Chilonzordagi buzilish: Ko‘zi ojizlarning madaniyat saroyi o‘rnida nima quriladi?
Ko‘zi ojizlar jamiyatiga tegishli “San’at gulshani” madaniyat saroyi buzilish arafasida. Chilonzor tumanidagi 30 sotixlik maydonning 22 sotixida ko‘p qavatli turar joy majmuasi, qolgan qismida esa ko‘zi ojizlar uchun bino qurilishi aytilyapti. Jamiyatning qator a’zolari bu qurilishdan norozi, ular yerning katta qismi uy qurish uchun berib yuborilayotganiga qarshi chiqmoqda.
O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatining “San’at gulshani” madaniyat saroyi Toshkentning Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasining 28A-uy manzilida joylashgan. 30 sotixdan ko‘proq maydonga ega (3056 kvadrat metr) bu saroyning umumfoydalanilayotgan va bino-inshootlari joylashgan hududi 26 sotix (2674 kvadrat metr)ni tashkil etadi.
2024 yil martidan boshlab bu madaniyat saroyi buzilib, investitsiya orqali qayta qurilishiga kelishilmoqda. Evaziga yerning salkam 80 foiz qismi ko‘p qavatli turar joy qurilishi uchun tadbirkorga beriladi. Jamiyat markaziy boshqaruvining bu qaroridan norozi bo‘lgan bir guruh a’zolar Kun.uz'ga o‘zlari tayyorlagan videomurojaatni taqdim etishdi.
Yerlari “talangan”, abgor holatdagi madaniyat saroyi
Murojaatda aytilishicha, O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati 1932 yildan beri ishlab keladi, aynan mustaqillik davrlaridan boshlab jamiyatga tegishli ko‘plab yerlar, bino-inshootlari jamiyat rahbarlari tomonidan sotib yuborilgan, buning oqibatida o‘n minglab ko‘zi ojizlar ishsiz qolgan. Buning yaqqol namunasi sifatida “San’at gulshani” madaniyat saroyi bilan bog‘liq vaziyat keltirilmoqda.
Murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, hozirgi madaniyat saroyi ko‘zi ojizlarga moslashmagan, u yerda ayni shu toifadagi insonlar uchun sharoitlar yo‘q. Binodagi ayrim xonalar bir qancha to‘garaklar uchun ijaraga berilgan, lekin ularning hech qaysi birida ko‘zi ojizlar ishtirok etmaydi.
Video davomida madaniyat saroyining ko‘ngilochar pavilioni bo‘lgan hovlisi kulolchilik sexi uchun ijaraga berilgani, lekin u yerda ham biror ko‘zi ojiz inson ish bilan ta’minlanmagani ko‘rsatilgan.
2021 yilda taqdiri hal bo‘lgan hudud
Ko‘zi ojizlar jamiyati faoli Ulug‘bek Mamatxonovning aytishicha, “San’at gulshani” madaniyat saroyini buzib, uning bir qismiga uy-joy, bir qismiga ko‘zi ojizlar markazini qurish bo‘yicha muzokaralar 2020 yildan boshlangan.
30 sotixdan ortiq yerning 22 sotixiga ko‘p qavatli turar joy, atigi 8 sotixiga ko‘zi ojizlar uchun markaz qurib berilishi, bu haqdagi qaror yopiq eshiklar ortida hal bo‘lgani, jamiyat a’zolari bundan bexabar qolgani aytiladi.
“2020-2021 yillarda madaniyat saroyini buzish va qayta qurish haqida gap chiqqanda Toshkent shahar ko‘zi ojizlar jamiyati tomonidan nomma-nom chaqirilgan, ya’ni asosan Toshkent shahridagi tumanlarda joylashgan ko‘zi ojizlar jamiyatlari raislari va ularga yaqin bo‘lgan insonlardan iborat yig‘ilgan jamoa hukmiga loyiha go‘yoki taqdim etilgan. Lekin mana shu muhokamalar yopiq eshiklar ortida, tanlangan insonlar ishtirokidagina o‘tkazilgan va dalolatnoma imzolangan.
