Jahon | 16:27 / 04.04.2025
2674
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQSh tovarlariga boj tariflarini oshiradi

Pekin Vashington qaroriga muqobil javob qaytaradi.

Foto: EPA

Xitoy Moliya vazirligi 10 apreldan boshlab Qo‘shma Shtatlardan import qilinadigan barcha tovarlarga qo‘shimcha 34 foizlik boj joriy etishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Bu qaror AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan tariflarga javoban qabul qilingan.

«Qo‘shma Shtatlarning bu [tarif] amaliyoti xalqaro savdo qoidalariga ziddir, Xitoyning qonuniy huquqlari va manfaatlariga jiddiy putur yetkazadi va an’anaviy bir tomonlama qo‘rqitish amaliyotidir», deb CNN Xitoy Davlat kengashi bayonotidan iqtibos keltirdi.

2 aprel kuni Donald Tramp barcha mamlakatlar tovarlariga boj joriy etishini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, «o‘nlab yillar davomida» Qo‘shma Shtatlar boshqa davlatlarga nisbatan bojlarni pasaytirib kelgan, bu davlatlar esa aksincha, «Amerika tovarlariga katta bojlar qo‘ygan». Tovar bojlari joriy etilayotgan mamlakatlar ro‘yxatiga Xitoy ham kirdi va boj stavkasi 34 foizni tashkil etdi.

Xitoy Tramp tariflarining asosiy qurbonlaridan biri bo‘ldi. Bu Tramp qayta saylanganidan keyin Vashington Pekinga joriy qilgan uchinchi boj to‘lqini edi. Har safar tariflar bir-birini qoplamaydi, balki umumlashtiriladi. Savdo urushining dastlabki ikki bosqichidan so‘ng ular 20 foizga yetdi. Oqibatda Xitoy importiga umumiy boj miqdori 54 foizga yetdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid