Jahon | 20:15 / 31.01.2024
14149
8 daqiqa o‘qiladi

Iordaniyadagi bazaga hujum. Amerika bunga qanday javob qaytarishi mumkin?

Dron zarbasi oqibatida uch nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan. Baydendan qat’iy javob qaytarishni (Eronga zarba berishga qadar) talab qilishmoqda - ammo AQSh ma’muriyati yangi urush qo‘zg‘atishdan xavfsiramoqda.

Foto: Drew Angerer / Getty Images

28 yanvar tongida noma’lum dron Amerikaning Iordaniyadagi Tower 22 nomli harbiy bazasiga zarba bergandi. Hujum oqibatida amerikalik uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lib, 40 nafardan ortig‘i yaralangan. The Wall Street Journal nashri bilan suhbatda bo‘lgan amerikalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, dronni Iroqdagi Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi jangarilar uchirishgan. Keyinroq Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singh bu hujumda «Kataib Hizbulloh» guruhi «izlari» ko‘zga tashlanganini aytib chiqdi. Ammo idora hozirgacha bu hujum ortida kim turgani borasida yakuniy ma’lumot bermadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden hujumdan keyin darhol amerikalik harbiylar bu zarbaga javob qaytarajagiga va’da berdi. Politico nashri Oq uydagi ikki mulozimga tayanib bergan ma’lumotga ko‘ra, Bayden o‘z maslahatchilaridan navbatdagi hujumlarning oldini olishi mumkin bo‘lgan, shu bilan birga shusiz ham vaziyat murakkab bo‘lib qolayotgan mintaqada mojaro keltirib chiqarmaydigan darajadagi javob variantlarini taqdim etishni so‘ragan. «Biz yangi urush izlamayapmiz. Biz eskalatsiyaga intilmayapmiz. Ammo biz talab etiladigan ishni albatta amalga oshiramiz», — degan AQSh Milliy xavfsizligi kengashi vakili Jon Kirbi.

AQShning Iordaniya shimoli-sharqidagi Tower 22 harbiy bazasining sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasviri, 2024 yil 29 yanvar
Planet Labs PBC/ AP / Scanpix / LETA

Zarba oqibatida halok bo‘lganlar — Amerika qo‘shinining G‘azo sektorida urush boshlanganidan buyon bergan ilk yo‘qotishlari. Pentagon ularning shaxsini ochiqlagan — bular serjant Uilyam Jyerom Rivers va ikki oddiy askar Kennedi Ladon Sanders hamja Breonna Aleksondria Moffett, ularning barchasi Jorjiyadagi 718-muhandislik rotasi harbiy xizmatchilari edi.

Tower 22 harbiy bazasi Suriya va Iroq bilan chegara yaqinida joylashgan. Amerikalik ikki mulozim Reuters bilan suhbatda aytishicha, zarba erta tongda yo‘llangan va turar joy binosi yaqiniga kelib tushgan, jabrlanganlar soni ko‘pligi aynan shu bilan izohlanadi. The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, harbiylar hujumning oldini ololmagani begona dron bazaga yaqinlashganida amerikaliklar droni ham shu yerga qaytayotgan bo‘lgani, bu esa harbiylar tahdidni aniqlashiga to‘sqinlik qilgani bilan bog‘liq.

WSJ nashri qayd etishicha, Oq uyda kamida uchta javob varianti bor — ammo Bayden ma’muriyati bu variantlarga bir vaqtning o‘zida Eronga signal yuborish istagi, qat’iy harakatlar talab qilayotgan kongress bosimi hamda mintaqada yanada kattaroq mojaro keltirib chiqarish ehtimolini hisobga olgan holda baho berishi kerak.

Variantlardan biri — to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron hududiga zarba berish, Respublikachilar partiyasi vakillari shunga chaqirmoqda. The Wall Street Journal bu ssenariyni «bemisl» deb atagan: AQSh bungacha hech qachon Eron hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilmagan. Nashr 1988 yilda prezident Ronald Reygan ma’muriyati Tehron Amerika harbiy kemasini minalashtirganiga javob sifatida Eron kemalari va dengizdagi neft platformalariga hujumlar uyushtirganini eslatgan, biroq o‘shanda ham Eron hududidagi nishonlar bo‘ylab zarbalar yo‘llanmagan. 2019 yilda, AQSh prezidenti sifatida Eronga nisbatan qat’iy siyosat olib borgan Donald Tramp amerikaliklar droni urib tushirilishiga javob tariqasida ushbu mamlakat hududidagi nishonlarga zarbalar yo‘llashni rejalashtirgandi, ammo keyinroq bu qarordan voz kechgandi. WSJ nashri yozishicha, to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron hududiga zarba berilgan taqdirda, mintaqaviy mojaro kengayishi xavfi mavjud, Oq uydagilar esa bundan qochishni istaydi.