Ushbu muhokamalar haqidagi ma’lumotlar na Ko‘zi ojizlar jamiyatining rasmiy saytida, na ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda e’lon qilinmagan. Balki e’lon qilinganda edi, biz kabi faollar ham bu haqida ma’lumotlarni olib, ushbu muhokamalarda ishtirok etgan bo‘lardik”, – deydi Mamatxonov.
Kun.uz’ga taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, Chilonzor tumani 28A-uyda joylashgan hududdagi 30 sotixlik yerning taqdiri 2021 yilda Ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi rayosati tomonidan qabul qilingan 13-sonli qaror bilan hal bo‘lgan.
Madaniyat saroyining o‘sha vaqtdagi direktori va jamiyatning Toshkent shahar bo‘limi rahbari tomonidan imzolangan hujjatga ko‘ra, madaniyat saroyi ixtiyoridagi 3056 kvadrat metr, qurilish osti yer maydoni 2674 kvadrat metr hududdagi mavjud bino-inshootlar buziladi. O‘rniga esa ko‘zi ojizlar uchun umumiy maydoni 450 kvadrat metr bo‘lgan 7 qavatli bino barpo qilinishi, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun 350 kvadrat metr yana qo‘shimcha hudud ajratilishi, yerning qolgan qismi esa “MK Grand-Building” MChJga ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun berilishi belgilangan.
Ammo kadastr hujjatlari bilan bog‘liq muammolar sabab loyiha realizatsiyasi kechiktirilgan.
Rayosatning 2023 yil 27 dekabrdagi 98-sonli qarori bilan bu masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilib, kelishuv shartnomasiga ham erishilgan.
2024 yilda kelishilgan shartnomada avvalgi shartlar biroz o‘zgargan. Unda 450 kvadrat metr joyda zamonaviy noturar joy qurib berish, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish uchun qo‘shimcha 350 kvadrat metr emas, 400 kvadrat metr yer maydonni qoldirish va bu ishlarning hammasiga 8,5 mlrd so‘m emas, 15 mlrd so‘m miqdorida investitsiya jalb qilish shartlari qo‘yilgan. Bu shartlar bajarilsa, 2206 kvadrat metr yer maydoni “MK Grand-Building” MChJga ko‘p qavatli turar joy binolarini qurishi uchun mulk huquqi asosida rasmiylashtirib berilishi aytilgan.
Hujjatda bajaruvchi maqomidagi investor 7 qavatli obektni va unga tutash bo‘lgan 4 sotixlik yer maydonini foydalanishga tayyor holda beg‘araz topshirishi, jamiyat markaziy boshqaruviga 1 ta 2 xonali va 1 ta 3 xonali xonadonlarni bepul berishi ham qayd etilgan.
Madaniyat saroyi nega buzilyapti?
Ko‘zi ojizlar jamiyati raisi Ergash Norpo‘latovning jamiyat a’zolari bilan bo‘lgan suhbatida shu haqda gap boradi. Unga ko‘ra, madaniyat saroyi o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurilgani sababli bino hozirgi shaharsozlik normalariga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun bu binoni buzishga qaror qabul qilingan.
“Toshkent shahrida 2 qavatli binolar qachondir buziladi baribir. 5-10 yil o‘tar, baribir buziladi. Qolaversa, u yerda sharoitlarning yo‘qligi, bor bo‘lsa ham sizlar aytgandek, amalga oshirilmayotganining hammasi [hisoblanib], biz shu qarorga kelganmiz. Endi bizning loyihani xohlaysizlarmi yoki xohlamaysizlarmi, eshitib ketishinglar kerak. O‘sha 7 qavatli bino qurmoqchimiz, uning jami maydoni 3600 kvadrat metrni tashkil qiladi. Hozirgi bino 2800 kvadrat metr. Yana 800 kvadrat metrdan ziyod bo‘ladi. Aslida undan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.
Aytdim-ku, katta zal 2-qavatning ham ma’lum qismini egallagan. Agar uni hisoblasak, yana 800 emas, ancha kvadrat metrni tashkil qiladi”, – degan Norpo‘latov.
