Rossiya Mudofaa vazirligi bu yil Qizil maydondagi 9 may paradida oğir harbiy texnika iştirok etmasligini tasdiqladi. Tahlilçilar Şuhrat Rasul va Oybek Sirojovga köra, oxirgi vaqtlarda Ukrainaning jangovar dronlarni qöllaşdagi yutuqlari Moskvani şunga majbur qilgan. Oxirgi oylarda Rossiya böylab dron hujumlari soni keskin oşgani kuzatilmoqda.
Şuhrat Rasul: Men bu qarorni resurslar yetişmovçiligi bilan boğliq deb öylamayman. Rossiyada bronetexnika işlab çiqaruvçi korxonalar ikki-uç smenada işlamoqda. Parad uçun 100 ta BTR, 20-30 ta tank, şuningdek, öziyurar artilleriya va zenit tizimlarini frontdan ham olib keliş imkoniyati mavjud edi.
Menimça, masala biroz boşqaça. 2026 yil boşidan boşlab Ukrainaning Rossiya hududiga berayotgan zarbalari ham sifat, ham masofa jihatidan sezilarli darajada özgardi. Ukraina armiyasi dronlari endilikda 2000 kilometrdan ortiq masofaga ham zarba bera olmoqda.
Agar ötgan yili neft sanoatiga qilingan zarbalar soni taxminan 60 ta bölgan bölsa, joriy yil birinçi çoragidayoq 70 dan ortiq şunday hujumlar qayd etilgan. Ya’ni ötgan yilga nisbatan zarar kölami va zarbalar çuqurligi ortgan. Aynan şu omil parad taşkilotçilarini jiddiy öylantirgan bölişi mumkin.
Tasavvur qiling, jonli efirda translatsiya qilinayotgan parad vaqtida Kreml ustida bir neçta Ukraina dronlari paydo bölib qolsa. Agar şunday vaziyatda oğir harbiy texnikaga zarar yetkazilsa yoki u yöq qilinsa, bu Rossiya armiyasi uçun ham, davlat imiji uçun ham global miqyosda jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelişi mumkin. Menimça, asosiy ehtiyot çorasi aynan şu xavf bilan boğliq.
Oybek Sirojov: Uruş şaroitida dronlar va raketa zarbalari imkoniyatlarining kengayişi hamda ularning masofasi va aniqligi ortgani sababli ehtiyot çoralarini kuçaytiriş zarurati paydo bölgan. Hatto bir neça kun oldin parad ötkaziladimi yoki yöqmi, degan masala ham kun tartibida edi. Hozir esa mavjud ma’lumotlarga köra, parad ötkazilişi tasdiqlanmoqda, biroq oğir harbiy texnikalarsiz ötkazilişi ehtimoli yuqori.
Umuman olganda, sönggi 30 yil davomida bu parad muntazam ravişda ötkazib kelinmoqda va u Putin boşçiligidagi siyosiy tizimning muhim mafkuraviy hamda ramziy elementiga aylangan. Şu sababli uni ötkazmaslik rejim imijiga jiddiy salbiy ta’sir körsatişi mumkin edi. Biroq paradni töliq formatda ötkaziş ham, agar xavfsizlik bilan boğliq jiddiy tahdidlar yuzaga kelsa, Rossiya reputatsiyasiga salbiy ta’sir qilişi ehtimoli bor edi. Şu omillar hisobga olinib, hozirça texnikalarsiz parad ötkaziş varianti tanlangan bölişi mumkin.
Töliq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomoşa qilişingiz mumkin.












