2-sentabr kuni AQSH Zarbxonasi Tramp tasvirlangan bir dollarlik kolleksiya tangasini chiqardi. Natijada u soʻnggi yuz yil ichida portreti Amerika pullarida paydo boʻlgan birinchi tirik AQSH prezidentiga aylandi. Tanga AQSH 250-yilligiga bagʻishlangan.

Zarbxona 25 tangadan iborat toʻplamni 61 dollardan, 100 tangalik xaltachani esa 154 dollar-u 50 sentdan sotuvga chiqardi. Oradan bir necha soat oʻtgach, Zarbxona saytida tangalar «ayni paytda mavjud emasligi» haqida xabar paydo boʻldi.

Zarbxonaning tushuntirishicha, Tramp tasvirlangan tanga «ushbu tarixiy marrani nishonlash» doirasida chiqarilgan va «zamonaviy kolleksiyalarga ajoyib qoʻshimcha» boʻlishi koʻzda tutilgan. Tangalar Zarbxona saytidan tashqari, Vashingtondagi savdo avtomatlarida ham sotilmoqda.

f4b99b70-a746-11f1-b109-879e35c24276.jpg
Reuters

Ular tilla tangaga oʻxshaydi, lekin aslida tarkibida oltin yoʻq: ular zarb qilingan qotishmaning 88,5 foizi misdan, qolgani esa rux, marganets va nikeldan iborat.

Joriy yilning may oyida AQSH Gʻaznachilik kotibi Skott Bessent oʻz idorasi AQSH 250-yilligi munosabati bilan Donald Trampning surati tushirilgan 250 dollarlik banknot chiqarishni rejalashtirayotganini eʼlon qilgandi.

AQSH federal qonunchiligi pullarni tirik odamlarning surati bilan bezashni taqiqlaydi. Tramp tarafdorlari Kongressga oʻz kumiri uchun istisno qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini kiritgan, biroq uni qabul qilish jarayoni toʻxtab qolgan.

Skott Bessent yangi banknot chiqarish rejalari haqida maʼlum qilar ekan, AQSH prezidentining portreti uning hayotligida Amerika pullarida avval ham paydo boʻlganini eslatdi: bu AQSH mustaqilligining 150-yilligi munosabati bilan chiqarilgan yarim dollarlik tangadagi prezident Kelvin Kulij edi. Unda ikkita profil: Kulij va Jorj Vashingtonning surati boʻlgan.

Prezident Trampning tasvirini pulga joylashtirish mumkinligini isbotlash uchun uning maʼmuriyati birinchi prezidentlik davrida qabul qilingan «Muomaladagi kolleksiya tangalarini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida»gi 2020-yilgi qonunga ham tayangan.

Ushbu qonun hozir hayot boʻlgan odamlarning tasvirini tangalarning orqa tomoniga (revers) joylashtirishni taqiqlaydi, lekin old tomoniga (avers) emas. Yangi bir dollarlik tangalarning aynan old tomonida Trampning portreti joylashtirilgan.