«Ehtimol, men investitsiyalarni köpaytirişda juda faol böldim va janob Putinga bu yoqmadi», deb hazil qildi Rheinmetall yirik harbiy-sanoat konserni direktorlar kengaşi raisi Armin Papperger DW'ning unga nisbatan Kreml buyruği bilan amalga oşirilgan suiqasdga uriniş sabablari haqidagi savoliga javoban.

«Ammo, - deya qöşimça qildi Papperger, - agar men yöq bölganimda, konsernni şunçaki yangi odam boşqarar edi va heç narsa özgarmas edi».

Rossiya diversiyalari tahdidi

Joriy yilning yanvar oyi oxirida NATO boş kotibi yordamçisi örinbosari Jyeyms Appaturay Rossiya Armin Pappergerni öldirişni rejalaştirganini rasman tasdiqladi. Appaturayning aytişiça, AQŞ va Germaniya razvedka xizmatlari tomonidan töxtatilgan bu fitna Rossiyaning Yevropa böylab mudofaa sanoati rahbarlarini öldiriş rejalarining bir qismi bölgan.

Nemis razvedka idoralari ma’lumotlariga köra, Germaniya harbiy-sanoat kompleksi korxonalarining özi ham xavf ostida. Germaniya Konstitutsiyani himoya qiliş federal idorasi rahbari Tomas Xaldenvangning sözlariga köra, Rossiya «eng şafqatsiz vositalar bilan uruş olib borişga tayyor va diversiyadan foydalanmoqçi». Federal jinoiy politsiya boşqarmasi, şuningdek, nemis kompaniyalarini Rossiya manfaatlari va uning buyruği bilan sodir etilişi mumkin bölgan qöporuvçilik harakatlari haqida ogohlantirmoqda.

Germaniyaning 155 millimetrli artilleriya snaryadlarini eng yirik va muvaffaqiyatli işlab çiqaruvçi Rheinmetall Pappergerga suiqasddan oldin Ukrainada zirhli maşinalar zavodini oçayotganini e’lon qilgan va bu Kremlda «çuqur xavotir»ga sabab bölgan, deydi razvedka ma’lumotlaridan xabardor manbalardan biri.