Yaqin Sharqning o‘zgarayotgan manzarasi: mintaqada qanday savdolashuvlar ketyapti?
Donald Trampning navbatdagi to‘rt yilligi Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatining qayta shakllanish dinamikasini kuchaytiradigandek. Xo‘sh, eng qaynoq mintaqaning asosiy aktorlari 2025 yilga qanday mavqeda kirib keldi? Kun.uz'da yetakchi ekspertlar ishtirokida “Geosiyosat” dasturining navbatdagi katta soni.
— Trampning Isroilga yon bosish siyosati Yaqin Sharqda qanday geosiyosiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: Donald Trampning moyilliklari juda yaxshi o‘rganilgan va biz uni yaxshi bilamiz. Bu galgi saylov va undan keyingi jarayonlarda uning stilistikasi ancha o‘zgargan hamda u islomofobiyani tez-tez tilga olayotgani yo‘q. Biroq uning Isroil bilan munosabatlari juda yaxshi va uning oilasida hamda saylov kampaniyasiga homiylik qilgan shaxslar orasida yahudiylar bor. U birinchi vakolat muddatida Suriyaning bosib olingan Jo‘lon tepaliklarini Isroil hududi sifatida tan olgan va bu aktga qo‘l qo‘ygan birinchi prezident. Isroilliklar AQShda hokimiyat tepasiga respublikachilar emas, balki aynan Tramp kelishini istagan va yaqinda o‘tkazilgan HAMAS va Isroil muzokaralarida ham Donald Trampning roli katta. Tramp harbiy urushlar emas, balki savdo-iqtisodiy hamda psixologik urushlar tarafdori. Bundan tashqari, Suriyadagi to‘ntarishlar fonida Isroil Suriyaning bir qancha hududlarini bosib oldi va biroz vaqt o‘tib Donald Tramp bu hududlarni Isroilniki deb tan olishi ehtimoli mavjud. Shulardan kelib chiqsak, Trampning prezidentlikka kelishi Yaqin Sharqdagi vaziyatga katta ta’sir ko‘rsatadi, Isroilning “qo‘llari ancha yechiladi” va mintaqadagi amerikaparast loyihalar jadallashadi.
Shavkat Ikromov: Hozirda kuzatuvchilar tomonidan 2020 yildagi Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi Ibrohim kelishuvlarini yakunlab qo‘yish masalasi ko‘tarilishi aytilmoqda. Saudiya esa bu kelishuv uchun Isroil G‘azoda tinchlik o‘rnatilishi kerak degan qat’iy pozitsiyada turibdi. G‘azoda Isroil hokimiyatining o‘rnatilishi arab davlatlari, xususan, Saudiyaning keskin noroziligiga sabab bo‘ladi. Tramp Ibrohim kelishuvlariga erishish uchun katta kreditlardan foydalangan, ya’ni BAA anchadan beri qo‘lga kirita olmayotgan qurollarini AQShdan sotib olgan va xavfsizligini kuchaytirgan. Hozirda mintaqada normalizatsiya jarayoni ketyapti, arab davlatlarining Turkiya bilan munosabatlari yaxshi va joriy 4 yillikda Tramp arab davlatlariga bosim o‘tkazib biror narsaga erishishi qiyin. Bu muddatda mintaqada katta urushlar kutilmayapti, chunki katta urushlar Amerika manfaatlariga ham zid hisoblanadi.
Habibulloxon Azimov: Donald Trampning bayonotlari yoki mintaqaga bosimini G‘azodagi urushni to‘xtatish sifatida baholash kerak emas, chunki yaqinda amalga oshirilgan kelishuv tinchlik shartnomasi emas, balki shunchaki asirlar almashish bo‘yicha muzokaralar ekani aytildi. Shunday ekan, Trampning hokimiyatga kelishi G‘azodagi urushda biroz tanaffus yuzaga keltirishi mumkin, biroq bu Isroilning mintaqadagi tajovuzkorona siyosatiga to‘siq bo‘lmaydi.
