O‘zbekiston | 18:20 / 22.04.2018
11710
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy qism tashkil topgan kun keng nishonlandi

Toshkent harbiy okrugidagi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qism tashkil topgan sana munosabati bilan bayram tantanasi o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tantanada Mudofaa vazirining o‘rinbosari – Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burxonov harbiy qism tomonidan erishilgan muvaffaqiyatlarni e'tirof etdi. 

– Osmondagi mahorat yerdagi mashqlarda ta'minlanadi. Bundan keyin ham jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlikni izchil oshirib borishga harakat qilamiz. Barcha bo‘g‘indagi komandirlarning faoliyati harbiy xizmatchilarda yuksak ma'naviy va axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, faol hayotiy pozitsiya hamda vatanparvarlik, mamlakat taqdiri uchun mas'uliyat hissi bilan yashash tuyg‘usini yanada kuchaytirishga qaratilgan. Ushbu sana munosabati bilan Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlanishim zimmamdagi mas'uliyat zalvorini yanada oshirdi, – deydi mayor Ulug‘bek Norov. 

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining xonanda va raqqosalari harbiy xizmatchilar hamda askarlarning bayramona kayfiyatini ko‘tardi.

Harbiy qismda tashkil etilgan vertolyot texnikalarning ko‘rgazmali namoyishi yoshlarda uchuvchilik kasbiga ishtiyoqini kuchaytirdi.