Ustozlardan eshitilgan gaplarning bir qismi oʻqish va bilim olishga undaydi. Ayrim nasihatlar oddiy koʻrinsa-da, yillar oʻtib ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. «Ertalab vaqtliroq turib oʻqishingga bor», degan gap oʻquvchilik davridagi oddiy tanbehlardan biri boʻlgan.

«Hayot har doim ham sen xohlaganingdek boʻlavermaydi. Shuning uchun oʻzingning kuching yetadigan darajada oʻqi».

«Beshga oʻqinglar, lekin besh olish uchun hamma narsani qilishinglar shart emas. Hayotda baho vaznli emas».

«Nima boʻlishidan qatʼi nazar, yaxshi oʻqigan, harakat qilgan inson hech qachon kam boʻlmaydi».

«Bugundan boshlasang ham kech emas».

Respondentlar eslagan gaplar orasida ustozlarning bilimdan tashqari, inson boʻlishga chaqirgan nasihatlari ham bor.

«Faqat yaxshi oʻqinglar... odam boʻlinglar, inson boʻlish kerak».

Universitetda dars bergan ustozlardan biri esa boʻlajak shifokorlarga kasbdan oldin insonlikni qoʻyishni uqtirgan:

«Birinchi oʻrinda yaxshi inson boʻlinglar, keyin albatta yaxshi shifokor boʻlasizlar».

Bu kabi gaplar ustozlik faqat fan oʻrgatish bilan cheklanmasligini koʻrsatadi. Ayrim ustozlarning shogirdlariga aytgan oddiy bir jumlasi ham yillar oʻtib ularning hayot qarashlariga aylanishi mumkin.
Soʻrovnomadagi eng taʼsirli javoblardan biri esa insonning oʻz imkoniyatlariga ishonishi haqida:

«Hayotda hech qachon “qoʻlingdan hech narsa kelmaydi” degan odamga ishonma. Hattoki menga ham».

Ustozning shogird hayotidagi oʻrni baʼzan aynan shunday oddiy, ammo yillar davomida unutilmaydigan soʻzlarda namoyon boʻladi. Chunki maktab yoki universitet davri tugaganidan keyin ham ayrim gaplar inson bilan birga qoladi.