Farhod Karimov: AQShning G‘azoga nisbatan siyosati o‘zgarmaydi, chunki Amerika prezidentlari almashganida bu mintaqaga nisbatan yondashuv o‘zgarishi mumkin, biroq siyosat yo‘nalishi o‘zgarmaydi. Isroil o‘zining atrofidan Eron kuchlarini yo‘qotishni maqsad qilgan. Yaqin Sharq davlatlarining barchasi Eron borasida deyarli bir xil pozitsiyaga ega va AQSh ularni qo‘llab-quvvatlab keladi. AQShning Yaqin Sharq davlatlarida qurilgan harbiy bazalari ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Eronning o‘zi ham ancha o‘zgaryapti, ya’ni ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritmoqchi bo‘lyapti. Trampning Falastin bo‘yicha siyosati biroz mo‘’tadillashishi mumkin, chunki unga hozircha arab davlatlari bilan yaxshi munosabatlar kerak, shuningdek, Isroilni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash juda qimmatga tushyapti. AQSh Isroilni boshqa siyosiy instrumentlar yordamida ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin, bundan tashqari, bunday harbiy yurishlarni qo‘llab-quvvatlash Tramp siyosatiga ham ziddir.
— Netanyahu G‘arbiy sohilda ham operatsiya boshladi, Jyeninda kuch ishlatish G‘azodagi kabi keng qirg‘inga aylanib ketishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: G‘azo sektori g‘azoliklar va HAMAS nazoratida bo‘lgan va urush kuchayib ketgan, G‘arbiy sohillar esa isroilliklarning aholi punktlari orqali deyarli egallab bo‘lingan. G‘azo to‘liq HAMAS nazoratida bo‘lgani uchun u yerga 7 oktyabrdan oldin kira olmas edi. G‘arbiy sohillar Falastin hududi bo‘lishiga qaramay, u yerda Isroil ta’siri juda kuchli. Shu sababli Isroil katta harbiy operatsiyalar o‘tkazsa, isroilliklarning aholi punktlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Shavkat Ikromov: G‘arbiy sohillardagi operatsiyalar keng ko‘lamli harbiy harakatlarga aylanishi ehtimoli juda kam. Biroq bu yerda tarkibiy o‘zgarishlar uchun juda faol harakatlar olib borilyapti. G‘arbiy sohilning norasmiy gubernatori sifatida Netanyahu atrofidagi o‘ta o‘ngchilardan biri Smotrich e’tirof etiladi va G‘azo bilan kelishuvning ikkinchi bosqichi sababli o‘z iste’fosini e’lon qilishini aytgan siyosatchilardan biri aynan Smotrich edi. Uning iste’fosi Netanyahu atrofidagi o‘ta o‘ngchilarni parchalab yuboradi va Netanyahuning o‘zi ham iste’foga chiqishi mumkin. Natijada esa unga ochilgan ko‘plab jinoiy ishlar yana ko‘tarilishi ehtimoli bor. G‘arbiy sohildagi operatsiyalar esa mazkur o‘ta o‘ng siyosatchilarni chalg‘itish uchun olib borilmoqda. G‘arbiy sohildagi vaziyat kelishuv ikkinchi bosqichining ortga surilishiga yoki umuman amalga oshmasligiga olib kelishi mumkin.
Habibulloxon Azimov: Netanyahu G‘arbiy sohildagi operatsiyalar orqali bu hududda yashovchi falastinliklarning majburiy migratsiyasini tashkil etishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bunga uni o‘ta o‘ng siyosatchilarning kuchli bosimi undagan bo‘lishi ehtimoli bor.
Farhod Karimov: Isroil bunday operatsiyalarni vaqti-vaqti bilan amalga oshirib turadi, bunday harakatlar avval ham bo‘lgan, ammo G‘azodagi urush fonida bu bilinmagan. 19 yanvarda Jyenin brigadasi va Falastin hukumati o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan, asirlar almashinuvi doirasida ozod qilinayotganlar orasida Jyenin to‘qnashuvida hibsga olinayotganlar bor va isroilliklarning o‘zi Netanyahuga mazkur asirlar ozod qilinsa, Jyeninga qaytishi va yana muammo chiqarishidan xavotirli norozilik bildirgan, shu sababli G‘arbiy sohillarda tozalash ishlari davom etmoqda.
