Taşqi işlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati qayta körib çiqiladi. Bu haqda 15 yanvar kuni bölib ötgan yiğilişda prezident Şavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Davlat rahbari nutqining boşida uçraşuv keskin geosiyosiy özgarişlar va davlatlar suverenitetiga tahdidlar kuçayib borayotgan bir şaroitda ötayotganini ta’kidladi.
«Bunday şaroitda taşqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni tanqidiy muhokama qilib, Taşqi işlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangiça taşkil qiliş kerakligini davrning özi taqozo etmoqda», – dedi u.
Prezident taşqi siyosat borasida 2025 yil köp jihatdan natijador bölganini qayd etdi. Xususan, ötgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi taşriflar amalga oşirildi. Ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining Özbekistonga taşriflari taşkil etildi.
Davlat rahbarining sözlariga köra, «Markaziy Osiyo plyus» formatidagi köp tomonlama muloqotlar sermahsul böldi. Sönggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik şeriklik munosabatlari örnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozoğiston, Ozarboyjon, Tojikiston bilan ittifoqçilik munosabatlari yölga qöyildi.
«Oçiq, pragmatik, puxta öylangan va taşabbuskor taşqi siyosatimiz natijasida Özbekiston global tinçlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti», – deb ta’kidladi Şavkat Mirziyoyev.
Xorijiy davlatlarda 2017 yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi oçilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa örnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetgan.
Davlat rahbari yiğilişda çet eldagi elçixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro taşkilotlar huzuridagi vakolatxonalar ştatlari, ular va Taşqi işlar vazirligi xodimlarining oylik iş haqi köpaytirilganini qayd etdi.
Şu bilan birga, prezident ularning işi samaradorligiga şubha bildirdi.
«Lekin barça diplomatik vakolatxonalarimiz buni töğri anglab, mavjud imkoniyatlarni töliq işga solyaptimi? Diplomatik faoliyatni baholaşning bitta ölçovi bor, u ham bölsa – natija!», dedi davlat rahbari.
Uning sözlariga köra, hozirgi şaroitda elçi degani faqat siyosiy muloqot yurituvçi şaxs emas.
«Elçi – bu investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini oçadigan, transport-logistika yölaklarini işga soladigan, turistlar oqimini köpaytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uçun şaroit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir», – deb ta’kidladi Mirziyoyev.

Uning sözlariga köra, endilikda elçilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tuşumlari, turistlar oqimi, qonuniy iş joylariga fuqarolarimizni yuboriş ular uçun KPI bölişi belgilandi.
Prezident, şuningdek, iqtisodiy diplomatiyani kuçaytiriş orqali eksport va investitsiyalar hajmini oşiriş zarurligini ta’kidladi.
Hisobotga köra, ikki va köp tomonlama tadbirlar doirasida 2025 yilda umumiy qiymati 160 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari va savdo şartnomalari böyiça bitimlar imzolandi. Tarixda birinçi bor taşqi savdo aylanmasi 80 mlrd dollardan oşib, eksport miqdori 33,5 mlrd dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar ham keskin köpayib, 43 mlrd dollardan oşdi.
Rasmiy ma’lumotlarga köra, ötgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 mlrd dollarga köpaygan.












