O‘zbekiston | 10:06 / 15.10.2022
25858
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyo poytaxti bo‘lishga intilayotgan va buni uddalayotgan shaharda uch kun

Dubay. Bu shahar bugungi kunda taraqqiyot timsoli. Dunyodagi barcha yangi ixtirolar ko‘rgazmasi, osmono‘par binolar, eksperimental loyihalar, o‘ziga xos shaharsozlik namunasi bilan kishiga hayrat beradi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Amerikaning “Boeing” kompaniyasi hamda Dubay Turizm kengashi bilan hamkorlikda 7-10 oktyabr kunlari O‘zbekistondagi bir qator ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun Dubayga media-tur tashkil qildi.

Safar ishtirokchilari to‘rt kun davomida Dubayning eng diqqatga sazovor joylari, turizm salohiyati, mahalliy aholining o‘ziga xos madaniyati, qadriyatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bu shahar haqida ko‘p gapirilgan, ko‘p yozilgan. Turli ijtimoiy tarmoqlarda ham istaganingizcha ma’lumot topa olasiz. Biroq ushbu diyor har safar insonni hayratga solishda davom etaveradi. Taraqqiyotda to‘xtab turmasligi, eksperimental yangiliklarga boyligi bilan mana bir necha o‘n yillardan buyon dunyoning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

Media-tur ishtirokchilari birinchi kuni Dubayning eng yirik loyihalaridan biri – Palm binosida bo‘ldilar. Mazkur binoning 52 qavatidan turib butun shahar qiyofasi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Mashhur Palma oroli ushbu binodan yaqqol ko‘rinadi va u inson qo‘li bilan yaratilgan mo‘jizalardan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, kechasi shahar uyg‘onganidan so‘ng ushbu go‘zallikdan bahra olish uchun Palm binosiga kelgan insonlarning uzun navbatiga guvoh bo‘lasiz.

Turning ikkinchi kunida shaharning qadimiy hududi – Al-Fahidi massiviga borildi. 

 

Ushbu hudud ikki yuz yil avval shakllangan bo‘lib, asl holaticha saqlab qolishga harakat qilingan. Sayyohlar bu yerda arab xalqining madaniyati, urf-odatlari, osori atiqalar, shuningdek, eski binolar qurilishiga ham o‘ziga xos yondashilgani bilan tanishtiriladi.

Kunning ikkinchi yarmida o‘ziga xos arxitektura namunasi bo‘lgan Kelajak muzeyiga borildi. Ushbu muzey dunyoning eng go‘zal 14 muzeyidan biri hisoblanadi. Ushbu binoda siz Dubayning kelajak haqidagi tasavvuri bilan tanishishingiz mumkin.

 

Ushbu majmua Dubay hukmdori shayx Muhammad bin Rashid Al Maktumning “Kelajak – uni oldindan tasavvur qilib, loyihalashtirib, hayotga tatbiq eta oladiganlarning qo‘lida. Kelajak qachon kelar ekan, deb kutilmaydi, u qo‘llar bilan yaratiladi”, – degan so‘zlariga hamohang yaratilgan.

Turning uchinchi kunida “Yashil sayyora” (“Green Planet”)ga borildi. Mazkur bino haqiqatan ham mo‘’jaz sayyorani eslatadi. Ichkarida shunday iqlim yaratilganki, butunlay boshqa makonni eslatadi. Toza havo, o‘simlik, hayvonot va qushlar dunyosini ko‘rib, hayratlanasiz.

Media-tur ishtirokchilari arab milliy taomlarining qanday tayyorlanishi, tub aholining yashash tarzi bilan ham tanishdilar.

 

Jurnalist va blogerlar uchun Safari-tur ham tashkil qilindi. Dubay cho‘llariga qilingan sayohat, lochinlar shousi va ochiq tabiatda yurgan hayvonot olami ham o‘ziga xos taassurot qoldirdi. Guvoh bo‘ldikki, turizmning ushbu yo‘nalishi ham butun dunyodan kelgan mehmonlarni o‘ziga jalb qilmoqda.

 

Uch kunlik Dubay safari bizga ko‘p narsani o‘rgatdi. Dubay shunchaki baland binolar va sahro o‘rtasidagi go‘zal shahargina emas. U yerda tartib, o‘zaro hurmat, madaniyat va yashash uchun yuqori darajadagi qulaylik yaratilgan. Bir so‘z bilan aytganda, Dubay taraqqiyot nuqtai nazaridan dunyo poytaxti bo‘lishda davom etmoqda.

Isomiddin Po‘latov Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid