Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni saqlab qoliş uçun zudlik bilan Vaşingtonga borgan Rossiya bevosita investitsiyalar fondi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev Moskvaga quruq qöl bilan qaytganga öxşaydi, deb yozdi The Moscow Times.

Dmitriyevning taşrifi Tramp Putin bilan Budapeşt sammitini bekor qilib, «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarşi sanksiyalarni joriy qilganidan biroz ötib amalga oşirildi. Ammo uning yakunlari böyiça sezilarli özgarişlar haqida Rossiya tomoni ham, AQŞ tomoni ham xabar bermadi.

«Men vaqtni behuda sarflamoqçi emasman», dedi Tramp Putin bilan uçraşuv istiqbollari haqida.

The Telegraph naşriga köra, Dmitriyev taşrifi çoğida qaror qabul qiluvçi amaldorlardan heç biri Vaşingtonda bölmagan: Trampning özi, davlat kotibi Marko Rubio va moliya vaziri Skott Bessent Osiyo mamlakatlari böylab safarga jönab ketgan edi.

Dmitriyev bilan omma oldida uçraşişga rozi bölgan yagona şaxs rossiyaparast kongressmen Anna Paulina Luna böldi. Dmitriyev unga Putinning iqtiboslari yozilgan şokoladni sovğa qildi. Şuningdek, u Stiven Uitkoff bilan uçraşişni rejalaştirgan edi, ammo suhbat bölgan-bölmagani noma’lum.

Dmitriyev CNN va Fox News telekanaliga intervyu berib, sanksiyalarga qaramay, Rossiya iqtisodiyoti mustahkamlanayotgani, Rossiya armiyasi heç qaçon fuqarolik obektlariga zarba bermasligiga işontirdi. Şuningdek, u AQŞ rasmiylariga «Burevestnik» haqida ma’lumot berganini aytdi.

«Dmitriyev vaziyatni qutqariş va amerikaliklar bilan tösatdan keskinlaşgan ziddiyatlarni hal qiliş uçun şoşilinç missiya bilan AQŞga bordi, biroq ularga sovğa sifatida Putinning döstona bölmagan iqtiboslari yozilgan şokoladlarni yetkazdi. Rossiya elçisi yana bir sanksiyalar paketini «söraşga» qaror qilganga öxşaydi», dedi siyosatşunos Abbos Gallyamov.

Avvalroq Dmitriyev Trampga Arktikani birgalikda özlaştirişdan tortib, nodir metallarni qazib olişgaça bölgan yirik iqtisodiy loyihalarni taklif qilgandi. Oxirgi taşrifidan oldin u Alyaska va Çukotkani boğlaş uçun Bering böğozi ostidan tunnel qaziş ğoyasini ilgari surdi.

«Rossiyada heç qanday haqiqiy iqtisodiy közir qolmadi. Faqat eski, eskirgan argument - yadro quroli bilan tahdid qolmoqda», dedi Rossiyaning Jyenevadagi BMT missiyasining sobiq xodimi, Ukrainaga bostirib kirganidan köp ötmay Taşqi işlar vazirligidan iste’foga çiqqan Boris Bondarev.