Jahon | 16:09 / 25.09.2024
3299
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy 44 yil ichida ilk bor Tinch okeanida qit’alararo raketani sinovdan o‘tkazdi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 15 ming kilometr masofaga ucha oladigan qit’alararo ballistik raketalar mavjud.

Foto: AP

Xitoy 25 sentabrga o‘tar kechasi modellashtirilgan jangovar kallakli qit’alararo ballistik raketa (QBR) sinovlarini o‘tkazdi, u Tinch okeanidagi “aniq belgilangan dengiz hududiga” tushdi, deya xabar berdi Xitoy Mudofaa vazirligi.

“Ushbu sinov parvozi yillik mashg‘ulot rejamizning odatiy qismi hisoblanadi. U xalqaro huquq va xalqaro amaliyotga mos keladi hamda biron-bir davlat yoki nishonga qarshi yo‘naltirilmagan”, — deya ta’kidlandi vazirlik bayonotida.

Singapurdagi Nanyang texnologiya universiteti (NTU) dotsenti Jyeyms Char Bloomberg agentligiga bergan sharhida, Xitoy tez-tez raketa sinovlarini o‘tkazishi, ammo avval ularning aksariyati mamlakat ichkarisida amalga oshirilganini qayd etdi. U bunday turdagi qit’alararo balistik raketalarning so‘nggi rasmiy sinovi 1980 yillarda o‘tkazilganini qo‘shimcha qildi.

Bloomberg Xitoy Tinch okeanida ikkita QBR sinovini o‘tkazgani haqida oxirgi marta 1980 yil may oyida ma’lumot berganini eslatdi.

“Raketalarni okeanga uchirish uchun mintaqa mamlakatlari bilan oldindan hamkorlik qilish kerak, shuning uchun bu unchalik keng tarqalmagan amaliyot”, — dedi Char.

“Bu ancha dadil va provokatsion harakat”, — dedi NTU’ning S.Rajaratnam nomidagi xalqaro tadqiqotlar maktabi katta ilmiy xodimi Dryu Tompson nashrga. Uning so‘zlariga ko‘ra, sinov BMT Bosh Assambleyasi o‘tkazilishi fonida amalga oshirilgani sababli bunday harakatlar “dunyoga xavf tug‘diradi”.

Sayyorada beshta rasmiy yadro davlati mavjud bo‘lib, ular BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi: Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya. Hindiston, Pokiston va KXDR ham yadro sinovlarini o‘tkazgan. Shuningdek, Isroil o‘z yadro qurollariga ega, biroq uning sinov o‘tkazgan sanasi noma’lum.

Dunyodagi barcha yadroviy qurollarning qariyb 90 foizi AQSh va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Stokholm xalqaro tinchlik muammolarini o‘rganish instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil noyabr oyi oxirida Xitoyda 410 ta yadroviy kallak bo‘lgan (Rossiya va AQShda — mos ravishda 4489 va 3708 dona).

Iyun oyida institut ushbu kallaklar soni ortgani to‘g‘risida hisobot berdi va yadro quroliga ega davlatlar yadroviy tiyib turish konsepsiyasiga tobora ko‘proq tayanayotganini ta’kidladi. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi bir yil ichida barcha yadroviy davlatlar yangi yadroviy qurollarni ishga tushirgan.

2023 yilda Pentagon may oyi holatiga ko‘ra, Xitoy 500 dan ortiq yadroviy zaryadga ega ekanini ma’lum qildi; idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib Pekindagi jangovar kallaklar soni 1000 dan oshadi.

Mavzuga oid