AQSh federal marshallari ayollarga nisbatan kamsituvchi qarashlari hamda hashamatli turmush tarzini ko‘z-ko‘z qilishi bilan tanilgan inflyuenser Endryu Teyt hamda uning ukasi Tristanni qo‘lga oldi.

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, aka-ukalar Mayamidagi sport kompleksi yaqinida qo‘lga olishgan, o‘zi ham professional kikbokser bo‘lgan Endryu Teyt bu yerga mushtlashuv bo‘yicha turnir o‘tkazish uchun kelgandi.

Teytlar Buyuk Britaniya qirolligi prokuraturasi so‘rovi bilan ushlangan. London ularning AQShdan ekstraditsiya qilinishiga erishmoqchi. Aka-ukalar AQSh va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega.

«Bedfordshir politsiyasidan qo‘shimcha dalillar olingandan so‘ng ayblov e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilindi va natijada bu ish bo‘yicha jabrlanuvchilarning umumiy soni yetti kishiga yetdi», – degan qirollik prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘limi boshlig‘i Malkolm MakHaffi.

Buyuk Britaniyada aka-uka Teytlarga 2010–2017 yillar mobaynida sodir etilgan ko‘plab jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Gap nomusga tegish, badanga shikast yetkazuvchi tajovuz, pornografiya materiallarini tarqatish, odam savdosi va daromad olish maqsadida fohishabozlikni nazorat qilish kabi jinoyatlar haqida ketmoqda.

AQSh Adliya vazirligi Teytlar «ekstraditsiya jarayoni doirasida» qo‘lga olinganini tasdiqlagan. CNN manbasi xabariga ko‘ra, aka-ukalar keyingi haftada sudga olib kelinadi.

Buyuk Britaniyadan tashqari, Endryu va Tristan Teytga Ruminiyada ham odam savdosi va jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.

Endryu Teyt va ukasi shu yil aprel oyi boshida O‘zbekistonga kelgandi.

Ular bir necha kun davomida Toshkent va Samarqandda bo‘lgan, fanatlari bilan ko‘rishgandi. Ular aeroportda vokzalda tantanali ravishda kutib olingani aks etgan videolar tarqalgan, bu esa jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.

U videolaridan birida Samarqand shahridagi Amir Temur haykali yonida turib, sarkarda «o‘z faoliyatini qaroqchilikdan boshlagani» haqida gapirgandi.