17:20 / 24.11.2019
1
52094

Prezidentning amaldorlarga topshirig‘i, «Narxoz»da erkin forma, IIV rahbariyatidagi o‘zgarishlar va haftaning boshqa xabarlari

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Tinchlik davri qurbonlari

19 noyabr kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanida IIB binosini ta'mirlayotgan yetti usta is gazidan zaharlanib vafot etdi. 20 noyabr kuni Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, Toshkent viloyatining Angren shahrida va Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida jami 5 kishi (3 erkak va 2 ayol) is gazidan zaharlanish oqibatida halok bo‘ldi, bir bola shifoxonaga yotqizildi.

O‘tgan haftada Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida bir oilaning yetti a'zosi bodring-pomidor konservasidan zaharlangan edi, ularning ikki nafari vafot etdi. Jizzaxda «Epika» avtomashinasi «Kamaz» yuk mashinasi orqasiga kelib urilishi oqibatida, yengil avtomobilda bo‘lgan 4 kishi voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.

Andijon viloyatida esa gaz portlashi oqibatida ona va o‘g‘il jarohatlandi.

O‘zbekistonliklar Sankt-Peterburgda ham is gazidan zaharlanib vafot etishmoqda.

Prezident amaldorlarga kibrga berilmaslik haqida topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni uy-joy qurilishi masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Yig‘ilishda ma'lum qilinishicha, aholini uy-joy bilan ta'minlashda yangi tizim joriy etiladi va endi uylar to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi. Shuningdek, qishloqlarda uy-joylar yo‘l bo‘ylarida bir qator qilib qurilishiga chek qo‘yiladi.

Yig‘ilish davomida prezident amaldorlar xalq va OAV bilan muloqotda kibrga berilmasligi shartligini ta'kidlagan, davlat idoralari rahbarlariga xalq va OAV bilan muloqotda kibrga berilmaslik haqida topshiriq bergan. «Rahbarlar nafaqat o‘zining, balki davlatning ham sha'nini saqlashga mas'ul ekani ta'kidlandi», deyiladi rasmiy axborotda.

AQSh Davlat departamenti Shavkat Mirziyoyevning davlat organlari va ommaviy axborot vositalari hamkorligi to‘g‘risidagi bayonotiga munosabat bildirdi.

«Narxoz»da «forma mustaqilligi»

Yaqinda rahbariyati o‘zgargan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari 25 noyabr kunidan haftasiga besh kun o‘qiydi. Shuningdek, universitetda majburiy forma bekor qilinib, erkin forma joriy etildi. Universitet rahbariyati bu borada tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh ham berdi.

Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy qarshi olindi va internet foydalanuvchilari boshqa oliy ta'lim muassasalarini ham shunday islohotlarga chaqirishmoqda.

Shuningdek, ta'lim dargohlarida o‘qish boshlanishi vaqtini kechiktirish bo‘yicha ham takliflar bildirilgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev telegramdagi kanalida erkin forma atamasiga aniqlik kiritgan.

Ichki ishlar vazirligida kadrlar bo‘yicha katta o‘zgarishlar ro‘y berdi

Foto: Daryo — LIVE

22 noyabr kuni Ichki ishlar vazirining jamoatchilik tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev va IIV Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni general mayor Dmitriy Pan lavozimidan ozod etilgani haqida xabar tarqaldi. 23 noyabr kuni Bosh prokuratura general mayor Dmitriy Panga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va unga nisbatan Toshkent harbiy sudining ajrimiga asosan ehtiyot chorasi sifatida «qamoqqa olish» qo‘llangani haqida xabar berdi.

Shu kuni kechqurun vazirning yana bir o‘rinbosari - moliya va moddiy-texnika ta'minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Ergashev va tizimdagi boshqa rahbarlar ham ishdan olingani ma'lum bo‘ldi.

Quyida so‘nggi kunlardagi asosiy o‘zgarishlar keltiriladi:

✅ General-mayor Azizbek Ikromov ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ilgari u mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari edi.
❌ Bungacha mazkur lavozimda Muhiddin Jo‘rayev faoliyat olib borayotgan edi.

✅ Polkovnik Ayubxon Rahmatullayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — moliya va moddiy-texnika ta'minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Ilgari u Farg‘ona viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari edi.
❌Bungacha mazkur lavozimda Rustam Ergashev faoliyat olib borayotgan edi.

✅ Polkovnik Ulug‘bek Muhamedov IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i (Respublika «OVIR») lavozimiga tayinlandi. Ilgari u Prezident administratsiyasida mutasaddi xodim bo‘lib ishlar edi.
❌Bungacha mazkur lavozimda uzoq yillardan beri Badriddin Shorixsiyev faoliyat olib borayotgan edi.

✅ Polkovnik Olim Saidov IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (Respublika «GAI») boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Ilgari u Yunusobod tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlar edi.
❌ Bungacha mazkur lavozimda uzoq yillardan beri Xolmatjon Saydaliyev faoliyat olib borayotgan edi.

✅ Polkovnik Bekmurod Abdullayev IIV Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Ilgari u Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari edi.
❌ Bungacha mazkur lavozimda Baxtiyor Farmonov faoliyat olib borayotgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top