaziri Petr Fiala sammit oçilişidagi nutqida 1968 yil Praga bahori voqealarini esladi, öşanda Moskva tanklar yordamida «erkinlikni kengaytiriş umidlarini yöq qilgan». «Yomonlikning köziga qaraş qiyin, lekin haqiqat ğalaba qozonadi. Ukraina ğalaba qozonişini hammamiz qalbimiz tubida bilamiz, çunki haqiqat uning tomonida», - dedi Fiala.
Germaniya kansleri Olaf Şols yangi muzokara formatini Yevropa kengaşi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik taşkiloti (YeXHT) kabi formatlarni töldiradigan, tinçlik hamda xavfsizlikka foyda keltiradigan «buyuk yangilik» deb atadi. Şols endilikda Yevropaning turli burçaklaridan kelgan davlat va hukumat rahbarlari birinçi marta özlarini qiziqtirgan mavzularni kun tartibisiz muhokama qilişi va muhokamalar natijalariga köra qarorlar qabul qilişi mumkinligini ijobiy lahza deb atadi.
Pragadagi sammitda Yevropa ittifoqining 27 davlatidan taşqari Buyuk Britaniya, Turkiya, Ukraina, Ğarbiy Bolqon davlatlari, Armaniston, Ozarboyjon va boşqa qator davlatlar ham iştirok etmoqda. Rossiya va Belarus uçraşuvga taklif qilinmagan. Forumning asosiy mavzulari - xavfsizlik siyosati va energetika masalalari.
Sammit boşlanişidan oldin ham Yevropa ittifoqi mamlakatlari örtasidagi energiya xavfsizligi masalasida qarama-qarşiliklar yana keskin körsatilgan edi. Polşa boş vaziri Mateuş Moravetskiy Germaniya hukumatini tanqid qildi. «Yevropa ittifoqining energetika siyosati Germaniya tomonidan belgilanişini qabul qiliş mumkin emas», dedi u.
Avvalroq Berlin Polşa va Yevropa ittifoqining yana 14 davlatining Norvegiya va AQŞdan gaz narxini çeklaş haqidagi talabiga rozi emasligini bildirgan edi. Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habekning tuşuntirişiça, narxlar yuqori çegarasi joriy etilişi gaz taqçilligiga olib kelişi mumkin, çunki Norvegiya, AQŞ va Jazoir buning natijasida Osiyoda yonilğini qimmatroq narxlarda sota boşlaydi.