Bayden ma’muriyati javob variantlaridan biri sifatida Suriya va Iroqdagi Tehronga aloqador guruhlarga yoki Fors ko‘rfazidagi Eron harbiy-dengiz kuchlari inshootlariga zarbalar berishni ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Politico. G‘azo sektorida urush boshlanganidan buyon Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruhlar Amerikaning mintaqadagi kuchlariga 160 martadan ortiq (66 tasi Iroqda, 98 tasi Suriyada va bittasi Iordaniyada) hujum uyushtirilgan, ammo Bayden javob berishda ehtiyotkorlik qilgan va yakunda Oq uy hujumlarning faqat 10 foiziga javob qaytargan. Zarbalar asosan Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilayotgan husiychilarga qarshi qaratilgan.

AQShdagi uchinchi variant — sanksiyalar va moliyaviy bosim o‘tkazish richaglari, deya yozadi The Wall Street Journal. Eronga nisbatan allaqachon kiritilgan ko‘plab cheklovlarga qaramay, Oq uyda manyovrlar qilish imkoniyati saqlanib qolmoqda — masalan, energiya mahsulotlari sotilishida va Eronga yordam berayotgan xorijiy kompaniyalar yoki banklarga cheklovlar. Xususan, Xitoy korxonalari shu toifaga kiradi — ular Eron neftining yirik xaridorlari hisoblanadi. WSJ qayd etishicha, bu yondashuvdagi muammolardan biri shundaki, Bayden ma’muriyati Xitoyga iqtisodiy bosimni kamaytirishni intilmoqda.

Karnegi fondi xodimi va Yaqin Sharqdagi tinchlik bo‘yicha muzokaralarning sobiq ishtirokchisi Aaron Devid Millerning baholariga ko‘ra, Bayden ixtiyoridagi variantlar «yomondan yanada yomonga qarab» boradi. AQSh prezidenti javob qaytarmasligining imkoni yo‘q, ammo shu bilan birga har bir holatda mintaqaviy urush keltirib chiqarish xavfi mavjud.

Politico nashri qayd etishicha, Bayden har qanday holatda ham prezidentlik saylovlari yilida amerikalik saylovchilarning ehtimoliy reaksiyasi bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keladi. Hozirda amaldagi prezident Isroil bo‘yicha pozitsiyasi tufayli aholining bir qismining, ayniqsa yoshlarning qo‘llab-quvvatlovidan mahrum bo‘lgan. Masalan, prezidentning pozitsiyasi Bayden saylovoldi kampaniyasini olib borayotgan Michigan shtatida tanqidga uchragan. Bu shtat aholisining kattagina qismini kelib chiqishiga ko‘ra arab bo‘lgan amerikaliklar tashkil etadi. Amaldagi prezidentning asosiy raqibi, respublikachi Donald Tramp esa Iordaniyadagi harbiy bazaga hujumni «Jo Baydenning zaifligi va taslimchiligi oqibati» deb atadi.

Eron Amerikaning Iordaniyadagi Tower 22 harbiy bazasiga qilingan hujumga aloqasi yo‘qligini bildirgan. «Mintaqadagi qarshilik ko‘rsatish guruhlari o‘z qarorlari va harakatlarida Eronning buyruqlariga qaramaydi», — degan mamlakat tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Nosir Xananiy. U Tehronning ishtiroki bo‘yicha ayblovlarni «asossiz» deb atagan va bu ayblovlar AQShni Yaqin Sharqdagi yangi urushga tortish uchun mo‘ljallanganini aytgan.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Bayden maslahatchilar bilan uchrashuvdan keyin AQSh harbiy bazasiga uchuvchisiz uchish qurilmasi bilan qilingan hujumga javob qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilganini aytgan, ammo bu javob qanday bo‘lishiga aniqlik kiritmagan.

Mavzuga oid