Shu o‘rinda so‘z o‘yiniga e’tiboringizni qaratsak. To‘g‘ri, hujjatda Ergash Norpo‘latov aytganidek, ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan bino 3600 emas, 3150 kvadrat metr bo‘lishi yozilgan. Ammo u yerda har bir qavati 450 kvadrat metr hisoblangan va shularni qo‘shib chiqqanda jami 3150 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan zamonaviy bino qurilishi ko‘rsatilgan.
Ya’ni 7 qavatli bino tushadigan hudud maydoni 4,5 sotixligicha qolaveradi, uning har bir qavati qo‘shib chiqilganda, jami 31 sotix chiqib keladi.
“Zamonaviy bino bo‘ladi, isitish-sovitish masalalari hal bo‘ladi. Endi to‘g‘ri, konsert zali hozirgidek 600 o‘rinli bo‘lmaydi. Bir paytlar sobiq ittifoq hududida 60-80-100 ming o‘ringacha stadionlar qurilgan. Hozir zamonaviy yondashuvda 30-35 ming atrofidagi stadionlar qurilyapti. Zallar ham shunga o‘xshagan. Bu yerda bir nechta ko‘rgazmalar zali bo‘ladi, qaysidir qavatlari ko‘zi ojizlar uchun fitnes klubi bo‘ladi, bu yerda siz orzu qilayotgan shart-sharoitlar yaratiladi”, – degan jamiyat raisi.
Loyiha haqida ma’lumot bergach, Norpo‘latov jamiyatning Toshkent shahridagi aksariyat mulklarida yer hujjatlari o‘lda-jo‘lda ekanini aytgan. Uning ta’kidlashicha, madaniyat saroyining mol-mulki shu paytgacha xo‘jalik yuritishda bo‘lib kelgan.
“Bu o‘z-o‘zidan davlat aktiviga o‘xshagan bir narsa bo‘lib qolgan. Yeri noaniq, doimiy foydalanish mumkin bo‘lgan maqom berilishi kerak aslida bunga. Noaniq bo‘lib yotibdi. Bu jamiyatning mulki bo‘lishi uchun baribir nimadir qurilishi kerak. Hozir yerni noaniq degan statusdan ijara degan statusga ko‘tardik”, – deydi Ergash Norpo‘latov.
Ko‘zi ojiz fuqarolar Kun.uz’ga bergan yana bir videosida o‘zini “kuzatuv kengashi raisi” sifatida tanishtirgan Shamsiddin Hojiyev madaniyat saroyi baribir buzilishini aytib o‘tib, bu jarayon hokimiyat bilan ham kelishib bo‘linganiga shama qilgan.
“Baribir buziladi, qaror chiqqan, hammasi bo‘lgan. Hokimiyatdan bo‘lgan: “mana buni yig‘ishtirib qo‘ying, yo‘qoting” [deb]. 7 mlrd so‘mni ta’mirlash uchun topolmaysiz, Ulug‘bek. Tushundingizmi. Men kecha hisoblab chiqdim, quruvchini chaqirdim. Tomidan boshlab, pastgacha hisoblab chiqdim, 7 mlrd so‘m kerak ekan. 7 mlrd topib berolmaysiz.
Men 4 yildan beri ishxonamni ta’mirlayman deb ularning orqasidan yuguraman. Mana endi 1,5 mlrd so‘m ajratildi”, – deydi Xo‘jayev.
Shuningdek, u investor ishlab chiqqan loyihaning 17 ta punktiga e’tiroz bildirgani, ko‘zi ojizlar uchun kengroq joylar ajratilishini so‘raganini qayd etadi.
Ammo bino rostdan ham ma’nan eskirgani yoki renovatsiyaga muhtojligi yuzasidan ilmiy xulosa bor-yo‘qligi noma’lum.
Hozirgi kunda madaniyat saroyida jamiyatning Toshkent shahar va Chilonzor tumani bo‘limlari hamda ko‘zi ojizlar uchun kutubxona ham joylashgan. Hududda buzish va qurish ishlari boshlansa, bu tuzilmalar va undagi xodimlar qayerga ko‘chirilishi ham aniq emas.
Madaniyat saroyiga tegishli hududdan hozir kimlar qanday foydalanmoqda?
Surishtiruv davomida Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi 28A-uy manzili bilan kamida 5 ta MChJ davlat ro‘yxatidan o‘tgani aniqlandi. Bu MChJlarning hammasi O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatiga tegishli.
