Ötgan yil davomida Rossiya harbiy sudlari harbiy qismni ruxsatsiz tark etiş böyiça 5024 ta iş oldi (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 337-moddasi). Bu ma’lumotlar «Mediazona» tomonidan 29 dekabr, juma holatiga köra töplangan. «Xizmatdan qoçiş holatlari soni mutlaq tarixiy rekordga aylandi», deb ta’kidlaydi naşr. «Mediazona» hisob-kitoblariga köra, 2022 yilda Rossiya Ukrainaga kirganida atigi 1001 iş körib çiqilgan, undan bir yil avval - 615 iş bölgan.
Dezertirlik töğrisidagi yanada qat’iyroq moddaga (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 338-moddasi) köra, 2023 yilda sudlarga 148 ta iş yuborilgan, bu bir yil avvalgidan olti barobar köpdir, deb yozadi «Mediazona».
Naşr tomonidan taqdim etilgan jadvalga köra, 2023 yil oxiriga kelib, harbiy sudlar «barqaror sur’at»ga erişdi - oyiga harbiy qismni ruxsatsiz tark etiş böyiça 500 ta hukm, ya’ni haftasiga yuzdan ortiq qaror çiqarildi. «Mediazona» ta’kidlaşiça, uning tahlilida «harbiylar frontga qayta yuborilişi böyiça» şartli hukmlarning katta qismi aniqlandi.
Dezertirlikka rozi bölganlar soni ham ortdi
Oxirgi oylarda Ukrainada jang qilayotgan rossiyalik askarlardan dezertirlikni taşkil etiş xizmatlariga murojaat qiliş soni ortgan. Şu tariqa, agar 2023 yilning yozida uruşda qatnaşmaslikka yordam beradigan «Idite lesom» taşkilotiga 305 ta şunday sörov tuşgan bölsa, kuz oylarida ularning soni 577 taga yetdi, deb yozadi The Moscow Times gazetasi 5 dekabr kuni.
2023 yil aprel oyidan beri «Idite lesom» yuristlari va köngillilari armiyadan qoçişga uringan 1000 dan ortiq harbiy xizmatçilarga maslahat berdi; eng köp qoçişga urinişlar oktyabr oyida (218 ta holat), eng kami iyun oyida (54 ta holat) qayd etilgan. Taşkilot rahbari Grigoriy Sverdlin sözlariga köra, harbiy xizmatçilarning köpçiligi yaralanganidan keyin dezertir bölişga qaror qilgan.
Uruşdan qoçişda qölga tuşiş ehtimoli yuqori
«Grajdanin. Armiya. Pravo» huquqni himoya qiliş guruhi direktori Sergey Krivenkoning aytişiça, qölga tuşiş ehtimoli juda yuqori bölganligi uçun juda kam odam jangovar harakatlar zonasidan qoçişga qaror qiladi. «Harbiy patrullar hudud böylab yurib, qoçqinlarni uşlaydi. Qoçqinlar, odatda, dala gauptvaxtasiga, keyin - yana frontga jönatiladi. Iş köpinça sudgaça yetib bormaydi», - deya tuşuntirdi u.
Krivenko, şuningdek, «Idite lesom»ning dezertirlik holatlari köpayganligi haqidagi ma’lumotlarini tasdiqladi va buni safarbarlik boşlanganidan beri ötgan yil davomida askarlarda ma’lum xizmat muddatidan keyin uyga qaytiş böyiça xom xayollari yöqolgani bilan izohladi.












