Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangilangan Damas va Cobalt, 8 qavatga qisqargan «qo‘ziqorin uy» – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Yangilangan Damas va Cobalt ishlab chiqariladi
UzAuto Motors o‘zining eng xaridorgir ikki avtomobili – Chevrolet Damas va Cobalt avtomobillari bo‘yicha kutilayotgan yangiliklar haqida ma’lum qildi.
Jumladan, Damas miniveni yangi versiyasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Unda avtomobil o‘lchamlari kattalashadi, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imi oshadi. Yangi modelning yo‘lovchi versiyasi Damas Move deb nomlandi. Yuk-yo‘lovchi versiyasiga esa Damas Max deb nom berildi.
Chevrolet Cobalt avtomobilining ham hozirda mavjud komlektatsiyalariga qo‘shimcha ravishda, ikkita yangi Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi. Keyingi bosqichida avtomobilning tashqi ko‘rinishi o‘zgartiriladi.
Narxlar va sotuv boshlanishi sanasi keyinroq ma’lum qilinadi.
Toshkent metrosining 14 ta yangi bekatini qayta ochish kechiktirildi
Toshkent metrosining yerusti halqa yo‘li yo‘nalishi ta’mirdan keyin avval aytilganidek 18 oktyabrda emas, taxminan 1 noyabrda ochiladi.
14 ta bekatdan iborat «Mustaqillikning 30 yilligi» yo‘nalishida «Qipchoq» va «Turon» bekatlari 8 iyundan beri, «Quruvchilar»dan «Yangiobod»gacha bo‘lgan 6 ta bekat 28 iyundan beri, «Yangiobod»dan «Do‘stlik»kacha bo‘lgan so‘nggi 6 ta bekat 2 avgustdan beri yopiq qolmoqda. Rasmiylar ta’mirlashni «rejali profilaktik ishlar» deb atamoqda.
Toshkent metrosining yerusti halqa yo‘li («Mustaqillikning 30 yilligi» yo‘nalishi) 2017-2024 yillarda qurilgan edi. 2025 yil iyuniga kelib, yo‘nalishda relslar va shpallarni almashtirish boshlandi. Transport prokuraturasi bu jarayonda qator kamchiliklar aniqlangani haqida xabar bergan.
Samarqanddagi «qo‘ziqorin uy»ning sakkiz qavati buzib tashlandi
Samarqand tumanida Furqat Xalilov tomonidan qurilgan va seysmik jihatdan xavfli deb topilgan 12 qavatli binoni buzish jarayoni davom etmoqda. Ijro jarayoni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudining 2022 yil 6 iyuldagi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur bino qurilishi 2012 yilda, hech qanday arxitektura ruxsatnomasi, seysmik va geologiya xulosalarisiz, xususiy tartibda qurilishi boshlangan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bino qurilish me’yorlariga javob bermaydi, xavfli va seysmik jihatdan yetarli darajada barqaror emas.
Doktorantura va boshqa ilmiy tadqiqot yo‘nalishlariga qabul kvotasi tasdiqlandi
2026 yil uchun stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktoranturaga ilmiy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi.
Yuqoridagi barcha yo‘nalishlarga 5300 ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 4094 tasi tayanch doktorantura, 714 tasi doktorantura, 398 tasi stajyor-tadqiqotchi yo‘nalishlariga beriladi. Maqsadli doktoranturaga (DSc va PhD) 76 ta o‘rin ajratiladi. Ekologiya sohasidagi xotin-qizlar uchun uch yo‘nalishga 18 ta o‘rin beriladi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’limning barcha shakllari va stajyor-tadqiqotchilik uchun hujjatlar qabuli 2025 yil 5 noyabrgacha davom etadi.
Meva-sabzavotlarga minimal eksport narxlari bekor qilinadi
Prezident farmoniga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda davlat tomonidan minimal narxlarni belgilab qo‘yish amaliyoti to‘xtatiladi. Bu tartib o‘tgan yili joriy etilgan va tahlilchilar uni «meva-sabzavot eksportiga zarba» deb atagandi.
Meva-sabzavotlar, shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlari eksportida minimal narxlar amaliyoti 2024 yilda joriy etilgan edi.
Farmonda issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz kafolatli tarzda yetkazib berilishi ham belgilangan, shuningdek, issiqxonachilarga soliq imtiyozi berilgan.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025