Birinchisi – yuqorida biz aytib kelayotgan “San’at gulshani” madaniyat saroyi.
Ikkinchisi – “Metallurg KOJ” MChJ. Ustav kapitali 480 787 400 so‘m bo‘lgan bu korxona alyuminiy ishlab chiqaradi. Uning egallab turgan joyi 4555 kvadrat metrni tashkil etadi.
Uchinchisi – “Tikuv-Ziyo-Fayz” MChJ. Bu MChJning ustav kapitali 728 762 000 so‘m bo‘lib, unda kiyimdan tashqari tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxona egallagan maydon 4039 kvadrat metrdan iborat.
To‘rtinchisi – ustav kapitali 962 140 500 so‘m bo‘lgan “Dizayn-Print” MChJdir. Matbaa faoliyatining boshqa turlari bilan shug‘ullanadigan bu korxona maydoni 3251 kvadrat metrni tashkil etadi.
Beshinchisi – ustav kapitali 1 884 000 so‘m bo‘lgan “Nurafshon Zo‘br Servis” MChJ. Bu korxona to‘shaklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, jami maydoni esa ma’lum emas. Kun.uz'ning mustaqil manbalariga ko‘ra, bu ma’lumot Kadastr agentligining o‘zida ham yo‘q.
Yuqorida sanab o‘tilgan 4 ta MChJ egallab turgan joylarning bizga ma’lum umumiy yer maydonlarini qo‘shib chiqsak, Cho‘ponota 28A-uyining taxminiy kattaligi 14 901 kvadrat metr bo‘ladi. Ya’ni salkam 150 sotixlik hudud hozirda ijaraga berilgan. Ulardan qancha ijara to‘lovlari undirilishi va qanchasi ko‘zi ojizlarga sarflanishi esa noma’lum.
Madaniyat saroyini asrab qolish nega kerak?
O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati 2010 yilda jamoat birlashmasi sifatida tashkil etilgan. Jamiyat a’zolarining fikricha, saroy ko‘zi ojizlarning madaniy hayotda faol ishtirok etishida katta ahamiyatga ega. Unda turli to‘garaklar, jumladan, hassada yurishni o‘rgatuvchi, brayl alifbosidan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishda yordam beruvchi darslar tashkil qilinishi lozim.
Hozircha madaniyat saroyi binosi buzilishi aniq bo‘lib turibdi. Ammo uning o‘rnida quriladigan 7 qavatli obektda ko‘zi ojizlar uchun qanday sharoitlar bo‘lishi, qavatlar kesimida xonalar nimalarga mo‘ljallanishi, umuman qurilish loyihasi qanday ishlab chiqilgani ma’lum emas.
Kun.uz bu boradagi savollariga javob olish uchun “MK Grand Building” MChJ boshqaruvchisi Otabek Fozilov bilan bog‘landi. U jurnalistning savollariga ta’sischi Qahramon Abdurahmonov javob berishini, ammo u hozir shaharda emasligini aytib o‘tdi. Zoom orqali bog‘lanib, gaplashish taklifimiz esa javobsiz qoldi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti
Jahon | 12:50 / 13.04.2025
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00 / 12.04.2025
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekistonda eksklyuziv huquqlarga ega kompaniyalar reyestri e’lon qilindi
O‘zbekiston | 14:25
-
Parij: Jazoir 12 nafar fransiyalik amaldorni chiqarib yuboryapti
Jahon | 14:20
-
O‘zbekiston va Britaniya energetika xavfsizligini ta’minlashda hamkorlik qiladi
O‘zbekiston | 14:11
-
AQShda Harvardning 2,2 mlrd dollarlik grantlari muzlatib qo‘yildi
Jahon | 13:59
Mavzuga oid

09:54 / 14.04.2025
Toshkentdagi ko‘chalardan birida avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi

21:51 / 11.04.2025
Toshkent shahrida 12-13 aprel kunlari keng ko‘lamli hashar o‘tkaziladi

14:42 / 11.04.2025
Raqobat qo‘mitasi qurilishni vaqtida tugallamagan qurilish kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

22:19 / 10.04.2025