9 iyun, juma kuni Qöşma Ştatlar Ukrainaga uzoq muddatli harbiy yordamning yangi paketini, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimi uçun öq-dorilar böyiça qiymati 2 milliard dollardan ortiq töplam taqdim etilişini e’lon qilişni rejalaştirmoqda. Bu haqda 8 iyun, payşanba kuni keçqurun Bloomberg AQŞ ma’muriyatidagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Ularga köra, Ukraina xavfsizligiga kömaklaşiş taşabbusi (USAI) doirasida ajratiladigan mablağlar Hawk zenit tizimi uçun raketalar va uçiriş qurilmalari, şuningdek Patriot havo mudofaa tizimi uçun ikki turdagi ilğor raketalar - Lockheed Martin tomonidan işlab çiqarilgan PAC-3 va Raytheon Technologies işlab çiqargan GEM-T'ni sotib olişga yönaltiriladi. 

AQŞ prezidenti Jo Bayden va Buyuk Britaniya boş vaziri Rişi Sunak 8 iyun kuni Vaşingtonda bölib ötgan uçraşuvda mamlakatlar Ukrainani Rossiya bilan uruşda qöllab-quvvatlaşda davom etişlarini ma’lum qildi.

Vaşington Moskva qöşni davlatda agressiv harbiy harakatlarini davom ettirar ekan, Kiyevga zarur mablağni beradi, dedi Bayden. Sunak, öz navbatida, Ukraina tarafdorlari Rossiyaga Kiyev oladigan yordam tugaşini kutmaslik kerakligi haqida aniq işora berişlari lozimligini ta’kidladi.