Kitob oʻqishdan voz kechgan jamiyatning kelajagi qanday boʻladi? Insonga yaxshi yashash uchun faqat kasbiy bilimning oʻzi yetarlimi? Gumanitar fanlar, badiiy adabiyot va falsafa jamiyat hayotida qanday oʻrin tutadi?
Ilk suhbatda iqtisodchi Jamshid Muslimov va shifokor Odilxon Alimxonov noshir va faylasuf Xurshid Yoʻldoshev bilan kitobxonlik madaniyati, ilmga munosabat va bola tarbiyasi haqida suhbatlashdi.
Suhbat davomida bolalar va kattalarning kitob oʻqishga qiziqishi nega pasaygani, ota-onaning farzand taʼlimidagi oʻrni, kasbiy bilim bilan umumiy bilim oʻrtasidagi farq, aniq va gumanitar fanlarning ahamiyati, jamiyatdagi etik standartlar hamda «yaxshi hayot kechirish uchun yaxshi oʻqishning oʻzi yetarlimi?» degan savollar muhokama qilindi.
Shuningdek, badiiy adabiyotga boʻlgan talab, kitobni qanday oʻqish kerakligi, qogʻoz va elektron kitoblarning afzalliklari, audiokitoblar va adabiyotning kino bilan munosabati haqida ham fikr yuritildi.
Podkastning maqsadi - ilm, kitobxonlik va tafakkur madaniyati haqida ochiq suhbatlar orqali jamiyatda intellektual muhitni kuchaytirishdan iborat.