— Eronning qarshilik o‘qi sinishi mintaqadagi kuchlar muvozanatini butunlay o‘zgartiradimi? Yaqin 4 yillikni qanday tasavvur qilasiz?
Shavkat Ikromov: Hozirgi vaziyatda Eron o‘z qarshilik kuchini qayta tiklashi imkonsiz. Bunda asosiy nuqta edi va Bashar Asadning hokimiyatda turishi Eronning Suriyadagi ayrim kuchlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni birlashtirishga undagan bo‘lardi. Lekin endi u yerda boshqa kuchlar hukmron va ular boshqa davlatlar bilan munosabat o‘rnatmoqchi. Eron atrofdagi Isroilga qarshi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash orqali Isroilni zaiflashtirmoqchi edi, biroq urushlar natijasida o‘sha kuchlarning o‘zi nihoyatda zaiflashdi. Hozirda deyarli barcha kuzatuvchilar Suriyada tinchlik va barqarorlik hukm sursa, Eron o‘z qarshilik o‘qini yaqin to‘rt yillikda tiklashi nihoyatda qiyin masala ekani haqida yozmoqda.
Kamoliddin Rabbimov: Eron o‘zining qarshilik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashdan va izolyatsiyadan qattiq charchagan. Shuning uchun ham izolyatsiyadan chiqishga harakat qiluvchi siyosatchilarga ovoz bergan. Endi qarshilik bayrog‘i Erondan Turkiya qo‘liga o‘tyapti. Biroq Turkiyaning resurslari juda katta emas, shuningdek, prezident ham yaqin yillarda almashishi mumkin, agar Erdo‘g‘an yaqinda prezidentlikka saylanib, yana 20 yil boshqaruvda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lganida uning qarshilik o‘qini istiqbolli deb atash mumkin bo‘lardi.
Farhod Karimov: Eronning kuchsizlanishi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga katta ta’sir qiladi, albatta. Endi siyosatda bo‘shliq paydo bo‘lyapti va Eron bu bo‘shliqni to‘ldirishga urinmayapti. Chunki uning asosiy maqsadi o‘zidagi ichki o‘zgarishlarni iloji boricha tezroq amalga oshirish. Shu sababli u ko‘p vektorli siyosat yo‘lini tanlagan, hatto Rossiya bilan ham ehtiyotkor munosabatda bo‘lyapti. Yaqinda imzolangan strategik hamkorlik shartnomasida harbiy band kiritilmadi, shunchaki ular urushga kirsa, ikkinchi tomonni qo‘llab-quvvatlamaslik to‘g‘risidagi bandni qo‘shdi xolos. Eron G‘arb bilan yaqinlashish orqali o‘z mintaqasidagi ayrim manfaatlardan voz kechishi kerak bo‘ladi, bu esa geosiyosiy bo‘shliqni yuzaga keltiradi, Erondan qolgan bo‘shliqni Turkiya, Isroil yoki Saudiya to‘ldirishi mumkin.
— Arab davlatlarida diniy va dunyoviy kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar yangi inqiloblar yoki inqirozlarga sabab bo‘lishi mumkinmi? Qaysidir davlatlarda buning elementlari bormi?
