Oʻzbekiston mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Koreya Respublikasida oʻtkazilgan Xalqaro ilmiy jangovar tayyorgarlik musobaqasida munosib ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli musobaqada AQSH, Ozarboyjon, Avstraliya, Polsha kabi jami 7 ta mamlakatning 12 ta jamoasidan 500 nafarga yaqin ishtirokchi oʻzaro kuch sinashdi. Bu jarayonlarni Turkiya, Meksika, Filippin, Malayziya singari 8 ta davlat harbiylari kuzatib bordi.
2023-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan mazkur musobaqaning bu yilgi bosqichida dastlab ishtirokchilar togʻli, oʻrmonli, shahar hududlarida jang olib borish shartlarini bajargan. Soʻngra bir vaqtning oʻzida har uchala hudud sharoitida jang olib borish bosqichida kuch sinashgan.
«Har qanday mutaxassisdan katta tajriba va mahorat talab etadigan shartlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun qiyinchilik tugʻdirmadi. Ular turli yoʻnalishlarda rekord natijalarni qayd etdi. Xususan, harbiylarimiz togʻli hududda mudofaada turgan shartli dushman kuchlarini talafotlarsiz toʻliq yakson qilib, 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Shu kunga qadar hech bir jamoa bunday natijani qayd etmagan», – deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.




Shahar sharoitida jang olib borish shartida ham mudofaalanayotgan shartli dushmanga hujum uyushtirib, barcha obyektlarni va 7 ta bayroqni qoʻlga kiritdi. Bu muvaffaqiyat ham avval hech bir jamoa tomonidan erishilmagan.
Shuningdek, oʻzbekistonlik harbiylar jamoasi shahar sharoitida jang olib borishda mudofaa obyektlarini ushlab turish boʻyicha hech bir jangchini yoʻqotmagan holda 7 ta obyekt va barcha bayroqlarni qoʻlga kiritib, rekordni yangilagan.






