Farhod Karimov: Tahrir Hayyat ash-Shomning Suriya hokimiyati tepasiga kelishi mintaqaga yangi siyosiy-diniy impuls berishi mumkin, Yamanda ham diniy muammolar to‘liq hal bo‘lmagan, shuningdek, Misrdagi harakatlar ham tag-tugi bilan yo‘qolmagan, bundan tashqari, Liviyada diniy harakatlarni siyosiylashtirish masalasi dolzarb. Tunisda ham diniy radikal guruhlar hamda hukumat o‘rtasidagi munosabatlar to‘liq shakllangani yo‘q. Iroq va Suriya masalasi ham juda jiddiy, Iroqda sunniylardan keyin hokimiyat tepasiga shialar kelganiga qaramay, bu hukmron shialar kurdlar hisoblanadi. Kurdlar esa etnik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki mamlakatda asosan arablar yashaydi, ammo neft bazalariga kurdlar egalik qiladi. Bunday muammolar Yaqin Sharq mintaqasida haligacha mavjud va Isroil bundan ustalik bilan foydalanadi.
Shavkat Ikromov: Diniy radikal guruhlar G‘arb davlatlari tomonidan mintaqadagi o‘z mustamlakalarini tark etish chog‘ida ularni boshqarib turish uchun sabab sifatida tashkil qilingan. Hozirda Isroil mazkur radikal guruhlardan hukumatlarga qarshi kurashish va o‘sha kurashlar fonida o‘z rejalarini amalga oshirishga harakat qilib turadi. Bunday taktikadan bir paytlar G‘arb davlatlari muvaffaqiyatli foydalanib kelgan.
— Turkiyaning Yaqin Sharq doskasida roli qanday bo‘ladi?
Farhod Karimov: Turkiyaning Yaqin Sharqdagi manfaatlari, nufuzi va ta’siri kuchaydi. Masalan, Eron Suriyada qoldirgan bo‘shliqlarni aynan Turkiya egalladi. Bunday vaziyat G‘arb davlatlari uchun ancha yaxshidek ko‘rinadi, chunki u NATO a’zosi va nisbatan G‘arbga yaqin davlat. Biroq Turkiya musulmon davlat va vaqti kelib Isroilga yetarlicha muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli AQSh va Isroil Erondan qolayotgan bo‘shliqlarni to‘liq Turkiya egallashidan manfaatdor emas, Turkiyaning kuchayishi kun kelib Turkiya va Isroil o‘rtasida o‘ziga xos bir raqobatni shakllantiradi.
Shavkat Ikromov: Amerikada shunday qarash paydo bo‘lganki, Yaqin Sharq mintaqasida biror bo‘shliq yuzaga kelishi bilan Xitoy va Rossiya bu bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qiladi. Bu qarashga ko‘ra, ularga Turkiya ma’qulroq, biroq mintaqa davlatlari Turkiyani qabul qilishni istamaydi – bir nechta arab mamlakatlari uzoq vaqt Usmonlilar imperiyasi tarkibida bo‘lishgan.
Turkiyaning Isroilga nisbatan shu vaqtgacha bo‘lgan munosabati, G‘azodagi qirg‘inda Isroilni tiyish uchun real harakatlarni amalga oshirmagani (Anqarada bunday imkoniyatlar bor edi) keyinchalik Turkiya Isroilni tiyib turadigan kuchga aylanadi deyishga imkoniyat bermaydi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Leapmotor avtomobillarining O‘zbekistonga importi cheklangani yuzasidan izoh berdi
O‘zbekiston | 15:52 / 11.04.2025
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamoqqa olindi
Jamiyat | 09:52 / 10.04.2025
Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi
Jahon | 22:59 / 09.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘zbekistonda Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning filiallari tashkil etiladi
O‘zbekiston | 10:11
-
Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?
O‘zbekiston | 10:00
-
Ukraina Rossiya hujumini kutib, kuchlarini Sumiga o‘tkazmoqda
Jahon | 09:50
-
Intellektual mulk sohasida yangi ko‘krak nishoni ta’sis etiladi
O‘zbekiston | 09:31
Mavzuga oid

10:47 / 11.04.2025
Isroil bilan to‘qnashuvdan so‘ng HAMASdan nima qoldi?

00:11 / 11.04.2025
Stiv Uitkoff Eronning yuqori martabali vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazadi

09:49 / 10.04.2025
Tramp: Isroil Eronga qo‘shma zarba berishda yetakchi bo‘ladi

22:28 / 09.04.2025